Joriy yilning 27-may kuni Moskvada "Rossiya va O‘zbekiston: hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari" mavzusidagi konferensiya bo‘lib o‘tdi. Mazkur anjuman "Valday" xalqaro munozara klubi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbek va rus ekspertlarining ikki tomonlama uchrashuvlar ko‘rinishidagi bunday yig‘ilishlari 2019-yilda Samarqandda SMTI va "Valday" klubi o‘rtasida yo’lga qo’yilgan hamkorlik doirasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
Tadbirda O‘zbekiston tomonidan SMTI direktori Eldor Aripov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimov, Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev, SMTI direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev, SMTI bo‘lim boshlig‘i Milana Bazarova, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Darya Ilina, Strategik islohotlar agentligi islohotlarni monitoring qilish va baholash guruhi rahbari Bekzod Qurbonov hamda boshqalar ishtirok etdilar.
Rossiya tomonidan konferensiyada "Valday" xalqaro munozara klubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Kengashi raisi Andrey Bistritskiy, "Valday" kubini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasining ilmiy ishlar bo‘yicha direktori Fyodor Lukyanov, "Valday" klubining dasturiy direktori Timofey Bordachyov, “Oliy iqtisodiyot maktabi” Milliy tadqiqot universitetining Jahon iqtisodiyoti va jahon siyosati fakulteti dekani Anastasiya Lixachyova, Rossiya Fanlar akademiyasi M. Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar institutining Markaziy Osiyo sektori mudiri Stanislav Pritchin, Yevroosiyo taraqqiyot bankining Raqamli tashabbuslar direksiyasi direktori Viktor Shaxmatov va boshqalar qatnashdilar.
Eldor Aripov o’z nutqida O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari bugungi kunda eng yaxshi davrni boshdan kechirayotganini, jadal rivojlanish va barqaror o‘sishni namoyish etayotganini qayd etdi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar natijasida o‘zaro hamkorlikning barqaror va samarali modeli shakllantirilgani, uning asosida shunchaki deklaratsiyalar emas, balki o‘zaro manfaat keltiradigan va uzoq muddatli strategik sheriklik uchun mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladigan amaliy ishlar, samarali qadamlar qo‘yilgani ta’kidlandi.
Eldor Aripov O‘zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan o‘zaro bog‘liqlik konsepsiyasining mazmun-mohiyatini ochib berar ekan, Afg‘onistonni yakkalab qo‘ymaslik muhimligini e’tirof etdi. Uning fikricha, bunday yondashuv pirovardida butun Yevroosiyо mintaqasida barqarorlik, tinchlik va taraqqiyot ta’minlanadi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Prezidenti islohotlarining mafkuraviy asosi haqidagi savolga javob berar ekan, SMTI rahbari mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarning bosh maqsadi inson qadr-qimmatini ta’minlash ekanligini ta’kidladi. "Shavkat Mirziyoyev aynan shu shior bilan saylovda qatnashib, ko‘pchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi," - dedi u. O‘zbekistondagi islohotlar ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish, kambag‘allikni tugatish, tadbirkorlikni rivojlantirish va mintaqada yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash kabi asosiy yo‘nalishlarga qaratilgan.
Andrey Bistritskiy o‘z nutqida bugungi kunda Rossiya va O‘zbekistonni rivojlanish maqsadlarining o‘xshashligi birlashtirayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, "mamlakatlar zamonaviy tahdidlarga javob berish va konstruktiv sheriklikni rivojlantirish uchun ko‘plab sohalar mavjud."
Bu borada Fyodor Lukyanovga ko’ra "aloqalarning jadalligi va ijobiyligi bo‘yicha Rossiya va O‘zbekistonning so‘nggi yillardagi munosabatlariga o‘xshashi juda kam". Biz zamonaviy masalalarni juda samarali hal etishni o‘rganib oldik," - deydi u. Qolaversa, ekspertning qayd etishicha, O‘zbekiston-Rossiya hamkorligi yanada kengroq vazifalar doirasida boshqacha ko‘lam kasb etmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, "O‘zbekiston va Rossiya Markaziy Yevroosiyo makonining tayanch mamlakatlari bo‘lib, ularning o‘zaro hamkorligi mintaqadagi barqarorlikning kafolati vazifasini bajaradi."
Tadbir ishtirokchilari mavzuli sessiyalar davomida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy sohalarda, shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash hamda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish masalalarida hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini izlash masalalariga e’tibor qaratdilar.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi raqamli transformatsiya, ilmiy-texnik taraqqiyot va sanoatni modernizatsiya qilish kabi asosiy yo‘nalishlarni qamrab olgan texnologik va innovatsion hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Rossiyalik ekspertlar O‘zbekistonning IT-startaplarni qo‘llab-quvvatlash, moliyaviy texnologiyalar va elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro reytinglardagi yutuqlarini qayd etdilar. Shu munosabat bilan ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni, jumladan, ilg‘or raqamli yechimlar va ilmiy ishlanmalarni amalga oshirishda Rossiya Federatsiyasi tajribasi va O‘zbekistonning inson kapitalini birlashtirish orqali kuchaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Anjuman doirasida SMTI rahbariyati Rossiya strategik tadqiqotlar instituti (RSTI) direktori Mixail Fradkov bilan ham uchrashdi. Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, SMTI va RSTI o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Keyingisi
Joriy yilning 29-may kuni bo‘lib o‘tgan " Markaziy Osiyo - 2050: umumiy farovonlik va barqarorlik sari" forsayt-seminari doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik islohotlar agentligi (SIA) va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) tomonidan tahliliy va ilmiy-tadqiqot muassasalari mutaxassislari uchun seminar-trening tashkil etildi.
31.05.2025