SMTI direktori Hindistonda bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov “Raisina Dialogue-2023” yillik xalqaro konferensiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Dehliga uyushtirgan tashrifi doirasida Hindistondagi yetakchi tahlil markazlari mutaxassislari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Jumladan, Xalqaro Vivekananda jamg‘armasi, Milliy xavfsizlik va mudofaa tadqiqotlari qo‘shma instituti, Mudofaa tadqiqoti  va tahlil instituti  (IDSA), Hindiston xalqaro ishlar kengashi rahbariyati, shuningdek, “Delhi Policy Group” ekspertlari  bilan muzokara o‘tkazildi.

Muloqot chog‘ida hindistonlik ekspertlarga O‘zbekistonda yuz berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar haqida so‘zlab berildi, konstitutsiyaviy islohotning mazmun-mohiyati, ahamiyati xususida ma’lumot berildi. Mamlakatimizning global va mintaqaviy muammolarga nisbatan qarashi bayon etildi.

Ikki tomonlama munosabatni rivojlantirish istiqboliga alohida e’tibor qaratildi. Keyingi yillarda O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasidagi hamkorlik jadal rivojlanish bosqichiga chiqib, serqirra va uzoq muddatli xususiyat kasb etgani ta’kidlandi.

Hindistonning yetakchi tahliliy markazlari vakillari Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Bu yangiliklar, ya’ni iqtisodiyot liberallashishi, qulay sarmoyaviy muhit vujudga kelishi hind biznesining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish uchun keng imkoniyat ochgani ta’kidlandi.

Savdo va boshqa aloqalar chuqurlashib borayotgani, yuksalish yo‘lida rivojlanayotgani buning dalilidir.  2022 yil 11 oyi davomida o‘zaro tovar ayirboshlash miqdori 44 foiz o‘sib, 627 million dollarga yetdi. 2021 yil ushbu raqam 491 million dollar edi. Tomonlar yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. 2017 yildan buyon qo‘shma korxonalar soni 5 barobar oshib, 372 taga yetdi.

Axborot texnologiyalari, sog‘liqni saqlash, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, turizm kabi sohalarda umumiy qiymati 200 million dollardan ziyod qo‘shma investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, suhbat chog‘ida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining Hindistondagi ilmiy, akademik va tahlil markazlari bilan munosabatini chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oya, takliflar ishlab chiqish maqsadida ekspertlar o‘zaro hamkorligini oshirish muhimligi qayd etildi.

Ma’lumot uchun: “Raisina Dialogue-2023” konferensiyasi jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabat sohasidagi yetakchi tadqiqot markazi “Observer Research Foundation” tomonidan Hindiston hukumati va Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda tashkil etiladi.

2016 yildan buyon o‘tkazib kelinayotgan mazkur tadbir qisqa vaqt ichida siyosiy, diplomatik, ilmiy doiralar, ekspert hamjamiyati vakillari o‘rtasida fikr almashish uchun dunyodagi yetakchi muloqot maydonlaridan biri sifatida namoyon bo‘ldi.

Bu yil forumda Fransiya, Kanada, Shvetsiya, Turkiya, Braziliya, Meksika, Rossiya, Ozarbayjon, Saudiya Arabistoni, Indoneziya, Misr singari 20 dan ziyod davlatdan tashqi ishlar vazirlari va boshqa yuqori lavozimli shaxslar, 100 dan ortiq davlatdan siyosiy boshqaruv va tahliliy doira vakillari ishtirok etmoqda. Anjumanning ochilish marosimida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi nutq so‘zladi.

Manba