Pekinda O‘zbekiston-Xitoy ekspertlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi

2025-yil 22-mart kuni Pekin shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi O‘zbekiston-Xitoy ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida ishtirok etdi.

SMTI va Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti tomonidan tashkil etilgan tadbirda ekspertlar, ilmiy-akademik doiralari, shuningdek, ikki mamlakat diplomatik vakolatxonalari vakillari ishtirok etdi.

Ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishida asosiy mavzu iqlim o‘zgarishining oqibatlari hamda ekologiya va "yashil" texnologiyalarni joriy etish sohasida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining istiqbollari muhokamasi bo‘ldi.

SMTI direktori o‘z nutqida O‘zbekiston-Xitoy ekspertlar kengashining tashkil etilishi O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarining o‘ziga xosligidan darak berishini ta’kidladi. O‘zbekiston va Xitoy "barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik" darajasiga chiqqan o‘zaro munosabatlarning namunaviy modeli shakllangandi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston-Xitoy ekspertlar kengashini ta’sis etish to‘g‘risidagi memorandum 2024-yil oktyabrda imzolangan edi. Kengashning tashkil etilishi 2024-yil 24-25-yanvarda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi O‘zbekiston-Xitoy sammiti yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarning amaliy ijrosini ta’minlashda muhim mexanizmga aylandi.

Ushbu platforma ikki davlatning yetakchi tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari mutaxassislariga o‘zaro manfaatdor bo‘lgan dolzarb masalalar yuzasidan muntazam ravishda maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, Toshkent va Pekin o‘rtasidagi ko‘p qirrali muloqotni mustahkamlash uchun yangi tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish imkoniyatini yaratadi.

Yig‘ilish davomida Eldor Aripov Markaziy Osiyo oldida turgan ekologik muammolarga e’tibor qaratdi. Uning ta’kidlashicha, mintaqa iqlim o‘zgarishi oqibatlarini: haroratning ko‘tarilishi, issiq kunlar sonining ko‘payishi va suv resurslarining kamayishini jiddiy his qilmoqda. "Iqlim o‘zgarishiga moslashish va uning oqibatlarini yumshatish uchun birgalikda muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlar zarur," - dedi ekspert.

O‘z navbatida, Xitoy delegatsiyasi rahbari Sun Chjuanchji ikki tomonlama munosabatlarning yuqori darajasini ta’kidlab, o‘zbekistonlik hamkorlar bilan faol hamkorlikka tayyorligini tasdiqladi. U Xitoy barqaror rivojlanish sohasida jahon yetakchisi sifatida ushbu yo‘nalishlarda hamkorlikni chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi.

Tadbir yakunida tomonlar 2025-yilga mo‘ljallangan Ekspertlar kengashi ish rejasini imzoladilar. Hujjatda Kengashning muntazam yig‘ilishlarini o‘tkazish, dolzarb masalalar bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar tashkil etish, ilmiy maqolalar chop etish, shuningdek, oliy darajadagi kelgusi tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish ko‘zda tutilgan.