Turkiyaga safar chog‘ida ushbu mamlakatning qator yetakchi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Dastlab SMTI rahbari Turkiya Siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi (SETA) Bosh koordinatori Burxoniddin Duran bilan muzokara olib bordi.
2006 yil Anqarada tashkil etilgan SETA Turkiyadagi yetakchi notijorat tadqiqot va tahliliy muassasasi bo‘lib, Istanbul, Vashington, Bryussel va Berlinda ham ofislariga ega.
Tuzilma asoschisi Ibrohim Kalin Prezident Rejep Tayyip Erdog‘anning bosh maslahatchisi va matbuot kotibi, B.Duran esa Xavfsizlik va tashqi siyosat kengashi a’zosi hisoblanadi.
Eldor Aripov «Marmara Group» Strategik va ijtimoiy tadqiqotlar jamg‘armasi bosh direktori Akkan Suver bilan ham uchrashdi. SMTI ushbu tuzilma bilan 2018 yilda imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi asosida munosabat o‘rnatgan.
Suhbat davomida mamlakat janubi-sharqida sodir bo‘lgan kuchli zilzila qurbonlari va keng ko‘lamli vayronagarchilik tufayli turk hamkasblarga hamdardlik, qo‘llab-quvvatlov so‘zlari bildirildi.
Turkiya tomoni og‘ir kunda tezda amaliy yordam ko‘rsatgani uchun O‘zbekistondan minnatdor ekanini izhor etdi. O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Turkiyaga qutqaruvchilar va harbiy shifokorlar guruhi hamda insonparvarlik yordami jo‘natildi. Natijada o‘nlab insonlar hayotini saqlab qolish, 4 mingdan ziyod fuqaroga tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yaratildi.
Uchrashuvlar chog‘ida hamkorlarimiz O‘zbekistondagi konstitutsiyaviy islohot jarayoniga jiddiy qiziqish bildirdi. Asosiy qonunga kiritilgan o‘zgarishlar inson huquqi va erkinligini, davlatning fuqarolar oldidagi ijtimoiy majburiyatini mustahkamlash bilan birga, parlament va siyosiy partiyalar vakolatini kengaytirayotgani alohida ta’kidlandi. Mezbonlar ikki davlat ekspertlari ishtirokida konstitutsiyaviy yangiliklarni batafsil muhokama qilishdan manfaatdor ekanini bildirishdi.
Bundan tashqari O‘zbekiston vaTurkiya o‘rtasidagi aloqani yanada rivojlantirish istiqboli tahliliga alohida e’tibor qaratildi. Davlatlarimiz rahbarlari o‘rtasida yaqin, ishonchli muloqot yo‘lga qo‘yilgani mavjud munosabatni keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga olib chiqishda asosiy omil bo‘lgani e’tirof etildi.
Ishtirokchilar savdo-iqtisodiy hamkorlik sur’ati jadal o‘sayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. bugungi kunga kelib Turkiya O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasi, Xitoy va Qozog‘istondan keyinni 4-yirik savdo-iqtisodiy hamkoriga aylangan. Tovar ayirboshlash miqdori 2022 yil 3.2 milliard dollarni tashkil etdi va 2017 yildagi 1.5 milliard dollarga nisbatan ikki barobardan ko‘proq oshdi. Yaqin yillarda mahsulot va xizmat ayirboshlashni 5 milliard dollarga yetkazish rejasi belgilandi. Hozirgi kunda yurtimizda turk kapitali ishtirokida 2204 korxona faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvlar davomida ekspertlar muloqotini yanada rivojlantirish, tahliliy institutlar o‘rtasidagi aloqani kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
SMTI va SETA o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirish, tomonlarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha forum, seminar va davra suhbatlari tashkil etish orqali hamkorlik, muntazam ishchi aloqa o‘rnatishni nazarda tutadi.