Prezident Romitandagi mahallada mehmon bo‘ldi

Davlatimiz rahbari Buxoro viloyati Romitan tumanidagi Qahramon mahallasida bo‘lib, aholi turmushi bilan yaqindan tanishdi. 

Bu yerda 3 ming 900 nafarga yaqin aholi yashaydi. Mahallaning drayveri hunarmandlik va issiqxona xo‘jaligi deyish mumkin. 200 gektar maydondagi issiqxonalarda bozorbop sabzavotlar yetishtirib sotiladi. Shuningdek, mebelsozlik, tikuvchilik, zardo‘zlik yaxshi rivojlangan. 

Prezidentimiz shu yerlik Halil Qobilov va Gulbahor To‘xtayevalar xonadonida bo‘ldi. Qo‘ni-qo‘shnilar, oqsoqollar yig‘ilib, samimiy davra qurildi.

Mahalla raisi hududdagi o‘zgarishlar, odamlar hayoti haqida so‘zlab berdi. 

Mahallada o‘ndan ortiq savdo do‘koni, tikuvchilik ustaxonalari, mehmonxona va restoranlar bor. Ularda mahalliy yoshlar ishlab, daromad topmoqda. Umuman aytganda, mahallada ishsiz odam yo‘q, o‘tgan davrda bironta jinoyat sodir etilmagan. 

“Obod mahalla” dasturi asosida infratuzilma yaxshilangan. Xususan, ichki yo‘llar asfaltlanib, pidyodalar yo‘laklari qurilgan. Transformator o‘rnatilib, elektr tarmoqlari yangilangan.

- Odamlarga nima kuch beradi? Islohotlar natijasini o‘z hayotida ko‘rish. Bugun odamlarimiz shunday ruh bilan ertangi kunga intilayapti. Harakat qilgan oilaning biri ikki bo‘lyapti. Xalqimiz bizga katta ishonch bildirdi. Yanada o‘zgarishlarni, yangi tashabbuslarni kutayapti. Bu juda yuksak mas’uliyat, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Uchrashuvda nuroniylar yoshlar tarbiyasi, tuman rivoji bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdi.

Manba