SMTIda Germaniya Federativ Respublikasining Oʻzbekistondagi elchisi Gyunter Overfeld bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Germaniya oʻrtasidagi aloqalarning bugungi holati va rivojlanish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.
Germaniya diplomatik missiyasining rahbari oxirgi ikki yil davomida Toshkent va Berlin aloqalari sezilarli darajada faollashganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro savdo hajmi 2018 yil yakuni boʻyicha 2017 yilga nisbatan 24,5 foizga oʻsib, 700 million yevroni tashkil etgani alohida taʼkidlandi. Yaqin vaqt ichida ushbu koʻrsatgich 1 milliard yevroni tashkil etishiga Berlinning ishonchi komil.
G.Overfeldning soʻzlariga koʻra, bugungi kunda ikki davlat oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni yanada chuqurlashtirish va kengaytirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan.
Germaniya Federativ Respublikasining hukumat va ishbilarmon doiralari Oʻzbekistondagi bugun amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni katta qiziqish bilan kuzatib bormoqda.
Shu bilan birga joriy yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Germaniyaga amalga oshirgan rasmiy tashrifi Oʻzbekiston-Germaniya hamkorligining asosiy yoʻnalishlarini yangi bosqichga koʻtarishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Diplomatning aytishicha, Berlinda Germaniya Federativ Respublikasi Prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerning Oʻzbekistonga amalga oshiradigan tashrifiga muhim ahamiyat qaratgan.
Muzokaralarga Berlinda boshlangan yuqori darajadagi konstruktiv va oʻzaro ishonchga asoslangan muloqotning davomi sifatida qaralmoqda va bu ikki davlat aloqalarining yanada chuqurlashishiga xizmat qiladi.