
2025-yil 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori Eldor Aripovning Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo strategik tadqiqotlar markazi (NESA) professori Briann Todd bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida tomonlar yaqinda bo‘lib o‘tgan "C5+1" sammiti yakunlarini muhokama qilib, uning Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlashdagi ahamiyatini qayd etdilar. Professor Todd O‘zbekistonning ko‘p tomonlama muloqotdagi ishtirokini yuqori baholab, mintaqada ishonchli va konstruktiv hamkorlik uchun mustahkam asos yaratayotgan Toshkent tashabbuslariga xalqaro hamjamiyat tomonidan ijobiy munosabat bildirilayotganini ta’kidladi.

Kelgusidagi hamkorlik istiqbollari haqida so‘z yuritar ekan, NESA eksperti O‘zbekistonning mintaqaviy hamkorlikning asosiy markazlaridan biri sifatidagi roli ortib borayotganini ta’kidladi. "Respublikada amalga oshirilayotgan yangi tashabbus va loyihalar oliy darajadagi tashriflarni o‘tkazish va hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha omil bo‘lishi mumkin," - dedi u.
Muloqot chog‘ida suv xavfsizligi, iqlim o‘zgarishi, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlik sohalaridagi hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Suhbatdoshlar AQShning tadqiqot institutlari va texnologik kompaniyalarini jalb etish O‘zbekistonda mazkur sohalarda amalga oshirilayotgan dasturlarni sezilarli darajada kengaytirishga qodir, degan yakdil fikrga keldilar.
SMTI, Atlantika kengashi va AQSH tahliliy markazlari o‘rtasidagi ilmiy-ekspert hamkorlikni kengaytirish masalalari alohida muhokama qilindi. Shu munosabat bilan ekspertlar O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda amalga oshirilayotgan islohotlar va transformatsiya jarayonlari to‘g‘risida xalqaro xabardorlikni kuchaytirish muhimligini ta’kidladilar.
Mintaqaviy xavfsizlik nuqtai nazaridan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. Eldor Aripov O‘zbekiston Afg‘oniston hukumati bilan ushbu mamlakatda uzoq muddatli barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan ochiq va pragmatik muloqot siyosatini ilgari surishga sodiqligini ta’kidladi. O‘z navbatida, B.Todd Toshkentning Afg‘onistonga nisbatan izchil va muvozanatli siyosati strategik muhim makromintaqada xavfsizlik va barqaror rivojlanishni mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar uzoq muddatli sheriklikni mustahkamlash va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini tasdiqladilar. Keyingi hamkorlikning aniq yo‘nalishlari - ekspert tashriflarini amalga oshirish, tahliliy materiallar almashish va xalqaro formatlardagi ishtirokni kengaytirish belgilab olindi.

Oldingisi
2025-yil 3-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Institut direktori Eldor Aripov va Pokiston Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ahmad Faruq o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
03.12.2025Keyingisi
2025-yil 7-dekabrda har yili o‘tkaziladigan Doha forumida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotiga bag‘ishlangan alohida sessiya bo‘lib o‘tadi. Ushbu sessiya "Mintaqaviy bog’li qlik orqali Afg‘onistonni qayta tiklash: Termiz muloqoti" shiori ostida o’tkaziladi.
04.12.2025