Joriy yilning 21-23-yanvar kunlari Kuala-Lumpur shahrida "Muloqotdan - harakat sari: O‘zbekiston va Malayziya strategik hamkorlik yo‘lida" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etish maqsadida tashrif buyurgan SMTI direktori Eldor Aripov Malayziya parlamenti va Tashqi ishlar vazirligi vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.
Malayziya parlamenti Vakillar palatasining Xalqaro munosabatlar va xalqaro savdo qo‘mitasi raisi Tuan Vong Chen bilan o‘tkazilgan suhbat davomida O‘zbekiston-Malayziya munosabatlarini, ayniqsa parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va Malayziya qonun chiqaruvchi organlari o‘rtasidagi aloqalar barqaror sur’at bilan rivojlanib borayotgani ta’kidlandi. Ikki mamlakat parlamentlarida "Do‘stlik guruhi" faoliyat ko‘rsatayotgani hamda oliy darajadagi o‘zaro tashriflar muntazam amalga oshirilayotgani alohida qayd etildi.
Xususan, 2024-yil iyun oyida Malayziya parlamenti Senati raisi o‘rinbosari Nur Jazlan Muhammad O‘zbekistonga, o’z navbatida shu yilning iyul oyida O‘zbekiston parlamenti Qonunchilik palatasi spikeri Nuriddin Ismoilov Malayziyaga tashrif buyurdi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada kengaytirish, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha tegishli qo‘mitalarning qo‘shma majlislarini o‘tkazish amaliyotini joriy etish zarurligi ta’kidlandi.
Malayziya Tashqi ishlar vazirligining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Dato Ahmad A’zam bilan muzokaralar chog‘ida Afg‘onistondagi mavjud vaziyat va mintaqaviy xavfsizlik masalalari muhokama qilindi.
Malayziya tomoniga O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqaror taraqqiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yondashuvlari haqida ma’lumot berildi. Eldor Aripov ta’kidlaganidek, Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishi va uning mintaqalararo savdo aloqalariga qo‘shilishi Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashning muhim omili hisoblanadi.
O‘z navbatida, Dato Ahmad A’zam O‘zbekistonning Afg‘oniston masalasidagi sa’y-harakatlari va tashabbuslarini yuqori baholab, Toshkent va Kuala-Lumpur yondashuvlari ko‘p jihatdan mos kelishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida Afg‘oniston fuqarolari uchun qo‘shma ta’lim dasturlarini amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani ta’kidlandi.
Shuningdek, Malayziya Tashqi ishlar vazirligi qoshidagi Terrorizmga qarshi kurash bo‘yicha Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqaviy markazi bosh direktori Dato Ganesh Shivagurunatan bilan ham uchrashuv o‘tkazildi.
Suhbat davomida xalqaro terrorizmga qarshi kurashning dolzarb masalalari bo‘yicha fikr almashildi. Jumladan, Internet tarmog‘ida zo‘ravon ekstremizm targ‘ibotiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish, yosh avlod uchun maqsadli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish, hamda reintegratsiya va reabilitatsiya chora-tadbirlarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar sa’y-harakatlarni birlashtirishgina zamonaviy tahdid va xatarlarga samarali qarshi turish imkonini berishini ta’kidladilar.
Oldingisi
Eldor Аripov Malayziya bilan hamkorlikning istiqbolli yoʼnalishlariga alohida urg’u qaratdi
Joriy yilning 21-yanvar kuni Kuala-Lumpur shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi "Muloqotdan - harakat sari: O‘zbekiston va Malayziya strategik hamkorlik yo‘lida" mavzusidagi davra suhbatida ishtirok etdi.
24.01.2025