Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bunyodkorlik ishlari bilan tanishmoqda.
Birinchi obyekt Mirzo Ulugʻbek tumanidagi Geologiya fanlari universiteti boʻldi. Davlatimiz rahbari joriy yil 31-yanvar kuni ushbu yangi oliy oʻquv yurti qurilishiga tamal toshi qoʻygan edi. Bugunga kelib binolar ancha qad koʻtarib qoldi.
Loyiha doirasida 6 ta koʻp qavatli imorat barpo etilishi va 4 tasi rekonstruksiya qilinishi koʻzda tutilgan. Hozirgi birinchi bosqichda oʻquv korpusi, Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti, Mineral resurslar instituti, Geologiya va geofizika instituti, Geologiya muzeyi binolari, kutubxona, yotoqxona bunyod etilmoqda.
Prezident bu yerga yana kelib, qurilish ishlari va rejalar bilan shaxsan tanishgani bejiz emas.
- Ilm bizning qonimizda, genimizda bor. Bu markaz ham uchinchi Renessans poydevorlaridan biri, - deya taʼkidladi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari joriy yil 24-yanvarda Oliy Majlisga Murojaatnomada hamda 31-yanvar kuni ilm-fan vakillari bilan uchrashuvda geologiya sohasini rivojlantirishga doir dolzarb vazifalarni belgilab bergan edi. Shu asosda mamlakatimizda yangi geologiya tizimi yaratilmoqda. Prezidentimizning bu sohaga oid 4 ta qarori qabul qilingan.
Geologiya fanlari universiteti sohadagi ilmiy muassasalarni jamlagan yaxlit majmua boʻladi. Uning tarkibiga 4 ta ilmiy-tadqiqot instituti kirgan. Ilgari ular tarqoq joylashgan edi. Shuningdek, bu yerga Geologiya muzeyi koʻchirib kelinadi. Sohadagi muassasalar bir joyda boʻlishi mutaxassislarning yaqin hamkorlikda ishlashi, talabalarning ilmiy laboratoriyalarda amaliyot oʻtashini taʼminlaydi. Bu esa binolarga xizmat koʻrsatish uchun ham qulay va tejamkor.
Davlatimiz rahbari shu yerda ilmiy-tadqiqot institutlari rahbarlari bilan suhbatlashdi.
- Ilm-fan barcha sohalarni fundamental rivojlantirish uchun asos. Avvaldan eʼtibor berganimizda, geologiyaning hamma yoʻnalishlari boʻyicha 15-20 foiz aholini ish bilan taʼminlashimiz mumkin edi. Mana endi olimlarga sharoit yaratishga harakat qilyapmiz, intellektual mulkni asrab, qoʻllab-quvvatlayapmiz. Intellektual mulk uning egasiga ham, davlatga ham manfaat keltiradi, - dedi Prezident.
Shavkat Mirziyoyev ushbu dargohda yaratiladigan sharoitlar bilan qiziqib, qurilish sifatli, laboratoriyalar yuqori texnologiyali boʻlishi kerakligini taʼkidladi.
- Zamin mustahkam boʻlishi kerak. Biz bu universitetni kelajak uchun quryapmiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda loyihaning ikkinchi bosqichi taqdimot qilindi. Bu bosqichda Davlat geologiya qoʻmitasi binosi, Geologiya axborot markazi, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi, avtoturargoh barpo etilishi rejalashtirilgan.
Oldingisi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti xorijiy davlatlar elchilarini qabul qildi
Bugun “Koʻksaroy” qarorgohida xorijiy davlatlarning mamlakatimizga yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilishga bagʻishlangan tantanali marosim boʻlib oʻtdi.
16.10.2020Keyingisi
Prezident IT-park qurilishini koʻzdan kechirdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizdagi Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parkida boʻldi.
16.10.2020