Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi lavozimida faoliyat ko‘rsatuvchi D.Robinson boshchiligidagi AQSh elchixonasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat chog‘ida afg‘on muammosini hal etish, terrorizm va ekstremizm tahdidlarini bartaraf etish va ikkitomonlama hamkorlikning istiqbollari, shuningdek «Harakatlar strategiyasi» doirasida O‘zbekistonda qo‘lga kiritilgan natijalar bo‘yicha o‘zaro fikr almashildi.
Amerikaning diplomatik korpus vakillari olib borilayotgan ichki islohotlarni, O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ochiq tashqi siyosatini ijobiy baholashdi. Ularning fikricha, rasmiy Toshkent tomonidan ochiq tashqi siyosat olib borilayotgan bir davrda, amerika tomonidan ikkitomonlama munosabatlarga yangicha ruh berilishi dolzarb masala bo‘lib turibdi.
Uchrashuv chog‘ida afg‘on muammosini hal etishda O‘zbekiston ko‘rsatayotgan jonbozliklar AQSh tomonidan yuqori baholanishi qayd etildi. Toshkentning mintaqaviy iqtisodiy va transport loyihalariga Afg‘onistonni kiritish bo‘yicha kiritayotgan tashshabbuslari afg‘on muammosini hal etishda ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Afg‘onistonni tiklash yo‘lidagi keyingi muhim qadam Termiz shahrida afg‘on studentlari uchun ta’lim markazining ochilishi bo‘ldi.
Uchrashuv yakunida, ikkala tomon ham o‘zaro manfaatlarni ko‘zda tutuvchi masalalar bo‘yicha muntazam fikr almashishga tayyor ekanliklarini bildirishdi.