Poytaxtimizda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” rezolyusiyasi qabul qilingani munosabati bilan davra suhbati tashkil etildi.
Unda senatorlar, deputatlar, mutasaddi idoralar, diplomatik korpus vakillari, ekspertlar ishtirok etdi.
Institut direktori V.Norov, Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi A.Kurmanov, BMTning mamlakatimizdagi doimiy muvofiqlashtiruvchisi X.Freyzer va boshqalar ushbu rezolyusiya Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqadagi siyosiy muhitni tubdan o‘zgartirish, konstruktiv va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini mustahkamlashga zamin yaratishini alohida ta’kidladi.
Mintaqa davlatlarining barqaror rivojlanishi va xavfsizligi bilan bog‘liq ko‘plab savollarning yechimi bevosita Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarning holati va mintaqaviy hamkorlik samaradorligiga bog‘liq. Shu maqsadda O‘zbekiston Markaziy Osiyoda joylashgan barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan munosabatlarni rivojlantirish uchun qat’iy va aniq qadamlarni qo‘ymoqda. O‘zbekistonning mintaqa bo‘yicha yangi siyosati bu yerda mavjud va yig‘ilib qolgan masalalarni yechishda o‘z vaqtida va samarali harakat bo‘ldi.
Ta’kidlash joiz, ushbu tashabbus O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tomonidan BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilgari surilgan edi.
Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, ushbu tarixiy hujjatning loyihasi O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bunda har bir mamlakatning manfaati hisobga olingan. Shuningdek, 55 davlat bu rezolyusiyaning hammuallifi hisoblanadi.
Rezolyusiya Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqada barqaror taraqqiyot va xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan barcha tashabbuslarini qamrab olgan. Hujjatda mintaqaning asosiy muammolari bo‘yicha Markaziy Osiyodagi 5 davlatning umumiy pozitsiyalari belgilangan bo‘lib, ekologiya, suv resurslaridan unumli foydalanish, transport-kommunikatsiya, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash kabi global muammolarga e’tibor qaratilgan. Rezolyusiyada Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish masalasi ham o‘z aksini topgan.
Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik, konstruktiv muloqotni yaxshilashda O‘zbekiston faollik ko‘rsatayotgani quvonarli hol, – deydi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor. – Mintaqada davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish nafaqat Markaziy Osiyo, balki qo‘shni mintaqalarning farovonligi va barqaror rivojlanishining kafolatidir.
Keyingisi
Bugun Xalqaro press-klub doirasida BMT Bosh Assambleyasining “MARKAZIY OSIYO MINTAQASIDA TINCHLIK, BARQARORLIK VA IZCHIL TARAQQIYOTNI TA’MINLASH BO‘YICHA MINTAQAVIY VA XALQARO HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH” rezolyusiyasi muhokama qilindi
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI direktori V.Norov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S. Safaev, Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvaxitov ishtirok etishdi.
18.07.2018