Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning «Kitob mahsulotlarini nashr etish va tarqatish tizimini rivojlantirish, kitob mutolaasi va kitobxonlik madaniyatini oshirish hamda targ‘ib qilish bo’yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida uyushtirilayotgan tadbirlar, shaxsiy tashabbuslar davom etmoqda.
Ushbu xayrli tashabbusni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 13-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti jamoasi ham Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi kutubxonasiga katta va kichik yoshdagi bolalarga mo‘ljallangan ko‘plab kitoblarni sovg‘a qildi.
Ushbu maskanda tarbiyalanayotgan bolajonlarga sovg‘a qilingan kitoblar asosan, o‘g‘il-qizlar ma’naviyatini yuksaltiruvchi adabiyotlardan, ya’ni qiziqarli ertaklar, ma’rifiy asarlar, romanlar, shuningdek, o‘zbek va jahon klassik adabiyoti namunalaridan iborat.
Ushbu kitoblar bolajonlarning yanada chuqur bilim olishi, dunyoqarashining kengayishi, ma’naviyatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish lozimki, Chirchiq shahridagi 14-sonli Mehribonlik uyi 1946-yilda tashkil etilgan. Hozirda Mehribonlik uyida 123 nafar 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tarbiyalanmoqda.
Tadbir davomida Institut jamoasi Mehribonlik uyida tarbiya olayotgan bolajonlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan ham tanishdi, shuningdek, tarbiyalanuvchilar bilan uchrashuv o‘tkazib, ularning sevimli badiiy asarlari, hamda kelajakdagi orzu-umidlari va rejalari haqida fikr almashishdi.