Toshkentda "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans - kelajak konsepsiyasi" kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi

Kuni kecha poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonada pokistonlik jurnalist va yozuvchi Muhammad Abbos Xonning "O‘zbekiston: Uchinchi Renessans - kelajak konsepsiyasi" nomli kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Muhammad Abbos Xon badiiy-falsafiy yo‘nalishdagi ko‘plab kitoblar muallifi. Pokistonning "Daily Ittehad" va "Pakistan Economic" gazetalarida maxsus muxbir bo‘lib ishlagan davrida O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayoti, tarixi haqida maqolalar e’lon qilgan.

Joriy yilda urdu tilida nashr etilib, o‘zbek va rus tillariga tarjima qilingan kitobda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyati, "Yangi O‘zbekiston" taraqqiyotining ilg‘or modeli batafsil ochib berilgan.

Muhammad Abbos Xon o‘z asarida "Uchinchi Renessans" tushunchasini mintaqa uchun an’anaviy bo‘lgan adolat, insonparvarlik va ma’rifat qadriyatlariga asoslangan mamlakatdagi o‘zgarishlarning falsafiy va amaliy asosi sifatida ko‘rib chiqadi.

Taqdimotda qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat, davlat organlari, SMTI kabi ekspert doiralari, ommaviy axborot vositalari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Mehmonlar orasida Pokiston Islom Respublikasi Prezidentining axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Murtazo Solangi boshchiligidagi delegatsiyasi ham ishtirok etdi.

Muallif o‘z nutqida shunday ta’kidladi: "Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar meni ushbu kitobni yaratishga ilhomlantirdi. O‘zbekiston bugungi kunda zamonaviy, jadal rivojlanayotgan davlat barpo etishga yo‘naltirilgan keng qamrovli islohotlarni muvaffaqiyatli ravishda hayotga tatbiq etayotgani bilan butun dunyoga o‘rnak bo‘lmoqda."

Kitobga so‘zboshini Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif yozgan bo‘lib, unda u o‘zbek xalqining boy ma’naviy merosiga chuqur hurmatini izhor etib mamlakatda yuz berayotgan ijobiy o‘zgarishlar jarayonini yuqori baholagan. Unga ko'ra, ushbu nashr xalqlar o‘rtasidagi o‘zaro tushunishni mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega va kelajak avlodlar uchun qimmatli yo‘l ko‘rsatuvchi manba bo‘lib xizmat qiladi.

Taqdimotda so‘zga chiqqanlar bir ovozdan kitobning O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan va haqiqatan ham "o‘zbek mo‘jizasi" deb atalayotgan islohotlarga bo‘lgan xalqaro qiziqishning ortib borayotganini aks ettirishini ta’kidladilar. Erishilgan natijalar mamlakatning jahon hamjamiyatidagi o‘rnini mustahkamlashga qaratilgan maqsadli va izchil siyosati tufayli amalga oshirildi.

Tadbir davomida mamlakatlar o‘rtasidagi strategik hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi. Pokistonlik mehmonlar O‘zbekiston va Pokiston Prezidentlarining Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lovchi o‘zaro bog'liqlikni mustahkamlash hamda transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini yuqori baholadilar. Mazkur loyihalar Buyuk Ipak yo‘lining asosiy yo‘nalishlarini qayta jonlantirmoqda va mintaqalarning iqtisodiy o‘sishi, savdo-sotiq hamda barqaror rivojlanishi uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchilar O‘zbekiston tajribasi - davlatchilikni jadal rivojlantirish, institutlarni zamonaviylashtirishga intilish va innovatsion kelajakka yo‘nalganlik - xalqaro miqyosda tobora kattaroq qiziqish uyg‘otayotganini mamnuniyat bilan ta’kidladilar. Bunday ilmiy tadqiqot ishlari Uchinchi Renessans g‘oyalarini va Yangi O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni chuqur anglashga xizmat qilishi alohida qayd etildi.