24-noyabr kuni O’zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida Turkiya Turizm va sport vazirligi maslahatchisi Ali Ihsan Chag’lar hamda O'zbekistondagi Turkiya hamkorlik va muvofiqlashtirish agentligi (TIKA) rahbari Jemalettin Tuney bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Suhbat chog’ida tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida ishtirok etish uchun 2021-yil noyabr oyida Turkiyaga tashrifi va uning Turkiya Respublikasi rahbari Rajab Toyib Erdo’g’an bilan muzokaralari ikki davlat strategik sheriklik munosabatlarining jadal mustahkamlanishiga qo’shimcha turtki berganini alohida ta’kidladilar.
A.Chag’lar Shavkat Mirziyoyev rahbarligida mamlakatimiz iqtisodiyotini modernizatsiya qilishga, ijtimoiy-siyosiy hayotini liberallashtirishga qaratilgan keng ko’lamli islohotlarni yuksak baholadi.
Tadbir davomida Toshkentning mintaqaning barcha davlatlari bilan yaxshi qo’shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan do’stona tashqi siyosati, shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg’onistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini tiklash borasidagi tashabbuslari alohida qayd etildi.
Shu nuqtai nazardan, O’zbekistonning qo’shni davlatga gumanitar yordam berishi, hamda Toshkentning xalqaro tashkilotlarga afg’on xalqini qo’llab quvvatlashdagi jonbozliklari alohida ta’kidlandi. Xususan, turk diplomatlarining aytishiga ko'ra, bu o’rinda joriy yilning sentyabr oyida ochilgan BMTning Termizdagi asosiy logistika markazi beqiyos o’rin tutadi.
Shu asnoda Turkiyaning Afg’onistondagi barqarorlikning taʼminlanishidan manfaatdorligi inobatga olinib, ushbu davlatda muhim infratuzilma va gumanitar loyihalarni birgalikda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Suhbat yakunida tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, buning uchun SMTI ekspertlari va turkiyalik hamkorlar bilan o’zaro fikr almashish va yangi g’oyalarni ishlab chiqish lozimligini bildirishdi.
Eslatib o‘tamiz, TIKA 1992-yilda Turkiya bilan tarixiy va madaniy aloqada bo‘lgan davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan. Agentlikning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993-yildan buyon faoliyat ko’rsatib kelmoqda. Tashkilot taʼlim, sogʻliqni saqlash, kichik va oʻrta biznes, tibbiyot va taʼlim muassasalarining moddiy-texnik bazasini modernizatsiya qilish va hokazolar bo’yicha maqsadli loyihalarni amalga oshiradi.