Tahlil va ilmiy-akademik doira vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Yaponiyada bo‘lib turibdi. Ekspertlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Baxtiyor Mustafoyev ham bor.
Joriy yil 10 iyulda Tsukuba universitetida “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti doirasida bilim va innovatsiyalarni birgalikda ilgari surish” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir ishtirokchilari ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari, hamkorlikda amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan ilmiy tadqiqotlarning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash hamda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi ilmiy tadbirlar mavzulari yuzasidan fikr almashdilar.
Tsukuba universitetida O‘zbekiston delegatsiyasi sharafiga mamlakatimiz bayrog‘i ko‘tarildi.
Joriy yil 11 iyulda, 1997 yildan beri iqtisodiyot, atrof-muhit, sog'liqni saqlash, ta'lim, fan va texnologiyalar bo'yicha mustaqil tadqiqotlar olib borayotgan Yaponiyaning yetakchi tahlil markazi bo'lgan Tokio siyosiy tadqiqotlar fondi rahbariyati va ekspertlari xususan, prezident Kadono Izumi, ijrochi direktorlar Mari Suzuki va Mieno Nakabayashi bilan samarali muzokaralar bo'lib o'tdi.
Tomonlar O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Ikki tomonlama munosabatlar barcha sohalarda jadal rivojlanayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligidagi pragmatik va faol tashqi siyosat tufayli Yaponiya bilan ko‘p qirrali hamkorlikni yo‘lga qo‘yish uchun yangi strategik imkoniyatlar ochilayotgani ta’kidlandi. Savdo, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ta’lim sohalarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbolli yo‘nalishlar sifatida belgilandi.
Ikki davlat tahliliy markazlari ishtirokida muntazam uchrashuv va tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti rahbariyati bilan bir qatorda, Xalqaro munosabatlar axborot-tahliliy markazi, Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Markaziy Osiyo xalqaro instituti rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Tashrif dasturidan Yaponiya xalqaro munosabatlar instituti bilan hamkorlikda “O‘zbekiston-Yaponiya ekspert muloqoti: yangi sharoitlarda strategik sheriklik” mavzusida konferensiya o‘tkazish ham o‘rin olgan.
Qo‘shma ekspert forumi davomida ikki mamlakat tadqiqotchilari O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining dolzarb jihatlarini muhokama qiladi va uning asosida strategik sheriklikni yanada mustahkamlash bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqadi.