
Kuni kecha Toshkent shahrida Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyatining (GIZ) "Yashil Markaziy Osiyo II" dasturi doirasida o‘zaro manfaatli suv-energetika hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha Mintaqaviy ishchi guruhining beshinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tegishli vazirliklari, ilmiy-tadqiqot institutlari, tahliliy markazlari, shuningdek, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyot bo‘yicha hamkorlar vakillari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar suv-energetika hamkorligi sohasida zamonaviy tahliliy modellarni qo‘llash istiqbollari haqida fikr almashdilar. Jahon banki, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtirish komissiyasining ilmiy-axborot markazi, Potsdam universiteti, GIZ dasturlari va BMT Yevropa iqtisodiy komissiyasi mutaxassislari suv-energetika resurslarini baholash va ushbu sohadagi vaziyatning rivojlanish ssenariylarini ishlab chiqish uchun qo‘llaniladigan vositalarni taqdim etdilar.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar institutining bosh ilmiy xodimi Lobar Umarova ishtirok etdi. U Markaziy Osiyoda suv-energetika resurslarini boshqarish sohasida O‘zbekistonning qo‘shni mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorligining asosiy istiqbollari to‘g‘risida o‘zining ekspertlik fikrini taqdim etdi.
Muhokamalar davomida suv va energetika tizimlari, qishloq xo‘jaligi sohasi hamda ekologiya o‘rtasidagi o‘zaro aloqadorlikning turli mintaqaviy modellarini qo‘llash borasida fikr almashildi. Shu munosabat bilan, O‘zbekiston tomoni mintaqaviy suv hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan bir qator takliflarni ilgari surdi.

Xususan, sug‘orish jadvallarini optimallashtirish, ekologik oqimlarni tartibga solish va ichimlik suviga bo‘lgan ehtiyojni baholash uchun ilg‘or gidrologik modellarni keng qo‘llash muhimligi ta’kidlandi. Bu ayniqsa yozgi suv iste’moli eng yuqori bo‘lgan davrda, suvdan foydalanish samaradorligini oshirish va mamlakatlar o‘rtasida, muvofiqlashtirilgan hamkorlikni ta’minlash imkonini beradi.
Yer osti suv resurslarini o‘rganishga yordam beradigan maxsus modellardan foydalanishga alohida e’tibor qaratildi. Bu modellar suvli qatlamlarning holatini aniq baholash va suv olishning xavfsiz chegaralarini belgilash uchun zarurdir. Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va yer resurslarini asrash maqsadida yer osti suvlarini boshqarish hamda xavfli hududlarda yerlarning sho‘rlanishining oldini olishga kompleks yondashuv strategik ustuvor vazifa hisoblanadi.
Ishtirokchilarda 2050-yilgacha va undan keyingi davrlarga mo‘ljallangan uzoq muddatli iqlim ssenariylarini ishlab chiqish taklifi katta qiziqish uyg‘otdi, bu gidrotexnik inshootlarni o‘z vaqtida moslashtirish va ularning qurg‘oqchilik va toshqinlarga chidamliligini oshirish imkonini beradi. O‘zbekiston tomoni ilmiy ma’lumotlar davlatlararo kelishilgan qarorlarning poydevori bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Suhbatdoshlarni, ayniqsa, ilmiy yondashuvlarni davlatlararo darajada qaror qabul qilishning real jarayonlari bilan bog‘lash imkonini beruvchi "Ehtiyojlar → Modellar → Natijalar" matritsasini yaratish va joriy etish g‘oyasi qiziqtirdi. Bunday yondashuv Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanishining asosiy sharti sifatida qaralib, ishonch va manfaatlar muvozanatiga asoslangan muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab qiladi.
Tadbir Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati tomonidan "Yashil Markaziy Osiyo, II faza" dasturi doirasida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti, Davlatlararo suv xo‘jaligini muvofiqlashtiruvchi komissiyasining ilmiy-axborot markazi va Xalqaro iqlim tashabbusi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Oldingisi
2025-yilning 11-dekabr kuni Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori Eldor Aripovning Guelf universiteti prezidenti Rene Van Eker, vitse-prezidenti Shayan Sharif hamda moliyaviy masalalar bo‘yicha prorektor va vitse-prezident Bill Rouzxart bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
11.12.2025