O‘zbekiston va AQShning yetakchi "aql markazlari" vakillari ikki tomonlama sheriklikni mustahkamlash masalalarini muhokama qildilar

Joriy yilning 12-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov AQShga tashrifi doirasida Vashingtondagi yetakchi tahlil markazlari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) prezidenti va bosh direktori Jon Xamre, "Heritage" jamg‘armasi Xalqaro tadqiqotlar instituti vitse-prezidenti Jeyms Karafano, "Atlantika kengashi" Yevrosiyo tadqiqotlar markazi direktori Jon Xerbst hamda Kaspiy siyosati markazi rahbari Efgan Nifti bilan muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, O‘zbekistonning AQShdagi elchixonasida O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi ikki tomonlama sheriklik hamda Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik va xavfsizlik masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-AQSH munosabatlarini rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar so‘nggi yillarda mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aniq amaliy mazmun bilan tobora boyib borayotganini e’tirof etdilar. Yillik maslahatlashuvlarning Strategik sheriklik muloqotiga aylantirilishi bunga yaqqol misol bo'ladi.

AQShning yetakchi "aql markazlari" vakillari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni yuqori baholadi. Mamlakatimizda demokratik institutlarni mustahkamlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan izchil siyosat Amerika biznesining O‘zbekiston bozoridagi ishtirokini kengaytirish uchun katta imkoniyatlar ochishi ta’kidlandi.

Savdo va investitsiyaviy sheriklik dinamikasining oshishi bunga dalil bo’la oladi. 2016-yildan buyon o‘zaro savdo 1,4 barobar, AQShning O‘zbekiston iqtisodiyotiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari hajmi esa yetti yil ichida 14,5 barobar oshdi.

Shuningdek AQShning tashqi siyosatining ustuvor yo'nalishlariga, xususan Markaziy Osiyodagi siyosatiga alohida e’tibor qaratildi. Ekspertlar mintaqaviy savdoni mustahkamlash, transport va energetika aloqalarini rivojlantirish, ekologik muammolarga qarshi kurashish hamda ekstremizmga qarshi choralar ko‘rish bo‘yicha harakatlarni muvofiqlashtirish uchun muhim platformaga aylangan "S5+1" formatidagi samarali hamkorlikni mamnuniyat bilan ta’kidladilar.

Suhbatlar davomida SMTI va AQShning ilmiy-akademik hamda tahliliy markazlari o‘rtasidagi munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha ham fikr almashildi. Tomonlar O‘zbekiston-AQSh sheriklik aloqalarining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha yangi o‘sish nuqtalari va drayverlarni aniqlashga qaratilgan muntazam ekspertlar muloqotini yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

 SMTI va Kaspiy siyosati markazi o‘rtasidagi o‘zaro anglashuv Memorandumning imzolanishi muzokaralarning muhim yakuni bo‘ldi. Ushbu hujjat ikki mamlakatning ilmiy-tahliliy hamkorligini mustahkamlash va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun yangi istiqbollarni ochishga xizmat qiladi.