SMTIda da Germaniyaning Konrad Adenauer fondi Markaziy Osiyodagi vakolatxonasining yangi tayinlangan rahbari Ronni Xayne bilan uchrashuv bo'lib o'tdi.
Uchrashuvda SMTI va Jamg'arma o'rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashindi.
SMTI mutaxassislari Germaniya tomonini O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, tashqi siyosatning ustuvor yo‘nalishlari, jumladan, yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishtirishdi.
Germaniya Federativ Respublikasi mintaqadagi ijobiy o’zgarishlar dinamikasi fonida tobora strategik ahamiyat kasb etayotgan O'zbekiston bilan yaqin sheriklik aloqalarini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratayotgani ta'kidlandi.
Ronni Xayne Prezident Sh.Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan ichki va tashqi siyosatdagi islohotlarni yuqori baholadi. Uning so'zlariga ko'ra, misli ko'rilmagan qisqa vaqt ichida O'zbekistonning mintaqadagi yaxshi qo'shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan siyosati mutlaqo yangi siyosiy muhitni yaratdi. Mintaqaviy hamkorlik iqtisodiy o'sishning muhim omili ekanligi ta'kidlandi.
Suhbat davomida K.Adenauer fondi SMTI bilan yaqin samarali hamkorlikni davom ettirishga tayyorligi ta'kidlandi. Jamg'arma 2020 yilga mo'ljallangan tadbirlar rejasini tuzishni rejalashtirmoqda. Tomonlar mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash, iqtisodiyot, davlat va ijtimoiy qurilish, ijtimoiy sohani rivojlantirish bo'yicha dolzarb mavzular bo'yicha qo'shma tadbirlarni o'tkazishga o'zaro qiziqish bildirishdi.
Ma'lumot uchun: Fond 1955 yilda o'quv va tarbiyaviy ishlarni olib borish uchun tashkil etilgan. Germaniyaning birinchi Federal kansleri K. Adenaura nomi bilan ataladi. Markaziy Osiyoda ushbu Jamg'arma 1994 yildan beri faoliyat olib boradi. 2017 yilda SMTI va Fond o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.