SMTI Saudiya Arabistonining yetakchi tahlil markazi bilan memorandum imzoladi

Joriy yil 26-oktabrda SMTIda Institut direktori Eldor Aripovning mamlakat parlamenti saylovlarida ishtirok etish uchun xalqaro kuzatuvchi sifatida O‘zbekiston Respublikasiga kelgan Saudiya Arabistoni Podshohligi (SAP) Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi rahbari Majid Al-Turkiy bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston va SAP o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va mustahkamlash, shuningdek, ikki mamlakatning yetakchi tahlil markazlari o‘rtasida sheriklikni yo‘lga qo‘yish masalalari muhokama qilindi.

Suhbat avvalida saudiyalik ekspert O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni mamnuniyat bilan qayd etdi. "Respublika aholisi farovonligining oshishi, mamlakatning xalqaro maydondagi mavqeining mustahkamlanishi va jahon hamjamiyatining O‘zbekistonga bo‘lgan ulkan e’tibori bu o‘zgarishlarning natijasidir," - dedi u.

Saudiyalik mehmonning so‘zlariga ko‘ra, Saudiya Arabistonida ham mamlakatimizga qiziqish ortib bormoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston-Saudiya munosabatlarini mustahkamlash masalasi bugungi kunda Qirollik oliy rahbariyati diqqat markazida bo‘lib turibdi. "Shu bilan birga, ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi amaliy sa’y-harakatlari tufayli so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik o‘zining tarixiy rivojlanishida sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi," - dedi Saudiya Arabistoni tahlil markazi direktori.

Shu bilan birga, Qirollik vakilining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarning ijobiy dinamikasiga qaramay, o‘zaro hamkorlikning hali amalga oshirilmagan ulkan salohiyati saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan Saudiya Arabistoni tahlil markazi direktori ikki davlat tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirishga chaqirdi. Majid Al-Turkiy, "aql markazlari" hamkorlikning yangi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlarini belgilashga imkon beradigan amaliy ahamiyatga ega tashabbuslarni ishlab chiqishi mumkinligiga qat’iy ishonishini takidladi.

Uchrashuv yakunida SMTI va SAPning Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjatda qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha forumlar, seminarlar va davra suhbatlarini tashkil etish orqali ikki mamlakat tahliliy markazlari o‘rtasida hamkorlik va muntazam ishchi aloqalarni yo‘lga qo‘yish nazarda tutilgan.

Axborot va arab-rus tadqiqotlari markazi Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari, birinchi navbatda Saudiya Arabistoni, Markaziy Osiyo davlatlari va Rossiya o‘rtasidagi xalqaro munosabatlarning holati va rivojlanishini o‘rganish bilan shug‘ullanuvchi notijorat tashkilotdir. Markaz davlat organlari buyurtmalariga binoan axborot-tahlil ishlarini olib boradi.