Joriy yilning 13 dekabr kuni Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Italiyaning Osiyo va Afrika O‘rtayer dengizi instituti hamkorligida “O‘zbekiston – Italiya: hamkorlikning yangi ufqlari” mavzusida anjuman bo‘lib o‘tdi.
Gibrid formatda o‘tkazilgan vebinar joriy yilning may oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Rimga tashrifi yakunlari bo‘yicha tashkil etilgan ekspertlar muloqotining mantiqiy davomi bo‘ldi.
Tadbirda O‘zbekiston va Italiyaning siyosiy, diplomatik va ekspert-tahliliy vakillaridan iborat salmoqli tarkibni jamladi. Ikki davlat oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokamasida Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Makroiqtisodiyot va hududiy tadqiqotlar instituti, Markaziy Osiyo xalqaro instituti, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi rahbarlari va ekspertlari ishtirok etdi.
Anjumanni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o'rinbosari Akramjon Ne'matov kirish so‘zi bilan ochib berdi.
Videokonferensiya kun tartibi O‘zbekiston va Italiya o‘rtasidagi hamkorlik tendensiyalari va omillari, ikki mamlakat uchun o‘zaro manfaatli sheriklikning yangi istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, ikki mamlakat tadqiqot markazlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish yo‘llari va mexanizmlarini muhokama qilishga qaratilgan.
Konferensiya kun tartibidagi barcha masalalar 3 ta sessiyaga taqsimlangan:
- O'zbekiston va Italiya o'rtasidagi hamkorlik: kuzatilayotgan tendentsiyalar va istiqbollar;
- Italiyaning Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni mustahkamlashdagi roli;
- tahlil markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish.
Tadbir yakunlari bo‘yicha yig‘ilish ishtirokchilari ekspertlar muloqotini davom ettirishga kelishib oldilar, shuningdek, ikki davlatning tahliliy jarayonlarini takomillashtirish bo‘yicha ilg‘or tajribalar, tadqiqot natijalari va innovatsion yondashuvlarni almashish muhimligini e’tirof etdilar.
Malumot uchun. Italiyaning Osiyo va Afrika O'rta yer dengizi instituti 2017 yilda tashkil etilgan notijorat tahlil markazidir. Institutning maqsadi Italiya va Osiyo hamda Afrika mamlakatlari o'rtasidagi muloqotni rivojlantirish, iqtisodiyot va madaniyat, fan va tadqiqot sohalarida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirishdan iborat.
Institut koʻplab vazirlik va idoralar (Tashqi ishlar vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Turizm vazirligi, parlament va boshqalar) bilan hamkorlik qiladi. Korxonalarni xalqarolashtirish, madaniy diplomatiya, shuningdek, madaniy va barqaror turizmni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritalari”ni ishlab chiqadi.