Bugun Xalqaro press-klub doirasida BMT Bosh Assambleyasining “MARKAZIY OSIYO MINTAQASIDA TINCHLIK, BARQARORLIK VA IZCHIL TARAQQIYOTNI TA’MINLASH BO‘YICHA MINTAQAVIY VA XALQARO HAMKORLIKNI MUSTAHKAMLASH” rezolyusiyasi muhokama qilindi

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI direktori V.Norov, Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari S. Safaev, Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari A.Abduvaxitov ishtirok etishdi.

Quyida SMTI direktori V.Norov so‘zlagan nutqlari va berilgan savollarga javoblari bilan tanishishingiz mumkin:

Assalomu alaykum hurmatli ishtirokchilar, teletomoshabinlar!
BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiya “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” hech shubhasiz, nafaqat mintaqamiz uchun, balki keng xalqaro miqyosda ham ulkan tarixiy ahamiyatga ega. Ushbu hujjat mintaqa kelajagi, hozirda bu hududda yashayotgan xalqlar uchun ham va albatta, keyingi avlod uchun ham barqaror rivojlanish uchun keng va eng qulay imkoniyatlarni yaratadi.

Rezolyutsiyaning qabul qilinishi, xususan, unga Yevropa, Amerika, Osiyo va Afrika mintaqasining 55 ta davlatlari hammualliflik qilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning Markaziy Osiyodagi yangi mintaqaviy siyosati jaxon hamjamiyati tomonidan tan olingani va mamlakatimizniing xalqaro sahnadagi nufuzi oshganligini bildiradi. Bunga bir necha asoslar bor. Jumladan, o‘zining geosiyosiy va geostrategik ahamiyatiga ko‘ra, bugun Markaziy Osiyo mintaqasi jahon hamjamiyati diqqat e’tibori markazida qolmoqda.

Bu quyidagi omillar bilan belgilanadi:

birinchidan, Yevroosiyoning “yuragi”da va muhim transport tarmoqlari chorraxasida joylashgan mintaqamiz Yevropa va Yaqin Sharq, Janubiy va Sharqiy Osiyoni bog‘lovchi ko‘prik vazifasini bajaradi;

ikkinchidan, mintaqamiz tabiiy resurslarga boy, bu yerda ko‘plab mamlakatlar va butun mintaqalar rivojiga sezilarli darajada ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot salohiyati mavjud;

uchinchidan, Markaziy Osiyo Xitoy, Rossiya, Hindiston va Pokiston kabi yadro quroliga ega davlatlar bilan chegaradosh yagona hudud;

to‘rtinchidan, mintaqaning Afg‘oniston bilan chegaradoshligi.

Shu nuqtai nazardan mintaqada davlatlararo hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish – bu nafaqat Markaziy Osiyo, balki qo‘shni mintaqalarning farovonligi va barqaror rivojlanishining kafolatidir.

Agarda biz Markaziy Osiyo davlatlarining mintaqaviy hamkorligi rivojlanishi tarixiga nazar solsak, barcha tashabbuslar oldingi yillarda tashqaridan, ya’ni Markaziy Osiyo davlatlarining strategik hamkorlari tomonidan ilgari surilganini ko‘rishimiz mumkin.

Bular qatorida AQSh tashabbusi – C5+1, Yaponiya, Janubiy Koreya, Yevropa ittifoqi va Markaziy Osiyo tashqi ishlar vazirlari darajasidagi muntazam ravishda uchrashuvlar va boshqalar.

Ammo o‘tgan davrda bunday tashabbuslarning amaliy natijasi ko‘zlangan maqsadlarga ko‘pincha erisha olmadi. Chunki Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi yillar davomida yechilmagan muammolar mintaqada o‘zaro tushunish va hamkorlikning rivojlanishiga to‘sqinlik qilar edi.
O‘zbekiston Prezidentining mintaqa bo‘yicha yangi siyosati bu yerda mavjud va yig‘ilib qolgan muammolarni yechishda o‘z vaqtida va samarali javob bo‘ldi. Bunda mintaqaviy yaqinlik, ishonch va o‘zaro tushunish, muammoli masalalarni oqilona murosa va kelishuvlar asosida hal etish muhim rol o‘ynamoqda.

Qolaversa, O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi yangi tashqi siyosati tufayli mintaqada o‘zaro ishonch darajasi sezilarli oshdi va yangi siyosiy muhit shakllandi.

Konstruktiv hamkorlik o‘rnatish va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash uchun baquvvat zamin yaratdi.

Hozirda Markaziy Osiyoning barcha davlatlari mintaqa rivoji uchun faol va yaratuvchan yondashuvlarga tayyorligini bildirmoqda. Mintaqa davlatlari Markaziy Osiyoning buguni va kelajagi uchun mas’uliyatni yelkama-yelka turib zimmasiga ola biladigan, xalqaro munosabatlar tizimining mustaqil sub’ektlari sifatidagi o‘z o‘rnini kuchaytirdi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan xolda shuni aytish mumkinki, o‘z mohiyatiga ko‘ra, rezolyutsiya Markaziy Osiyo mamlakatlarining ham umummintaqa muammolariga, ham globallashuv tahdidlariga bir yoqadan bosh chiqarib bergan javobi bo‘ldi. Unda Markaziy Osiyo davlatlarining xavfsizlik va rivojlanish sohalaridagi yirik mintaqaviy va xalqaro tashabbuslarini inobatga olinganini ko‘rishimiz mumkin.

Xususan, ekologik muammolar va suvdan foydalanish, transport kommunikatsiyasi, terrorizm va diniy ekstremizmga qarshi kurash, Afg‘onistonda tinchlikka erishish muammolarini o‘z ichiga olgan.

Mazkur rezolyutsiyaning qabul qilinishi shubhasiz, Markaziy Osiyoning yagona mintaqa sifatida rivojlanishida muhim bosqichdir.

Bugun butun dunyoda aksilgloballashuv jarayonlar davom etayotgan bir vaqtda, Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash maqsadida mintaqaviy hamkorlik har tomonlama rivojlanmoqda.

Prezidentimiz Ostona shahrida alohida aytib o’tganlaridek “ Bu borada erishilgan marralarda to‘xtab qolmaslik”, aksincha hamkorlikda oldinga harakat qilish muhimdir.

Bizning fikrimizcha, Markaziy Osiyo, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash sohasida aniq maqsad va vazifalarni, shuningdek ularga erishish yo‘llarini o‘z ichiga olgan umumiy strategik ahamiyatga ega Konsepsiya ishlab chiqish maqsadga muvofiqdir.

Ushbu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tashabbusi va BMTning Markaziy Osiyo bo‘yicha preventiv diplomatiya markazi ko‘magida joriy yilning 29-30 oktabrida Markaziy Osiyo davlatlarining yetakchi tadqiqot markazlari birinchi Forumini o‘tkazish rejalashtirilgan. Forumning asosiy maqsadi va vazifasi har yil o‘tadigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlarida mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish bo’yicha aniq va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat. Shuni aytib o‘tish lozimki, BMT Bosh Assambleyasi qabul qilgan rezolyutsiyada alohida e’tibor Markaziy Osiyo davlatlarining Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralari va uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi bo‘yicha birgalikda harakat qilishiga qaratilgan. Zero, Markaziy Osiyoning barqaror va izchil taraqqiyotini ta’minlash qo‘shni Afg‘onistonda tinchlikka erishish bilan uzviy bog‘liq.

Prezidentimiz afg‘on muammosiga tahdid sifatida emas, balki mintaqaviy hamkorlikni yangi bir bosqichga olib chiqish imkonini beruvchi strategik imkoniyat sifatida qarash kerakligini xalqaro tashkilotlarning yuqori minbarlaridan bir necha bor ta’kidladi.

Bu muammoni hal etishda tinch muzokaralar o‘tkazishdan boshqa muqobil yo‘l yo‘q ekanini e’tiborga olib, O‘zbekiston va Afg‘oniston tashabbusi bilan joriy yilning 26-27 mart kunlari Toshkentda Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada ushbu konferensiyaga alohida e‘tibor berilgan. Buyuk Britaniyaning “Reuters” axborot agentligi muxbirlarning fikricha, O‘zbekiston o‘z hududini afg‘on hukumati hamda “Tolibon” harakati o‘rtasida muzokaralarni o‘tkazish uchun maydon sifatida taklif qilish bilan cheklanib qolmay, toliblar bilan ham aloqalar o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Bu nihoyatda katta yutuq hisoblanib, tomonlar aynan o‘zbek diplomatiyasiga ishonch bildirganidan dalolat beradi.

Hindistonning “The Eurasian Times” tahliliy jurnalining navbatdagi sonida maxsus maqola chop etilgan bo‘lib, unda “Shu paytgacha afg‘on muammosini hal qilish uchun ko‘plab sa’y-harakatlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, qurolli mojaro sub’ektlarining barchasini qoniqtiradigan “vositachi” davlat yo‘q edi. “Ammo O‘zbekiston mana shunday “optimal hamda xolis vositachi” rolini o‘ynamoqda”, deydi hindistonlik tahlilchilar.

Amerika Qo‘shma Shtatlarining “US News” axborot agentligi ushbu mavzuda chop etgan maqolada “O‘zbekiston - Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tashqi dunyoga ochilish va xalqaro hamjamiyat bilan aloqalarni mutlaqo yangi tusda qurishga intilmoqda”. Mazkur “yangicha ruh” rasmiy Toshkentning Afg‘onistonga nisbatan siyosatida ham namoyon bo‘lmoqda - deyiladi.

Bu esa Prezidentimizning Afg’onistonga nisbatan olib borayotgan ochiq, xolisona va yuqori ma‘suliyatli siyosatlari natijasidir.