Oʻzbekistonda ijtimoiy siyosat: tizimli “qayta yuklash” va yangi imkoniyatlar

Ijtimoiy soha ham ana shunday zarbani qabul qilib oldi va bunda koʻplab yechilmagan tizimli muammolar yuzaga qalqib chiqdi. Dunyo boʻylab millionlab odamlar himoyasiz qoldi. Shu bilan birga, inqiroz iqtisodiy rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarni ham qamrab oldi.

BMT ekspertlari koronavirus infeksiyasining keng tarqalishi kambagʻallikni qisqartirish uchun soʻnggi yillarda erishilgan barcha yutuqlarga tahdid solayotganiga ishora qilib, bong urmoqda. Global kambagʻallik darajasi 1998-yildan beri birinchi marta koʻtarilib ketdi, deya bayonot berdi.

XMT prognoziga koʻra, iqtisodiyot va mehnat bozoridagi inqiroz global ishsizlikning qariyb 25 million kishiga koʻpayishiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlarda ishsizlik, hatto, buyuk depressiya davridan ham oshib ketishi kutilmoqda.

Ish bilan bandlikning pasayishi, tabiiyki, odamlar daromadining sezilarli yoʻqotilishiga ham olib keladi. XMTning baholashicha, 2020-yilning oxiriga kelib, ular 860 mlrd. dan 3,4 trln. dollargachani tashkil etadi.

Koronavirus pandemiyasi oqibatlari Markaziy Osiyo uchun oldindan kutilganidan ancha jiddiy boʻldi. Jahon banki yil oxiriga qadar mintaqada yalpi ichki mahsulotning 1,7 foizga kamayishini istisno etmayapti. Qirgʻizistonda YAIMning eng katta pasayishi kutilmoqda — minus 4 foiz. Qozogʻistonda pasayish minus 3 foizdan biroz kamroq boʻladi. Tojikis­tonda — minus 2 foiz.

 Bu yil mintaqada iqtisodiyoti oʻsishi mumkin boʻlgan yagona mamlakat — Oʻzbekis­ton boʻlib, iqtisodiy oʻsish surʼatlari 1,5 foizni tashkil etishini prognoz qilmoqda.

Karantin Markaziy Osiyo davlatlaridan kelgan yuz minglab mehnat muhojirlarini ham daromadsiz qoldirdi. Pandemiya tufayli butun dunyo boʻylab pul oʻtkazmalari 20 foiz ga qisqarsa, Markaziy Osiyoda deyarli 28 foizga pasayadi.

Shu asnoda Jahon banki 2,6 millionga yaqin Markaziy osiyoliklar kambagʻallik chizigʻidan pastga tushib ketishi mumkinligi haqida ogohlantirmoqda.

Bunday muhim sharoitlarda hukumatlarning asosiy vazifasi nafaqat kasallikning tarqalishini jilovlash, balki aholining zaif qatlamlarini hamda ish va daromad manbaisiz qolganlarni qanday qoʻllab-quvvatlashdan ham iboratdir.

Oʻzbekistonda ahvol qanday?

Tan olish kerak, bu muammolarning barchasi mamlakatimiz oldiga jiddiy masalalarni qoʻydi. Bundan tashqari, pandemik inqiroz hukumat butun eʼtiborini muhtoj fuqarolarga ijtimoiy yordam koʻrsatish, kambagʻallikka qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirishning hozirgi tizimi islohotlariga qaratgan bir paytda yuz berdi.

Davlat tarixida birinchi marta Prezident mamlakatda kambagʻallik muammosini ochiq tan oldi. Ilgari taqiqlangan mavzu bugun nafaqat muhokamaga aylandi, balki ushbu muammoning haqiqiy koʻlami, balki kecha imkonsiz tuyulgan mamlakatdagi kambagʻallar soni boʻyicha aniq raqamlar oshkor etildi.

Bundan tashqari, kambagʻallik darajasini kamaytirish vazifasi kun tartibidagi asosiy masalalardan biriga aylandi. Uzoq muddatga moʻljallangan mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining barqarorligini taʼminlash strategiyasining bosh maqsadi qilib qoʻyildi. Prezidentning shu yil yanvar oyida Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “Birinchi navbatda aholi farovonligini oshirish va uning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish — biz uchun bosh vazifalardan biri boʻlib qoladi”, deya aniq aytildi.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi kambagʻallikni qisqartirish jarayonlarini tartibga solish uchun maxsus tashkil etildi. Xalqaro ekspertlarni jalb qilgan holda, 2030-yilgacha Kambagʻallikni kamaytirish strategiyasini ishlab chiqishga qaror qilindi.

Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniqlash va ularni qoʻllab-quvvatlashni muvofiqlashtirish borasidagi ishlar samaradorligini mustahkamlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi tashkil etildi.

Bundan tashqari, qishloq joylarda hayot sifatini oshirish va obodonlashtirish borasida “Obod qishloq” va “Obod mahalla” kabi dasturlar izchil amalga oshirilmoqda.

Aytish mumkinki, mamlakatimizda birinchi marta aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashning integratsiyalashgan, zamonaviy tizimi bosqichma-bosqich va izchil hayotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, u xalq bilan “ijtimoiy muloqot”ni amalga oshirishning tubdan yangi mexanizmlariga asoslanadi.

Bu borada olib borilayotgan saʼy-harakatlarni koʻp jihatdan allaqachon oʻz samaradorligini isbotlagan Xitoyning kambagʻallikni bartaraf etish strategiya­si bilan taqqoslash mumkin.

Odatda Xitoyning qashshoqlikka qarshi kurashdagi muvaffaqiyati manzilli yordam, qishloq xoʻjaligidagi islohotlar, kambagʻal aholini maʼlum koʻnikmalarga oʻrgatish, infratuzilma va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish kabi asosiy tayanch ustunlarga asoslangan, deya eʼtirof etiladi.

Bunday yondashuv tufayli, bugungi kunda Xitoy — qashshoqlikni qisqartirishning rekord surʼatlarini namoyish etayotgan va birinchi marta “Qashshoqlikni kamaytirish boʻyicha BMT mingyillik rivojlanish maqsadlari”ga erishgan mamlakat hisoblanadi. Oʻtgan 40 yil mobaynida XXR 740 milliondan ortiq kishini qashshoqlikdan olib chiqdi. Bunday yutuqlar, avvalo, joylarda izchil ishlarni amalga oshirish, qatʼiy maʼmuriy nazorat oʻrnatish orqali taʼminlangan.

Oʻzbekistonda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish vazifasi sektorlar boʻ­yicha ishlar modeli yordamida hal etilmoqda. Har bir sektor hokimiyat, prokuratura, ichki ishlar organlari va soliq xizmati vakillaridan, yaʼni joylardagi vaziyat haqida barcha maʼlumotlarga ega boʻlgan shaxslardan tashkil topadi. Bunday yondashuv quyi darajalarda ishlarni yoʻlga qoʻyish imkonini beradi, shuningdek, har bir tumandagi faoliyat uchun sektor rahbarining shaxsiy masʼuliyatini oshiradi.

Xuddi Xitoydagi kabi Oʻzbekistonda ham “manzilli yondashuv” — ijtimoiy himoya tizimining asosiy elementlaridan biridir. Yordamga muhtoj barcha fuqarolar tarmoqlar va mahalla yigʻinlari rahbarlari tavsiyasi bilan “Temir daftar”ga kiritiladi. Aslida, bu “SAXOVAT.ARGOS.UZ” elektron dasturi boʻlib, unga kiritilgan fuqarolarga davlatning maqsadli yordam koʻrsatishi “qatʼiy kafolatlanadi”.

“Temir daftar”ga ish oʻrinlari va daromad manbalarini yoʻqotganlarning barchasi, shuningdek, nogironligi boʻlgan kishilar, yakka-yolgʻiz qariyalar va kam taʼminlanganlar kiritiladi.

“Temir daftar”dagi oilalarni tanlash koʻplab mamlakatlarda keng tarqalgan kategorial baholash usuliga asoslanadi. Bunda aholining ayrim guruhlariga ijtimoiy yordamga muhtoj shaxslar sifatida qaraladi.

Bizning holatda “Temir daftar”ni yuritish 5 ta toifadagi oilalarni nazarda tutadi: 1) ehtiyojmand, nochor va moddiy koʻmakka muhtoj oilalar; 2) nogironligi boʻlgan va surunkali kasallikka chalingan kishilar; 5 va undan koʻp farzandi bor oilalar; 4) yakka-yolgʻiz keksalar, bevalar va oʻzgalar qaramogʻiga muhtojlar; 5) karantin choralari natijasida oʻzining daromad manbaini yoʻqotgan oilalar.

Bugungi kunda “Temir daftar”ga kiritishning asosiy mezoni — daromad va ishlab pul topish vositalarining mavjud emasligi hamda mehnatga layoqatlilikning cheklanganidir.

Tuman yoki shahar sektorlari rahbarlari mahalla raislari bilan birgalikda oilalarning moddiy va uy-joy sharoitlarini oʻrganish va umumlashtirish uchun uyma-uy yurmoqda, agar maqsadga muvofiq, deb topilsa, yangi aniqlangan ehtiyojmandlar ham dasturga kiritiladi.

Taʼkidlash joiz, Yevropa mamlakatlarida nafaqa tayinlashdan oldin ijtimoiy xizmatlar kam taʼminlangan fuqaroning moliyaviy vaziyatini oʻrganadi. Masalan, Germaniyada manzilli yordam yoki ijtimoiy nafaqalar toʻlash qaroriga faqat ijtimoiy soha xodimlari fuqaroning chindan ham qiyin moliyaviy vaziyatda ekaniga ishonch hosil qilganidan keyingina kelinadi.

“Temir daftar”ga muhtoj oila sektor kotibi tomonidan kiritiladi. Qayd etishda, qabul qiluvchining maʼlumotlaridan tashqari, dasturda koʻrsatiladigan yordam turi haqida ham maʼlumotlar joy oladi.

Ushbu dasturning afzalligi shundaki, undan tuman, viloyat va umuman, respub­likadagi mavjud ijtimoiy vaziyat haqida aniqroq tasavvur yuzaga keladi. Yaʼni, tuman hokimidan tortib, Prezidentgacha ishlar koʻlami va erishilgan natijalar borasida, real yordam koʻrsatilayotgan oilalar va ism-shariflargacha, aniq va yaxlit tasavvurga ega boʻladi.

Oddiy qilib aytganda, “Temir daftar”da umumiy koʻrsatkichlar emas, balki har bir oila, har bir fuqaroning muammolari va ularning yechimlari aks etadi. Bularning barchasi har bir fuqaroning ijtimoiy muammolariga, uning oʻta zaruriy muammolarini hal etishga yordam beradigan yoʻl va vositalarga eʼtibor qaratish imkonini beradi.

“Temir daftar” roʻyxatlari asosida epidemiyaga qarshi kurashning dastlabki kunlaridan boshlab aholini moddiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda qoʻllab-quvvatlash choralari, xuddi baʼzilar tasdiqlashga oʻrganib qolganday, oddiygina ijtimoiy paketlarni tarqatish bilangina cheklanib qolinmaydi.

Avvalo, muhtoj oilalarga koʻrsatilayotgan moliyaviy yordamning ahamiyatli ekanini taʼkidlash lozim. Buning natijasida mamlakatimizda birinchi marta qiyin ahvolda qolgan barcha kishilarni toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy qoʻllab-quvvatlash yoʻlga qoʻyildi.

 Qurbon Hayiti arafasida aʼzolari qariyb 700 ming kishini tashkil etadigan 182 mingdan ziyod oilaga 1 million soʻmgacha miqdoridagi toʻlovlar amalga oshirildi. Aytish kerakki, yordam toʻgʻridan-toʻgʻri va naqd pullarda koʻrsatildi.

Bundan tashqari, Prezidentimizning soʻnggi farmoniga asosan, “Temir daftar”ga kiritilgan muhtoj oilalarning har bir aʼzosi uchun 220 ming soʻmdan toʻlovlar amalga oshirildi. 2020-yilga moʻljallangan byudjetda aholining turli qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish uchun jami 8 trln. soʻmdan ziyod mablagʻ ajratilishi koʻzda tutilgan.

Pandemiya davrida ijtimoiy yordam oluvchilar bazasi ham sezilarli darajada kengaydi. 14 yoshga toʻlmagan bolali ehtiyojmand oilalar soni yil oxiriga kelib 2 baravarga koʻpayadi. 2 yoshgacha bola parvarishi boʻyicha nafaqa olishga muhtoj onalar soni 20 foizga oʻsadi. Moddiy yordam olayotgan kam taʼminlangan oilalar soni 100 mingtaga oshiriladi. 2020-yilning oxiriga qadar ijtimoiy nafaqa oluvchilar soni 1,2 millionga, 2021-yilda esa 1,5 million ga yetishi kutilmoqda.

Kambagʻal oilalar mamlakatdagi aholi umumiy sonining 12-15 foizni tashkil etishini hisobga olsak, ijtimoiy nafaqalar mexanizmi joriy yil oxirigacha har bir ehtiyojmand oilani qoʻllab-quvvatlash imkonini beradi.

Hududlar kesimiga nazar tashlasak, Qoraqalpogʻistonda dekabr oyiga qadar ijtimoiy himoya mexanizmi har toʻrtinchi oilani, Surxondaryo, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida — har beshinchisini qamrab oladi.

Bir soʻz bilan aytganda, har toʻrtinchi yoki beshinchi oila oʻrtacha 300 ming soʻm qoʻshimcha oylik daromad oladi.

Ijtimoiy siyosat samaradorligini oshirish

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, mamlakatda ehtiyojmandlarga ijtimoiy yordam koʻrsatishning keng qamrovli mexanizmi yoʻlga qoʻyilmoqda. Biroq tan olish kerakki, unga berilgan ijobiy salohiyat sabab bunday mexanizm yetarlicha moslashuvchan va maksimal darajada shaffof boʻla olmaydi. Ayrim obyektiv va subyektiv omillar butun tizim samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Mahalla vakillarining aholiga ajratilayotgan mablagʻlarni taqsimlashi borasidagi masʼuliyatlarini vijdonan va ochiq ado etishayotganlariga koʻpchilikda shubha bor. Ajratilgan ijtimoiy yordam barcha muhtojlarga va oʻz manziliga yetib bormayapti, degan xavotir ham yoʻq emas.

“Temir daftar”ga kiritish uchun oilalarni adolatli tanlash masalasi ham ochiq qolmoqda. Koʻpchilik amaliy mezonlarning obyektivligi haqida oʻylaydi, haqli ravishda inson omiliga ishora qiladi. Ijtimoiy yordamning butun taqsimotida oshkoralikni taʼminlash zarurati oydinlashib bormoqda.

Oilalarga ijtimoiy yordam ajratishda yoʻl qoʻyilgan xatolar ehtimoli yetarlicha yuqoriligini ham eʼtirof etish joiz. Bunday tarzdagi taqsimotda tizimda nosozliklar yuz beradi. Yaqinda Toshkentning Sergeli tumanida sodir boʻlgan voqea buni yaqqol koʻrsatdi.

Biroq soʻnggi qarorlar hukumat mavjud boʻshliqlarni koʻrib, ularni bartaraf etishga intilayotganini ishonch bilan aytish imkonini bermoqda. Bunda yuzaga keluvchi kamchiliklarni hisobga olib, tizimni sozlashga qaratilgan hamda vaqti-vaqti bilan kiritilayotgan tuzatishlar shu bilan izohlanadi.

Prezident farmoniga muvofiq, ijtimoiy yordamning barcha turlarini bir xil mezon va bir xil hujjatga muvofiq taqdim etish imkonini beradigan Yagona ijtimoiy reyestr yaratilmoqda. Yil oxiriga qadar tizim barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Maʼlumotlarni tizimlashtirish har bir ijtimoiy yordam oluvchining ehtiyoj darajasini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. U oila aʼzolarining daromadlari, mol-mulki, bank hisoblari, olingan kreditlar va avtomobillar toʻgʻrisidagi turli idoralarning tegishli bazalarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar asosida aniqlanadi.

Istiqbolda “Yagona ijtimoiy reyestr” dasturining toʻliq ishga tushirilishi inson omilini sezilarli darajada minimallashtiradi va natijada ijtimoiy yordamni taqsimlashdagi korrupsiya holatlarini imkon qadar bartaraf etadi.

Munosib daromad, yordam puli emas

Shuni ham taʼkidlash kerakki, aholining eng kambagʻal qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va qoʻllab-quvvatlash siyosati ehtiyojmand oilalarga beriladigan yordam pullari bilan cheklanib qolmaydi. Asosiy maqsad — aholining iqtisodiy farovonligi darajasini oshirish uchun sharoit yaratish.

Odatda kambagʻallikka tushib qolishdan koʻra, undan chiqish anchayin mushkul hisoblanadi. Shu bois davlat tomonidan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash “avvalo, “toʻr belanchak” emas, balki “zina” vazifasini oʻtashi lozim” — boshqacha aytganda, odamlarni ana shu holatda tutib turishdan koʻra, kambagʻallar toifasidan chiqarish vositasi sifatida koʻproq oʻzini koʻrsatishi zarur.

Masalan, Shimoliy Yevropa mamlakatlarida (Shvetsiya, Norvegiya, Finlyandiya, Daniya) umumiy bandlikka erishish va fuqarolarning barcha toifalari orasida daromad darajalarini tenglashtirish davlat ijtimoiy siyosatining ustuvor vazifasi etib belgilangan.

Bu borada Prezidentimiz tomonidan belgilangan maqsad “kambagʻal oilaning hech boʻlmaganda bitta aʼzosini ish bilan taʼminlash” har qachongidan ham dolzarbdir. Bunday yondashuvning dolzarbligi koʻplab mutaxassislar tomonidan ham tasdiqlangan. Shunday qilib, Ijtimoiy siyosat instituti IOM iqtisodchilarining fikricha, “hukumat saʼy-harakatlarni yoʻnaltirishi kerak boʻlgan asosiy soha — bu mehnat bozoridir, chunki u inqirozning asosiy zarbasini oʻziga qabul qiladi”.

Qayd etish kerakki, inqirozga qarshi dastur doirasida, koronavirus pandemiyasi sababli ishsiz yoki xorijga ishlashga keta olmay qolgan 415 mingdan ortiq kishi allaqachon ish bilan taʼminlangan.

Ish oʻrinlari yaratish bilan birga, kam taʼminlanganlarga istiqbolda uzoq muddatga va moddiy ahvolini oʻz kuchi bilan yaxshilashga imkon beradigan shart-sharoitlar yaratishga katta eʼtibor berilmoqda.

 Boshqacha aytganda, bunda eʼtibor ehtiyojmand qatlamga yordam puli berishga emas, balki ishlab pul topish uchun shart-sharoit va imkoniyatlar yaratishga qaratiladi. Iqtisodiy istiqbol va kambagʻallikni bartaraf etish nuqtayi nazaridan bunday yondashuv eng oqilona va oʻrinli hisoblanadi.

Ish oʻrinlari yaratish bilan bir vaqtda, fuqarolarning tadbirkorlik borasidagi faolligi ham ragʻbatlantiriladi. Mamlakatimizda aholi, avvalo, mehnatga layoqatli odamlar sonini hisobga olgan holda, tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish fuqarolar farovonligini oshirishdagi koʻplab masalalarni hal etadi.

Oʻzbekistonda oilaviy biznes tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash tadbirkorlikka boʻlgan qiziqishni oshirishning eng ommaviy vositalaridan biriga aylandi. Bu maqsadlar uchun juda salmoqli miqdordagi mablagʻlar yoʻnaltirilgan. Birgina “Har bir oila — tadbirkor” dasturini amalga oshirish uchun qoʻshimcha 2 trln. soʻm ajratilgan. Umuman, joriy yilda oilaviy biznes dasturlari uchun 4 trln. soʻmdan ziyod mablagʻ yoʻnaltirilmoqda.

Ushbu yondashuvga talab mavjudligi va uning ishlashidan manfaatdorlikni tadbirkorlik faoliyati uchun 5 mingdan ortiq kishining qariyb 6 mlrd. soʻm subsidiya olgani ham dalolat beradi. Yil oxiriga qadar bunday subsidiyalarni oluvchilar soni 13 ming kishiga yetishi, ajratilgan mablagʻ esa 11,5 mlrd. soʻmni tashkil etishi kutilmoqda.