O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Xitoyning yetakchi tadqiqot markazlari ekspertlari, xorijiy diplomatik muassasalar rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, olimlar ishtirok etdi.
Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, Shanxay ijtimoiy fanlar akademiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Yuy Sinxue va boshqalar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi hamkorlik barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotgani, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi o‘zaro savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim o‘rin tutayotganini ta’kidladi.
Bu tashabbus ilk bor 2013 yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si szinpin tomonidan ilgari surilgan edi. Bundan asosiy maqsad qadimiy Ipak yo‘li ruhiyatini qayta tiklash asnosida mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, mamlakatlarning transport infratuzilmasini birlashtirish, madaniy aloqalarni, tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashdir.
O‘zbekiston “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini, transport, savdo, investitsiya, energetika va yuqori texnologiyalar sohalaridagi tashabbuslarni amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlaydi. Hamkorlik doirasida Markaziy Osiyoni Xitoy va Rossiya orqali Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Yevropa mamlakatlari bozorlari bilan bog‘laydigan transport-logistika yo‘nalishlarini ochish bo‘yicha dasturlarni ishlab chiqishda faol ishtirok etmoqda.
2016 yili ochilgan Angren – Pop temir yo‘li mintaqalararo transport yo‘lagining muhim qismi hisoblanadi. O‘zbekiston bu boradagi ishlarni izchil davom ettirmoqda. Jumladan, Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklanib, Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir yo‘l va avtomobil ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Hayraton – Mozori Sharif temir yo‘lini Hirotgacha davom ettirish ko‘zda tutilgan.
Tadbir davomida ishtirokchilar O‘zbekiston – Xitoy hamkorligi doirasida transport-kommunikatsiya, savdo, iqtisodiyot, sayyohlik, ilmiy-ma’rifiy sohalardagi ustuvor vazifalar va istiqbolli masalalar yuzasidan fikr almashdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2017 yil may oyida Pekinda bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumida ilgari surgan mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlikni mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini amalga oshirish ishlari muhokama qilindi.
– O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi strategik sheriklik “Bir makon, bir yo‘l” loyihasini hayotga tatbiq etish uchun qulay sharoit yaratmoqda, – dedi Shanxay xalqaro tadqiqotlar akademiyasining Rossiya va Markaziy Osiyo tadqiqotlar markazi eksperti Chjao Long. – “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi qadimda Sharqni G‘arb bilan madaniy va ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan bog‘lagan Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishini ko‘zda tutadi. Mazkur loyiha iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, savdo va investitsiya sohalarida qulayliklar yaratish, transport va kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, turizm, ta’lim, madaniyat sohalarida hamkorlik salohiyatini oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Konferensiyada O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash, xususan, xalqlarimiz manfaatiga mos keladigan “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida erishilgan kelishuvlarni izchil ro‘yobga chiqarishdagi vazifalar haqida so‘z yuritildi.
– “Bir makon, bir yo‘l” Markaziy Osiyo, Yevropa va Afrika mintaqasida joylashgan 60 dan ortiq mamlakat o‘rtasida yangi transport va savdo yo‘llarini yaratishga qaratilgan, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bo‘lim boshlig‘i B.Sotiboldiev. – Ushbu davlatlar jahon yalpi ichki mahsulotining 55, global energiya zaxiralarining 75 foizini o‘zida jamlagani loyihaning dunyo hamjamiyatini yagona rivojlanish va maqsadlar sari birlashtirishdagi ahamiyatini yanada oshiradi.
“Bir makon, bir yo‘l” loyihasining rivojlangan davlatlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish, iqtisodiy taraqqiyot bosqichida bo‘lgan mamlakatlarga yordam berish tamoyiliga asoslanishi uni xalqaro hamkorlikning yangi modeli sifatida ko‘rish imkonini bermoqda.
- Buyuk ipak yo‘li nafaqat hududlar o‘rtasida savdo aloqalari, balki madaniy qadriyatlar rivojlanishida ham muhim vosita bo‘lgan, – dedi Chu Xay oliy o‘quv yurtining “Bir makon, bir yo‘l” tadqiqot instituti direktori Tomas Chan. – Loyiha doirasida O‘zbekiston bilan ta’lim, turizm sohalarida hamkorlikni mustahkamlashni maqsad qilganmiz. Bugungi konferensiyada bu boradagi takliflarni ishlab chiqish istiqbollarini belgilab olishga erishdik.
Konferensiya savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, transport-logistika, ijtimoiy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish, “Bir makon, bir yo‘l” loyihasi doirasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Anjuman ishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi rektori R.Qosimov so‘zga chiqdi.
Ulug‘bek Shonazarov, O‘zA