Joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Osiyo bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi va "Search for Common Ground" (SFCG) xalqaro notijorat tashkilotining mamlakat bo‘yicha direktori Keneshbek Saynazarov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, O‘zbekistonning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlariga qarshi kurashish borasidagi tajribasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv ishtirokchilari SMTI va SFCG o‘rtasidagi kelajakdagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratdilar. Tomonlar mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga moslashish, suv sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha qo‘shma tadbirlarni tashkil etishdan o‘zaro manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.
SFCG - 1982-yilda tashkil etilgan dunyodagi eng yirik ixtisoslashtirilgan tinchlikparvar tashkilot. Uning prezidenti - Marjori Nyuman-Uilyams. SFCG maqsadi qarama-qarshilik o‘rniga qo‘shma yechimlarga urg‘u bergan holda nizolarni hal qilish yondashuvlarini o‘zgartirishdan iborat. Tashkilot Vashingtonda va Bryusselda ofislarga ega va uning butun dunyo bo‘ylab 700 dan ortiq xodimlari bor. SFCG Afrika, Osiyo, Yevropa, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika va Shimoliy Amerikaning 30 dan ortiq mamlakatlarida loyihalarni amalga oshiradi.
Oldingisi
SMTIda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligi nishonlandi
Joriy yilning 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
06.12.2024