Joriy yilning 12 fevralida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) “Search for Common Ground” xalqaro notijorat tashkiloti (SFCG) vakillari – Osiyo boʻyicha mintaqaviy maslahatchi, Oʻzbekiston boʻyicha direktori Keneshbek Saynazarov va dastur menejeri A. Haydarov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
Suhbat chogʻida keng koʻlamli masalalar yuzasidan ochiq muloqot boʻlib oʻtdi, jumladan, mintaqaviy hamkorlik, repatriantlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish, yoshlar oʻrtasida diniy ekstremizmga qarshi kurashish, konfessiyalararo bagʻrikenglikni taʼminlash borasidagi Oʻzbekiston tajribasi koʻrib chiqildi. SMTI va SFCG oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish istiqbollari ham muhokama qilindi.
Keneshbek Saynazarov SFCG ofisi Oʻzbekistonda 2022 yildan buyon faoliyat yuritib kelalotganini taʼkidladi. Tashkilot Respublikaning tegishli vazirlik va idoralari bilan yaqin hamkorlikda BMTning “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini ilgari surish, yoshlarning jamiyatda va korrupsiyaga qarshi kurashda ishtiroki, axborot-kommunikatsiya segmentlarida ayollar zo'ravonligiga qarshi kurashish, diniy totuvlikni ta'minlash masalalariga qaratilgan loyihalarni amalga oshiradi.
O'z navbatida mehmonlarga O'zbekistonda yoshlar va gender siyosati, korrupsiya, shuningdek terrorizmga qarshi kurash bo'yicha, global va mintaqaviy darajada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma'lumot berildi. Xususan, bugungi kunda SMTI Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi bilan birgalikda BMTning terrorizmga qarshi kurash kun tartibini mintaqada birgalikda amalga oshirish boʻyicha mustahkam tajriba toʻplagani taʼkidlandi.
2022 yil mart oyida Toshkentda BMTning Global aksilterror strategiyasini Markaziy Osiyoda amalga oshirishga bag‘ishlangan yuqori darajadagi xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Tadbirda bir qator muhim hujjatlar – Yangi tahrirdagi Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha qoʻshma harakatlar rejasi, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining yangi harakatlar rejasi doirasidagi hamkorlikka tayyorligini tasdiqlovchi “Toshkent deklaratsiyasi” qabul qilindi. 2023 yilda Toshkentda kiberxavfsizlik va yangi texnologiyalar, shuningdek, kriptovalyutalar yordamida terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ikkita mintaqaviy tadbir tashkil etildi. 2023 yil dekabr oyida BMTning Nyu-York shahridagi shtab-kvartirasida SMTI va BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Ayni paytda tomonlar BMTning Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi shafeligida vatanga qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish masalalari bo‘yicha yetakchi ekspertlar orasidan Markaziy Osiyoda Mintaqaviy ekspertlar kengashini yaratish ustida birgalikda ishlamoqda. Bu tashabbusni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentda bo‘lib o‘tgan anjumanda ma’lum qilgan edi. Kengashning birinchi yig‘ilishi joriy yilda Toshkent shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Uchrashuv yakunida tomonlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, jamiyatda xotin-qizlar va yoshlarning rolini oshirish, iqlim o'zgarishi ta'siriga moslashish masalalari bo'yicha qo'shma tadbirlarni tashkil etishga o'zaro qiziqish bildirdilar.
SFCG 1982 yilda tashkil etilgan dunyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan tinchlikparvar tashkilotdir. Marjori Nyuman-Uilyams uning prezidenti hisoblanadi. SFCGning vazifasi nizolarni hal qilishdagi yondashuvlarini o'zgartirishdir. Vashington va Belgiyada o’z ofislariga ega. Butun dunyo bo'ylab 700 dan ortiq xodimlari bilan Afrika, Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerikadagi 30 dan ortiq mamlakatlarda loyihalarni amalga oshirmoqda.
Oldingisi
SMTI va XMT ekspertlari ikki tomonlama hamkorlik masalalarini muhokama qildilar
Joriy yil 9 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Xalqaro migratsiya (XMT) tashkilotining Markaziy Osiyo bo'yicha subregional koordinatori Zeynal Gadjiyev, shuningdek, ushbu tashkilotning O'zbekistondagi vakillari - siyosat, hamkorlik va qo'llab-quvvatlash dasturi bo'yicha koordinatori Sanjarbek Toshboev va dastur katta assistenti Jasur Saidov bilan uchrashuv bo’lib o’tdi.
09.02.2024