O‘zbekiston delegatsiyasi Shanxayda Xitoyning yetakchi tahlil markazlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

2025-yil 24-mart kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Xitoyga tashrifi doirasida SMTI direktori Eldor Aripov XXRning yetakchi ilmiy-tahliliy markazlari rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi, Shanxay xalqaro tadqiqotlar universiteti hamda Shanxay chet tillar universitetining Shanxay global boshqaruv va mintaqaviy tadqiqotlar akademiyasi vakillari bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Suhbatlar davomida O‘zbekiston-Xitoy munosabatlarini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Ishtirokchilar savdo va investitsiyaviy hamkorlikning rivojlanish sur’ati tobora ortib borayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Xitoy O‘zbekistonning eng yirik savdo va sarmoyaviy sherigi hisoblanadi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, o‘zaro savdo hajmi 12,5 milliard dollarga yetdi, Xitoyning O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi ulushi esa 19 foizni tashkil etdi. So‘nggi 8 yil ichida Xitoy investitsiyalari hajmi bir necha barobar ko‘payib, 18 milliard dollardan oshib ketdi. Bugungi kunda respublikada Xitoy sarmoyasi ishtirokidagi 2600 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

Uchrashuvlar davomida SMTI va Xitoyning ilmiy-akademik hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi aloqalarni yanada chuqurlashtirish masalalari bo‘yicha ham fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining barcha yo‘nalishlarida yangi rivojlanish imkoniyatlarini aniqlash maqsadida muntazam ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini izhor etdilar.