Joriy yil 3 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikning holati va istiqbollari, shuningdek, Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining oltinchi Maslahat uchrashuvi yakunlari muhokama qilindi.
SMTI va MOPDMM oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik masalalari, xususan, Oʻzbekistonning 2025-yilda Markaziy Osiyo Davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuviga boʻlajak raisligi doirasida rejalashtirilgan qoʻshma tadbirlarga tayyorgarlik koʻrish masalasida fikr almashildi.
Reabilitatsiya va reintegratsiya qilish masalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi faoliyatiga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu Kengashni tashkil qilish hamda terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risidagi tashabbusining dolzarbligi ta’kidlandi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va MOPDMM o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
BMTning Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi (MOPDMM) 2007-yilda mintaqa davlatlari tashabbusi bilan BMTning Siyosiy va tinchlik oʻrnatish ishlari boʻyicha departamentining maxsus siyosiy missiyasi sifatida tashkil etilgan. MOPDMM o'z faoliyatini 2008 yilda boshlagan va uni Bosh kotibning maxsus vakili boshqaradi. Bu siyosiy vakolatga va mintaqaviy qamrovga ega BMTning profilaktik diplomatiyaga bag'ishlangan birinchi bo'linmalaridan biri hisoblanadi.
Keyingisi
O‘zbekiston tahlil markazlari delegatsiyasi Germaniyaga tashrif buyurdi
Joriy yil 2-4 sentabr kunlari SMTI, MHTI, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markazi, MOXI va Oʻzbekiston-Germaniya ishbilarmonlar hamkorligi byurosi rahbarlari va yetakchi tahlilchilaridan iborat Oʻzbekiston delegatsiyasi Berlinga tashrif buyurdi.
05.09.2024