
2025-yil 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori Eldor Aripov va Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruq o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Pokiston hamkorligi izchil rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharifning 2025-yil fevral oyida O‘zbekistonga rasmiy tashrifi munosabatlarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Tashrif yakunida erishilgan kelishuvlar ikki tomonlama hamkorlikning yangi bosqichiga zamin yaratdi.
Muloqotning asosiy mavzularidan biri Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi transport va iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar doirasida birgalikda ishlash istiqbollarini muhokama qilish bo‘ldi. Ushbu tashabbuslar integratsiyani yanada kuchaytirish va mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
Suhbatdoshlar Toshkentda bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvi yakunlariga alohida e’tibor qaratdilar. Pokiston elchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarini yuqori baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, sammitda qabul qilingan qarorlar Markaziy Osiyoning boshqa davlatlar bilan o‘zaro hamkorligini kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Shu o‘rinda Ozarbayjonning Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi formatiga qo‘shilishi qayd etildi, bu Markaziy Osiyoning Kavkaz bilan bog‘liqligini kuchaytiradi va "Markaziy Osiyo - Janubiy Osiyo - Kavkaz" yo‘nalishi bo‘yicha bozorlar integratsiyasi uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.
Bundan tashqari, tomonlar SMTI va Pokistonning yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish istiqbollariga e’tibor qaratdilar. O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha yangi g‘oyalar va amaliy takliflar ishlab chiqish uchun ekspertlar almashinuvini kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.

Keyingisi
2025-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori Eldor Aripovning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) professori Briann Todd bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
04.12.2025