Eldor Aripov Italiyadagi yetakchi tahliliy markaz vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Joriy yil 26-oktabrda "Yangi Markaziy Osiyo: global transformatsiyalar davrida xavf-xatarlar va imkoniyatlar" mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya doirasida SMTI direktori Eldor Aripovning parlament saylovlari uchun xalqaro kuzatuvchilar sifatida O‘zbekistonga kelgan Italiyaning Osiyo va Afrika O‘rta yer dengizi instituti prezidenti Maurisio Barnaba hamda bosh kotibi Vinchenso Valenti bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Italiya munosabatlarini rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik strategik, barqaror va o‘zaro manfaatli xususiyat kasb etganini e’tirof etdilar.

O‘zbekiston va Italiyaning tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan, siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda fikr va tajriba almashish maqsadida 2023-yilda tashkil etilgan ikki mamlakat ekspertlarining muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhi faoliyati ijobiy baholandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qiziqtirgan masalalar yuzasidan samarali muloqotni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Transport-logistika, o‘zaro bog‘liqlik, biznes, kichik va o‘rta turdagi korxonalarni rivojlantirish, suv resurslaridan foydalanish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratish rejalashtirilgan.

Osiyo va Afrika O'rta er dengizi instituti 2017-yilda tashkil etilgan Italiyadagi yetakchi tahliliy markazdir. Institutning maqsadi Italiya, Osiyo va Afrika mamlakatlari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, iqtisodiyot va madaniyat, fan va tadqiqot sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdir.

Institut ko‘plab vazirlik va idoralar (TIV, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Turizm vazirligi, parlament va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi. Korxonalarni xalqaro darajaga olib chiqish, madaniy diplomatiya bo‘yicha loyihalarni amalga oshiradi, shuningdek, madaniy va barqaror turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha yo‘l xaritalarini ishlab chiqadi. 2023-yilda SMTI va Osiyo va Afrika O'rta er dengizi instituti o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangan.