Joriy yilning 5-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirni SMTI direktori Eldor Aripov ochib berdi va mamlakatimiz mustaqilligining asosi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, shuningdek, jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlashda Konstitutsiyaning asosiy rolini ta’kidladi.
SMTI direktori so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida mamlakatimizda har bir insonning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, aholi farovonligini oshirish, millatning barqaror va progressiv rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilganini ta’kidladi.
2023-yil 30-aprelda umumxalq referendumida ma’qullangan yangilangan Konstitutsiya mamlakatimizni yanada demokratlashtirish, fuqarolarning ijtimoiy huquqlarini ta’minlash, adolat, tenglik va qonun ustuvorligi tamoyillarini qaror toptirishga qaratilgan izchil yo‘lni belgilab berdi.
Tadbir doirasida yuridik fanlari doktori, professor, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Qonunchilik va huquqiy siyosat instituti bosh ilmiy xodimi Gulchehra Malikova Asosiy qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlarga bag‘ishlangan taqdimoti bilan ishtirok etdi. Konstitutsiyadagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, normalar 275 tadan 434 taga ko‘paygani qayd etildi. Shunday qilib, Konstitutsiya matnining 65 foizi jamoatchilikdan kelib tushgan takliflar asosida yangilandi.
Mutaxassis fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytiradigan, kambag‘allikka qarshi kurashish, ishsizlik darajasini kamaytirish, aholi daromadlarini oshirish va turmush sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan ayrim o’zgartirishlarning ahamiyatiga batafsil to‘xtalib o‘tdi.
SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov yangilangan Konstitutsiya davlat boshqaruvi tizimini modernizatsiya qilish, uning shaffofligini oshirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. “Davlat – jamiyat – shaxs” modelini “inson – jamiyat – davlat” tamoyiliga almashtirgan yangicha yondashuv inson sha’ni va qadr-qimmatini yanada yuksaltirish, shuningdek, zamonaviy demokratik davlat barpo etishga qaratilgan.
Tadbirda so‘zga chiqqan SMTI ilmiy xodimlari Asosiy qonun yosh avlodning orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar ochishi va uning kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratishini ta’kidladilar. Konstitutsiya oliy yuridik kuchga va to‘g‘ridan to‘g‘ri ta’sirga ega bo‘lib, butun mamlakat hududida yagona huquqiy makonni shakllantiradi.
Tadbir yakunida Eldor Aripov bir qator SMTI xodimlariga yuksak kasbiy yutuqlari va davlat siyosatini axborot-tahliliy ta’minlashga qo‘shgan hissasi uchun faxriy yorliqlar bilan taqdirladi.
Keyingisi
SMTIda "Search for Common Ground" xalqaro notijorat tashkiloti vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Joriy yilning 4-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutida (SMTI) Osiyo bo‘yicha mintaqaviy maslahatchi va "Search for Common Ground" (SFCG) xalqaro notijorat tashkilotining mamlakat bo‘yicha direktori Keneshbek Saynazarov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
06.12.2024