Materialda shu yilning 19-21 may kunlari Termiz shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqoti yakunlariga alohida e’tibor qaratiladi.
— Ushbu anjuman O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh assambleyasining 2022 yildagi rezolyutsiyasida aks etgan Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha sa’y-harakatlarining mantiqiy davomi hisoblanadi, — deydi Shanti Mariyet D'Souza.
Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, Termiz muloqoti davlat tuzilmalari, xalqaro tashkilotlar, moliyaviy sektor va ishbilarmon doiralar, ekspert hamjamiyatining vakillarini bir joyga jamlagan keng ko‘lamli va ko‘p tomonlama mintaqaviy maydonga aylandi.
Mutaxassisning fikricha, mazkur tadbir mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish borasidagi yondashuvlarni strategik jihatdan qayta ko‘rib chiqishga yordam berdi. Termiz muloqotida xususiy sektor va moliya institutlari vakillarining ishtirok etishi muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Boisi bugungi kunda davlatlarning iqtisodiy o‘sishini ta’minlashda aynan ular asosiy rol o‘ynamoqda.
— Yig‘ilishda tashkilotchilar va ishtirokchilar tomonidan har qanday masalani “pastdan-yuqoriga” tamoyili asosida, ya’ni jamoatchilikni jalb qilish orqali hal etish zarurligi, bu bugungi voqeliklariga to‘la javob berishi bir necha bor qayd etildi, — deb qo‘shimcha qildi professor.
Tahlilchi Termiz muloqoti ko‘p tomonlama o‘zaro hamkorlikni kengaytirish, ishonchni mustahkamlash va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish orqali xavfsizlikni ta’minlashga xizmat qila olishiga ishonch bildirgan.
Shuningdek, maqola muaullifining fikricha, anjumanda Afg‘oniston delegatsiyasi vakillarining ishtirok etishi Toshkentning ushbu mamlakatni mintaqaviy jarayonlarga jalb qilishga bo‘lgan intilishini ko‘rsatdi, bu esa keng Yevroosiyo makonida tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashning muhim omilidir.
— Qolaversa, O‘zbekistonning Qobulni mintaqaga qayta integratsiya qilish bo‘yicha sa’y-harakatlari Tolibon xalqaro hamjamiyatning mas’ul a’zosiga aylanishiga yordam berishi mumkin, — deb hisoblaydi Shanti Mariyet D'Souza.
Hindistonlik ekspert tadbirning Termiz shahrida o‘tkazilishi ramziy ma’no kasb etishi haqida to‘xtalar ekan, ushbu shahar tarixan Markaziy va Janubiy Osiyo tutashgan nuqtada joylashganini qayd etadi. Termiz asrlar davomida sivilizatsiyalar chorrahasida joylashib, madaniyatlararo, konfessiyalararo muloqot markazi, o‘ziga xos tranzit xabi bo‘lib xizmat qilgan.
— Bugun o‘zgarishlar davrini boshdan kechirayotgan Termiz mintaqaviy xabga aylanmoqda, — deydi tahlilchi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Termiz xalqaro savdo markazi, “Kargo markaz” xalqaro ko‘p tarmoqli transport-logistika xabi kabi yangi infratuzilma loyihalari buning uchun qulay shart-sharoitlar yaratmoqda.
Termizda erkin savdo zonasining tashkil etilishi iqtisodiy integratsiya orqali Afg‘oniston hududida uzoq muddatli va barqaror tinchlikni ta’minlay oladigan innovatsion tashabbus bo‘ldi.
Shu nuqtai nazardan, Shanti Mariyet D'Souza xalqaro munosabatlar tizimidagi inqiroz sharoitida o‘zaro bog‘liqliklik strategik ahamiyat kasb etishini qayd etdi. Shu bois, mutaxassis Hindiston hukumatini o‘zining Markaziy Osiyo bo‘yicha siyosatini faollashtirishning muhim sharti sifatida mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlashda eng oldi davlatlardan biriga aylanishga chaqirdi.
Maqolada O‘zbekiston Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ilgari surishda muhim rol o‘ynashi alohida qayd etilgan. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiyoti o‘sib borayotgan, proaktiv tashqi siyosat olib borayotgan va Markaziy Osiyo mintaqasini shakllantirish jarayonlarida tashabbuskorlik ko‘rsatayotgan kuchli mamlakatga aylandi. Bunda Prezident Shavkat Mirziyoyev mintaqalararo o‘zaro bog‘liqlikni chuqurlashtirishga qaratilgan barcha jarayonlarni harakatga kelitruvchi asosiy kuch sifatida e’tirof etilmoqda. Shundan kelib chiqib, Nyu-Dehli Toshkent bilan hamkorlikni mustahkamlash muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.
— O‘zbekiston rivojlanayotgan davlat sifatida Markaziy va Janubiy Osiyo hamda butun Yevroosiyo mintaqalarini bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi, – deydi professor.
Oldingisi
2025-yil 2-iyunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov AQSH Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi (CSIS) katta vitse-prezidenti hamda global tahlil bo‘limi rahbari Daniel Runde bilan uchrashuv o‘tkazdi.
02.06.2025