Joriy yilning 16 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) “Koreya-Markaziy Osiyo” hamkorlik ekspert forumining delegatsiyasi bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Markaziy Osiyodagi bugungi vaziyat, iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari, Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi madaniy-gumanitar muloqotni kengaytirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muzokaralar chog‘ida Koreya tomoniga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar, olib borilayotgan ochiq tashqi siyosat, jumladan, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy kun tartibi to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Ayni paytda Markaziy Osiyo va Koreya Respublikasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik dinamikasi o‘sib bormoqda.
Tovar ayirboshlash va investitsiya ko‘rsatkichlari sezilarli darajada oshgani buning dalilidir. Shunday qilib, diplomatik munosabatlar o‘rnatilgandan so’ng Markaziy Osiyo davlatlari bilan Janubiy Koreya o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash ko’rsatkichi 600 barobar o’sdi: 1992-yilda15 million dollar bo’lgan bo’lsa 2023-yilda 10 milliard dollardan oshdi va Koreya investitsiyalarining umumiy hajmi mintaqada 15 milliard dollarga yetdi.
Koreya tomoni hozirda Seul Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o'rnatganiga, O'zbekiston bilan esa samarali xarakterga ega maxsus strategik sheriklik munosabatlariga e'tibor qaratdi.
O‘zbekistonda barqaror rivojlanish va ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar nafaqat ichki, balki mintaqaviy taraqqiyotga ham xizmat qilishiga ishonch bildirildi.
Shu nuqtai nazardan, mehmonlar Seulning iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, energetika va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, yuqori texnologiyalarni rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashish, uni keng joriy etish shuningdek, qayta tiklanadigan energiya manbalari sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishda Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdorligini ta’kidladilar.
Umuman olganda, tadbir 2023-yil dekabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo-Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik muloqot: o‘zaro manfaatli hamkorlik istiqbollari” ekspert forumining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Uchrashuvda Koreya tomonidan “Koreya-Markaziy Osiyo” hamkorlik boʻyicha ekspertlar forumi Bosh kotibi, Xankuk xorijiy tadqiqotlar universiteti qoshidagi Yevroosiyo tadqiqotlari markazi direktori Jeh Sung Hoon, ushbu universitetning Markaziy Osiyo tadqiqotlari kafedrasi mudiri Lee Ji-eon, shuningdek, Koreya institutlari - Koreya xalqaro iqtisodiy siyosati instituti va Koreya milliy birlashish instituti ekspertlari Park Joung-ho, Hyun Seung-soo va boshqalar ishtirok etishdi.