
2025-yil 26-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktori o‘rinbosari Szin Chje boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Xitoy hamkorligining dolzarb masalalari yuzasidan konstruktiv fikr almashildi. Szin Chje ta’kidlaganidek, bugungi kunda XXR va O‘zbekiston munosabatlari "barcha sharoitlarda har tomonlama strategik sheriklik" darajasiga ko‘tarilgan bo‘lib, bu siyosiy muloqotni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, tomonlarning mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi muvofiqlashuvini kuchaytirish uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Uchrashuv ishtirokchilari ikki mamlakat ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘rtasidagi sheriklikni mustahkamlash muhimligini ta’kidladilar. Xususan, 2024-yilda tashkil etilgan O‘zbekiston-Xitoy ekspertlar kengashi doirasida SMTI va Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollariga katta e’tibor qaratildi.
Suhbatdoshlar 2025-yil mart oyida Pekin shahrida iqlim o‘zgarishi va "yashil" iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari bo‘yicha ekspertlar kengashining birinchi yig‘ilishi muvaffaqiyatli o‘tkazilganini mamnuniyat bilan qayd etdilar. Uning yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi ekologik sheriklikni faollashtirishga qaratilgan tegishli vazirlik va idoralar uchun "Yo‘l xaritasi" va chora-tadbirlar dasturi tayyorlandi.
Muhokama davomida tomonlar ekspertlar kengashining navbatdagi yig‘ilishini 2026-yilning ikkinchi yarmida Toshkent shahrida o‘tkazishga kelishib oldilar. Kun tartibidagi masalalar sifatida ikki davlatning rivojlanish strategiyalarini birlashtirish, "aqlli texnologiyalar"ni joriy etish, sanoatni modernizatsiya qilish va inson kapitalini rivojlantirish kabi masalalar taklif qilindi.
Shu bilan birga, qo‘shma tadbirlar doirasidagi amaliy hamkorlikni davom ettirish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi. Xitoylik ekspertlar kelgusi yilga rejalashtirilgan Termiz muloqoti va Farg‘ona tinchlik forumida ishtirok etishga katta qiziqish bildirdilar.

Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazishning muhimligini ta’kidladilar. Bu yo‘nalishlar qatoriga "yashil" rivojlanish, raqamlashtirish, transport va logistika bog‘liqligini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va boshqalar kiradi. Shuningdek, O‘zbekiston va Xitoyning yetakchi nashrlarida chop etish uchun tahliliy materiallar tayyorlash zarurligi ham qayd etildi.
Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot bo‘linmasi bo‘lib, Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlaridagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy-gumanitar jarayonlarni o‘rganish bilan shug‘ullanadi. Bu institut mazkur hududlardagi ijtimoiy-siyosiy hodisalarni chuqur tahlil qilish va o‘rganishga qaratilgan.
Oldingisi
Donald Trampning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan telefon orqali muloqoti Amerika – O‘zbekiston munosabatlarining barqaror ijobiy dinamikasini tasdiqlovchi muhim siyosiy signaldir.
25.12.2025