Romitandagi to‘qimachilik korxonasida ming nafar ayol ishli bo‘ldi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Romitan tumanidagi “WBM Romitex” korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona miqyosi jihatidan ham, salohiyati jihatidan ham ulkan. Loyiha qiymati 93 million dollardan ziyod. Uning jami hududi 20, ishlab chiqarish maydoni 7 gektar. Turkiya va Germaniyadan ilg‘or uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Shu tariqa, yiliga 25 ming tonna ip-kalava tayyorlash quvvati va 1000 ta ish o‘rni yaratilgan.

- Romitan sharoitida bunday korxonaning bo‘lishi quvonarli. Bunga davlat infratuzilma, mablag‘, imkoniyat jihatidan ko‘maklashdi. Eng katta natija - ming nafar xotin-qizlarimiz ishli bo‘lgani, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekiston Prezidentining joriy yil 10-yanvardagi “Paxta-to‘qimachilik klasterlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, to‘qimachilik va tikuv-trikotaj sanoatini tubdan isloh qilish hamda sohaning eksport salohiyatini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bunday korxonalarga katta madad bo‘ldi. Jumladan, ularga revolver kreditlash asosida aylanma mablag‘ ajratilgani ishlab chiqarish barqarorligini ta’minladi.

Loyihaning ikkinchi bosqichida tayyor mato ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan. Muhimi, bu tufayli qishloq joyda 3 mingga yaqin ish o‘rni yaratiladi. 

Davlatimiz rahbari mahsulotlar turi va sifatini oshirib, eksportni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Manba