9-sentyabr kuni “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagi va Markaziy Osiyo: oʻzaro aloqalarning rivojlanayotgan imkoniyatlari” mavzuida xalqaro videokonferensiya boʻlib oʻtdi. Unda Xitoy, Pokiston, Afgʻoniston, Eron, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekistondagi tahliliy va tadqiqot markazlar rahbarlari va ekspertlari ishtirok etishdi.
Onlayn-muloqotda Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasida yuzaga kelgan vaziyat, Xitoyning “Bir kamar, bir yoʻl”, “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagi” va mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi oʻzaro aloqani mustahkamlashga qaratilgan boshqa loyihalari xususida fikr almashildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalaro tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi Saʼdullo Rasulov Toshkentning Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqalari oʻrtasida barqaror strategik kommunikatsiyalar tarmogʻini shaklantirishga qaratilgan energetika va transport-logististika loyihalarini amalga oshirishdan manfaatdorligini qayd etdi.
Shu munosabat bilan S.Rasulov Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda oʻzaro aloqani kuchaytirishga qaratilgan qator tashabbuslarni ilgari surganini eslatib oʻtdi. “Oʻzbekiston-Qirgʻiziston-Xitoy” temir yoʻl qurilishi loyihasi shular jumlasidandir. Ushbu loyiha mintaqaning transport salohiyatini roʻyobga chiqarish va “Xitoy-Markaziy Osiyo-Gʻarbiy Osiyo”iqtisodiy yoʻlagini shakllantirishga qaratilgan.
Ushbu yoʻlning ahamiyati shundaki, u Xitoyda Yevropa va Yaqin Sharq mamlakatlariga boradigan eng qisqa yoʻldir. Uning mavjud yoʻnalishlardan farqi, bu yoʻlda masofa 900 km ga, yuklarni tashish vaqti esa, 7-8 kunga qisqaradi.
Shuningdek, Oʻzbekiston Markaziy Osiyoni Afgʻoniston orqali Yaqin Sharq orqali eng qisqa yoʻl orqali bogʻlaydigan, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq davlatlarining MDH va Yevropa bozorlariga chiqish imkonini beradigan qator loyihalarni ham taklif etmoqda.
Ularning birinchisi, Pokistonning Gvadar va Karachi portlariga chiqish imkonini beradigan “Mozori-Sharif – Qobul – Peshevor” temir yoʻl qurilishi. Ikkinchisi, Eronning Chobaxor portiga chiqish imkonini beradiga “Mozori-Sharif – Hirot - Qandahor” temir yoʻlining yotqizilishi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalaro tadqiqotlar instituti eksperti Oʻzbekiston faqat transport yoʻlaklarini yotqizish bilan cheklanmasdan, TAPI, CASA-1000 va LEP-500 Surxon – Puli-Xumri singari energetika loyihalarining amalga oshirilishini ham qoʻllab-quvvatlashini qayd etdi.
Uning fikricha, transport kommunikatsiyalari va yagona energetika infratuzilmasi yangi ish oʻrinlarini yaratadi, savdo va taraqqiyotni ragʻbatlantiradi, shu orqali Afgʻonistondagi inqirozni siyosiy tartibga solish jarayoniga zarur ijtimoiy-iqtisodiy bazani yaratadi.
Bundan tashqari, mintaqani iqtisodiy rivojlantirish dasturlari mintaqa mamlakatlarining Afgʻonistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlikka erishish zarurligin toʻgʻrisidagi konsensusni shakllantirishda ham muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Onlayn-munozaraning boshqa ishtirokchilari ham bu fikrni maʼqulladilar. Islom hamkorlik tashkilotining Afgʻonistondagi doimiy vakili Xussayn Botsanining qayd etishicha, bugungi kunda Afgʻoniston inqirozi Markaziy va Janubiy Osiyoda oʻzaro aloqaning mustahkamlanishiga toʻsqinlik qilayotgan asosiy toʻsiqlardan biridir. Ayni damda, u Oʻzbekistonning Afgʻonistonni transport va energetika loyihalarini amalga oshirish orqali Markaziy Osiyodagi savdo-iqtisodiy aloqalarga jalb qilishga qaratilgan saʼy-harakatlariga yuksak baho berdi.
Uning maʼlumotlariga koʻra, Afgʻoniston hukumati XXR va PIR bilan “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagi” loyihasi doirasidagi muzokaralarni faollashtirdi. Shuningdek, Qobul ham “Bir kamar, bir yoʻl”loyihasi doirasida va ikki tomonlamala formatlarda Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishdan manfaatdorligini bildirdi.
X.Botsanining fikricha, Afgʻonistonni Markaziy va Janubiy Osiyodagi mintaqaviy jarayonlarga yana-da faol jalb qilish bu mamlakatda uzoq muddatli barqarorlikning saqlanishiga xizmat qiladi.
Oʻz navbatida, XXR ning Fudan universiteti Janubiy Osiyo tadqiqotlar markazi direktori Lin Minving Xitoy oʻz taraqqiyot yoʻlida katta yutuqlarga erishgani va qoʻshni mamlakatlarga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini bildirdi. “Bir kamar, bir yoʻl” loyihasining muhim maqsadlaridan biri – mintaqada XXR atrofida oʻzaro aloqani mustahkamlashdir. Xitoy ekspertining fikricha, bu nafaqat Xitoy, balki shuningdek, barcha eng yaqin mamlakatlarning ham xavfsizligi va barqaror taraqqiyotini taʼminlash imkonini beradi.
Laxor tadqiqotlar markazi raisi Shamshad Axmed Xonning fikricha, “Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagi” loyihasi hamkorlikdagi rivojlanish va iqtisodiy farovonlik uchun ajoyib imkoniyatlarni taqdim etadi. Uning maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunga qadar XXR va PIR ushbu yoʻlak qurilishi doirasida 30 dan ziyod loyihalarni amalga oshirishdi. Ayni paytda 2 ta sanoat parkini qurish va boshqa yirik infratuzilma loyihalarini tugatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Xitoy-Pokiston iqtisodiy yoʻlagi” loyihasi dunyo miqyosida Xitoy bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Bir kamar, bir yoʻl” loyihasi doirasida 60 ta yirik loyihalardan biridir. Islomobod va Pekin bu yoʻlakni Janubiy va Markaziy Osiyoda oʻzaro aloqani mustahkamlashga qaratilgan muhim loyiha deb qarashmoqda.
Qirgʻizistonning Pokistondagi elchisi Erik Beyshembiyev Markaziy Osiyodan Irkeshtom va Torugart chegara punktlari orqali Xitoyga va undan Pokistonga eng qisqa avtomobil yoʻli mavjudiligini qayd etdi. Uning maʼlum qilishicha, Bishkek Pokiston-Xitoy-Qirgʻiziston-Qozogʻiston oʻrtasida tranzit transporti boʻyicha toʻrt tomonlama kelishuvda samarali ishtirok etmoqda.
Biroq, diplomatning fikricha, rejalashtirilayotgan “Xitoy-Qirgʻiziston-Oʻzbekiston” temiryoʻl loyihasi Pokiston va Xitoy transport yoʻllarining Qirgʻiziston orqali Markaziy Osiyo yoʻllari bilan tutashuvi uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
Ayni damda Eron Islom Respublikasining Yaqin Sharq va strategik tadqiqotlar instituti direktori Kayxan Barzigar Tehronning “Bir kamar, bir yoʻl” tashabbusi doirasidagi loyihalari doirasida Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdorligini maʼlum qildi.
Ekspertning fikricha, Xitoy bu hamkorlikka Tehronni yana-da faol jalb qilishi va transmintaqaviy yoʻlaklarni shakllantirishda Eronning geografik joylashuvidan foydalanmogʻi kerak.
Umuman, videokonferensiya Markaziy va Janubiy Osiyoda oʻzaro aloqa masalalarini tadqiq etishga qaratilga tadbirlar turkumining davomi boʻldi. Vebinar Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari hamda Xitoyning oʻzaro aloqani yana-da chuqurlashtirishdan manfaatdor ekanliklarini namoyish etdi.