Joriy yilning 21-yanvar kuni Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi "Muloqotdan - harakat sari: O‘zbekiston va Malayziya strategik hamkorlik yo‘lida" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.
Tadbir O‘zbekiston Respublikasining Kuala-Lumpur shahridagi Elchixonasi ko‘magida Malayziyaning yetakchi tahliliy markazi Strategik va xalqaro tadqiqotlar instituti (SXTI) bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Davra suhbatida Malayziya Parlamentining "Do‘stlik guruhi", Tashqi ishlar vazirligi, Davlat boshqaruvi milliy instituti, Diplomatiya va xalqaro munosabatlar instituti, Osiyo strategiyasi va yetakchilik instituti, Xadxari Islom instituti va Janubi-Sharqiy Osiyoning terrorizmga qarshi kurash mintaqaviy markazi xodimlari ishtirok etdi.
O‘zbekiston tomonidan SMTI, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Iqtisodiyot va moliya, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar, Qishloq xo‘jaligi vazirliklari ekspertlari ishtirok etdi.
Tadbir kun tartibidan O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi hamkorlikning hozirgi holati va kelajakdagi rivojlanish istiqbollari, shu jumladan, siyosat va xavfsizlik, sanoat kooperatsiyasi, innovatsiyalar va texnologiyalar sohalarida strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, ta’lim, fan va madaniyat sohalarida o‘zaro aloqalarni kengaytirish kabi masalalar joy oldi.
SMTI rahbarining so‘zlariga ko‘ra, savdo-investitsiyaviy hamkorlik jadal rivojlanmoqda. So‘nggi yillarda ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga oshdi, O‘zbekiston hududida Malayziya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni 37 taga yetdi.
Delegatsiya rahbarining ta’kidlashicha, o‘tgan yilning may oyida Malayziya Bosh vaziri Anvar Ibrohimning O‘zbekistonga tashrifi ikki tomonlama hamkorlikka sezilarli sur’at bag‘ishladi. Uning yakunlari bo’yicha yuqori natijalarga erishildi.
Xususan, ko‘p qirrali hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot imzolandi. Shuningdek, yuqori texnologik loyihalarni ilgari surish maqsadida yurtimizda O‘zbekiston-Malayziya sanoat zonasini tashkil etishga kelishib olindi. O’tkazilgan biznes-forumi yakunida qiymati 3 milliard dollardan ziyod 19 ta investitsiya bitim imzolandi.
Eldor Aripov ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasidagi hamkorlik kengayib borayotganiga alohida urg‘u qaratdi. Malayziya hukumatining Texnik hamkorlik dasturi doirasida 850 dan ortiq O‘zbekiston vazirlik va idoralari mutaxassislari Malayziyada malaka oshirayotgani keltirib o’tildi. Bugungi kunda 500 ga yaqin o‘zbekistonlik talaba Malayziyaning nufuzli universitetlarida tahsil olmoqda. Ikki mamlakat ta’lim muassasalari o‘rtasida 25 ta hamkorlik shartnomasi imzolangan.
Mutaxassisning fikricha, bu O‘zbekiston-Malayziya hamkorligining yuqori dinamikasidan darak beradi.
Shu bilan birga, ikki tomonlama munosabatlarning salohiyati hali to‘liq namoyon bo‘lmagan. Shu nuqtayi nazardan kelib chiqib, Eldor Aripov ikki tomonlama hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratdi.
Birinchidan, ekspert sanoat kooperatsiyasi aloqalarini rivojlantirish muhimligini alohida ta’kidladi. Uning aytishicha, Malayziyaning yarim o‘tkazgichlar sanoati O‘zbekiston uchun katta qiziqish uyg‘otmoqda. Ahamiyatlisi bu soha Malayziya yalpi ichki mahsulotining qariyb 25 foizini tashkil etadi.
Bu jihatdan, Malayziyaning yarim o‘tkazgichlar sanoatini rivojlantirishdagi ilg‘or tajribasi, xususan, strategik rejalashtirish, marketing, infratuzilmani takomillashtirish va mutaxassislar tayyorlash sohasidagi yutuqlari O‘zbekiston uchun nihoyatda foydali bo‘lishi mumkinligi gayd etildi.
Ikkinchidan, SMTI rahbarining fikricha, ta’lim sohasi, o‘zaro akademik almashuvlar va kadrlar tayyorlash borasidagi hamkorlikni kengaytirish dolzarb masala hisoblanadi.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, hozirgi kunda O‘zbekistonda turli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining 30 ga yaqin filiali faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimiz Markaziy Osiyoning "ta’lim markazi" sifatida energetika, islomiy banking, ekologiya, sun’iy intellekt, halol sanoat, kreativ iqtisodiyot va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash bo‘yicha Malayziya universitetlari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor.
Uchinchidan, bu diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlashdir. Bugungi kunda Malayziya aholi orasida diniy-ekstremistik g‘oyalarning tarqalishini oldini olish va profilaktika qilish bo‘yicha o‘ziga xos tajriba to‘plagan.
O‘zbekiston ham o‘z navbatida bu yo‘nalishda maqsadli ishlarni olib bormoqda. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2024-yil may oyida BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi shafeligida qaytganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya masalalari bo‘yicha Markaziy Osiyo mintaqaviy ekspertlar Kengashi o‘z ishini boshladi. 2024-yilning noyabr va dekabr oylarida BMTning Jeneva va Nyu-Yorkdagi qarorgohlarida Kengash faoliyati bo‘yicha taqdimotlar tashkil etildi.
"Shunday bo‘lsa-da, terrorizmga qarshi samarali kurashish nafaqat mintaqaviy, balki global darajada ham birlashishni talab etadi. Shu nuqtayi nazardan, fuqarolarni deradikalizatsiya va reabilitatsiya qilish sohasida tajriba va ilg‘or amaliyotlar almashinuvi hamkorligimizning muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lishi mumkin," - dedi SMTI direktori.
To‘rtinchidan, ekspert "Markaziy Osiyo + ASEAN" formatidagi muloqot maydonini yaratish maqsadga muvofiq deb hisoblaydi. Eldor Aripov mintaqalararo hamkorlik savdo-investitsiya hamkorligi, sanoat kooperatsiyasi, transport va logistika sohasidagi masalalarni yanada samaraliroq hal etish imkonini berishiga, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro rivojlanishning dolzarb masalalari bo‘yicha pozitsiyalarni mustahkamlashga ishonch bildirdi.
Beshinchidan, SMTI vakilining ta’kidlashicha, bugungi kunda ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlashda ekspertlar muloqoti tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, Malayziya va O‘zbekistonning tahliliy va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan ekspertlar maydonini tashkil etish masalasini ko‘rib chiqish taklifi berildi.
"Ushbu qadam o‘zaro manfaatli eng dolzarb masalalar bo‘yicha muntazam ravishda qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish, konferensiyalar va davra suhbatlari uyushtirish, shuningdek, oliy va yuqori darajadagi uchrashuvlar uchun ekspert-tahliliy ma’lumotlar bilan ta’minlash imkonini beradi," - deya yakun yasadi Eldor Aripov.
Davra suhbati yakunida SMTI va SXTI o‘rtasida 2025-yilga mo‘ljallangan hamkorlik rejasi imzolandi. Ushbu reja ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida sheriklik va muntazam ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.
Ma’lumot uchun: SXTI 1983-yil aprel oyida mustaqil notijorat tadqiqot tashkiloti sifatida ta’sis etilgan. U tashqi siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot, davlat boshqaruvi, ijtimoiy siyosat, texnologiyalar, innovatsiyalar va atrof-muhit sohalarida tadqiqotlar olib boradi. Mamlakatning konseptual hujjatlarini tayyorlashda muntazam ravishda ishtirok etadi. Institut mutaxassislari "Vision 2020" strategiyasi, "Bosh iqtisodiy reja" tashabbusi, "Malayziya Madani" konsepsiyasini ishlab chiqishda ishtirok etdi. 2018-yilda SMTI va SXTI o‘rtasida Memorandum imzolangan.
Keyingisi
Eldor Aripov Kuala-Lumpurda parlament va Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi
Joriy yilning 21-23-yanvar kunlari Kuala-Lumpur shahrida "Muloqotdan - harakat sari: O‘zbekiston va Malayziya strategik hamkorlik yo‘lida" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan SMTI direktori Eldor Aripov Malayziya parlamenti va Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
24.01.2025