Joriy yilning 18 avgust kuni Amerikaning yetakchi “The Diplomat” nashri veb-saytida "Afg‘onistondagi yarashuv jarayonida O‘zbekistonning o‘rni" deb nomlangan tahliliy maqola e’lon qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi muxbiri.
“The Diplomat” jurnali AQShdagi nufuzli ijtimoiy-siyosiy nashrdir. Jurnal o‘zining sahifalarida tashqi siyosat tendensiyalari, globallashuv va geosiyosat, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikning dolzarb masalalari, shuningdek, jahon moliya, biznes va xalqaro savdo bilan bog‘liq dunyodagi voqealar bo‘yicha yetakchi xorijiy ekspertlar baholari va sharhlarini e’lon qiladi. Jurnalning bir oylik o‘quvchilari soni 2 milliondan ziyod.
Material muallifi "Corsair LLC" konsalting kompaniyasi rahbari Jeyms Dyurso bo‘lib, u tashqi siyosat va milliy xavfsizlik bo‘yicha ekspert, 20 yil davomida AQSh flotida tahlilchi bo‘lib xizmat qilgan.
Maqolada ta’kidlanishicha, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti etib saylanishi mintaqaning Afg‘onistonga bo‘lgan qarashlarini o‘zgartirib, Afg‘onistonni Markaziy Osiyoning bir qismi sifatida tan olishga imkon berdi. Muallif ta’kidlaganidek, 2018 yilgi Toshkent deklaratsiyasi Afg‘oniston ichidagi muzokaralarni qo‘llab-quvvatladi va bu Markaziy Osiyo barcha davlatlarining Afg‘oniston muzokaralari jarayonidagi manfaatlarini rasmiy ravishda tasdiqladi.
Jeyms Dyursonning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyi oxiriga qadar Afg‘onistondagi AQSh qo‘shinlari sonining 5 minggacha qisqartirilishi, shuningdek, NATO ishtirokining pasayishiga va qator gumanitar dasturlarning qisqarishiga olib kelishi mumkin. Xorijiy hukumatlar xarajatlarni qisqartirganda, kamaygan tashqi yordam o‘rnini qoplash uchun iqtisodiyotni rivojlantirish, COVID-19 pandemiyasi natijasida yo‘qotilgan iqtisodiy faollikni tiklash va demobilizatsiya qilingan «Tolibon» jangarilarini ish bilan ta’minlash kerak bo‘ladi, deyiladi maqolada.
Sovet qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqilganidan va tashqi yordam to‘xtatilganidan keyin Najibulloh hukumati ag‘darilgan edi. Ammo bugungi Kobul 1992 yillardagidan farqli ravishda qo‘shnilarining Afg‘onistonni Markaziy Osiyo iqtisodiyotiga integratsiyalashuviga yordam berishiga umid qilishi mumkin. Bu hukumatning ag‘darilishi va fuqarolik urushining oldini olishga imkon beradi, deydi ekspert.
Bunday sharoitda, muallif ta’kidlaganidek, O‘zbekiston eng yaxshi geografik joylashuvga ega va mintaqada katta iqtisodiyotga ega Qozog‘iston bilan hamkorlikda Afg‘onistonning mintaqaviy jarayonlarga qo‘shilishi masalasida yetakchi o‘rinni egallashi uchun zarur bo‘lgan insoniy va tabiiy resurslarga ega.
Birinchidan, mintaqaviy transport integratsiyasi afg‘on yarashuvini tezlashtiradi. Termizning yuk tashish markazi va «Navoiy» xalqaro aeroporti Afg‘oniston uchun “savdo eshigi” bo‘lishi mumkin. Bu Afg‘oniston uchun janubiy yo‘nalishda muqobil ravishda Pokistonning Karachi va Gvadar portlari orqali Eronning Chobahor portiga chiqishni ta’minlaydi. Kobul, shuningdek, eksport transport yo‘laklari bo‘yicha Xitoy va Pokiston bilan muzokaralarda o‘z o‘rnini mustahkamlashi mumkin. Bundan tashqari, O‘zbekistonning avtomobil va temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilishi Kobul bilan Markaziy Osiyo mintaqasi o‘rtasida logistika aloqalarini ta’minlashda ijobiy omil hisoblanadi.
Ikkinchidan, O‘zbekiston afg‘on yoshlariga Termiz shahridagi Ta’lim markazi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan Yevropa Ittifoqi va BMT Taraqqiyot dasturining qo‘shma loyihasini amalga oshirish orqali sifatli bilim olish imkoniyatini taqdim eta oladi. Afg‘oniston fuqarolarining O‘zbekiston hududida kunduzgi ta’lim olish imkoniyati biznesni yuritish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini, mehnat standartlari, moliyaviy shaffoflikni o‘rganishga yordam beradi. Bu amalda aholisi yuqori darajada diversifikatsiyalangan – o‘zaro ishonch va bag‘rikenglik ruhi ustuvor O‘zbekiston qanchalik samarali va tinch yo‘l bilan harakat qilayotganini afg‘onlarga namoyish qilishi mumkin.
Uchinchidan, O‘zbekiston, ehtimol, o‘zining xorijiy va sarmoyadorlarni jalb etishiga imkon bergan keng va chuqur islohotlarining ijobiy tajribasiga asoslanib, toliblar ishtirokidagi Afg‘onistonning yangi hukumati uchun yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lishi kerakdir. “Tolibon” rahbarlari, ehtimol, «g‘alaba» dan keyin qabilalarga yaxshi ish va’da qilgan va Kobul hukumati, NNT yoki parlament delegatsiyalaridan o‘rganadigan narsalari yo‘q deb o‘ylashadi.
O‘zbekiston sarmoyadorlar zo‘ravonlik va korrupsiya bilan tanilgan bozorga kirmasligini tushuntirishi kerak. Masalan, AQSh Geologik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda urush sharoitida muhim bo‘lgan 1 trillion dollarlik qazilma boyliklari bor.
Tahlilchining ta’kidlashicha, NATO Afg‘onistondan chiqib ketganidan so‘ng, Afg‘oniston ishtirokida mintaqaviy rivojlanishni ta’minlash uchun O‘zbekiston zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Bu masala bo‘yicha AQSh, Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa rivojlangan davlatlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi infratuzilma va boshqa loyihalarni moliyalashtirish orqali Toshkentga siyosiy va iqtisodiy jihatdan yordam berishlari shart.
Xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari “S5 + 1” va “AQSh-Afg‘oniston-O‘zbekiston” kabi uch tomonlama muloqot shaklidan nafaqat vaziyatni baholashda, balki qarorlarni qabul qilish uchun ham foydalanishi mumkin. Muallifning fikriga ko‘ra, ushbu platformalar doirasidagi yuqori darajadagi uchrashuvlar amaliy qarorlarni qabul qilishga qaratilgan bo‘lishi kerak. Faqat shu tarzda barcha jalb qilingan tomonlar o‘rtasidagi munosabatlar yanada ravshan va mustahkam bo‘ladi, deydi Jeyms Dyurso.
Material yakunida Jeyms Dyurso Prezident Shavkat Mirziyoyevning quyidagi so‘zlarini keltiradi: " Afg‘oniston xavfsizligi – bu O‘zbekiston xavfsizligi, butun bepoyon Markaziy va Janubiy Osiyo mintaqasi barqarorligi hamda taraqqiyotning garovidir". U O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari Afg‘onistonga global iqtisodiyotga qo‘shilish imkoniyatidan foydalanishda yordam berishga, Afg‘onistonning terrorizm o‘chog‘i, narkotiklar, qurol-yaroq va odamlar savdosi markaziga aylanishiga yo‘l qo‘ymaslikka tayyor ekanliklarini ta’kidlaydi.