O’zbekiston Republikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Koreya Respublikasining Toshkentdagi elchixonasi Maslahatchisi Kim Dje U bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Tomonlar o'zbek-koreys munosabatlari va O'zbekiston Respublikasi bilan Koreya Respublikasi o'rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlash istiqbollari yuzasidan fikr almashishdi.
Suhbat chog'ida Markaziy Osiyo va Koreya yarim orolidagi hozirgi ijobiy tendensiyalar ham muhokama qilindi.
So’ngi yillarda ikki mamlakatning yetakchi tahliliy markazlari o'rtasidagi hamkorlik aloqalari faollashgani qayd etildi. Xususan, 2018 yil oktyabr oyida SMTI xodimlari Seulga tashrif buyurib, Janubiy Koreyaning tadqiqot va ekspert-tahliliy doiralari vakillari bilan ikki tomonlama davra suhbatlari va uchrashuvlar o'tkazdilar.
Shu bilan bir qatorda 2018 yil noyabr oyida SMTIning Koreya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi xuzuridagi Xalqaro aloqalar va milliy xavfsizlik instituti bilan o’tkazilgan strategik muloqoti, shuningdek Xanyan universitetining Osiyo-Tinch okeani tadqiqotlar markazi bilan birgalikda tashkillashtirilgan “Oʻzbekiston – Koreya: kelajakka nazar” mavzusidagi davra seminari natijalari yuqori baholandi.
Suhbat yakunida ikki mamlakatning tahliliy institutlari o'rtasida joriy yil davomida yangi qo'shma tadbirlar o'tkazish to'g'risida kelishuvga erishildi.