Prezident Shavkat Mirziyoyev poytaxtimizda barpo etilayotgan “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi va Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasining yangi binolari bilan tanishdi.
Mamlakatimizda yuksak intellektual salohiyatga, zamonaviy fikrlash qobiliyati va dunyoqarashga ega, davlatimiz manfaatlari hamda suverenitetini fidokorona himoya qilishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Prezidentimizning 2019-yil 28-iyundagi “Oʻsmirlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash xamda Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan harbiy sohadagi vazirlik va idoralar tarkibida “Temurbeklar maktablari”ni tashkil etish belgilangan edi.
“Temurbeklar maktabi” chinakam vatanparvar avlodlarni kamol toptiruvchi harbiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Mazkur dargohda xalqimizning maʼnaviy-maʼrifiy qadriyatlariga sodiq, halol, vatanparvar, milliy gʻurur tuygʻusi asosida kamol topgan, buyuk ajdodlarimiz, avvalo, Amir Temurning bebaho merosini chuqur oʻrgangan, qatʼiy hayotiy qarashlar va faol fuqarolik pozitsiyasiga ega oʻquvchilar tarbiyalanadi.
Qarorga muvofiq, “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylarini tashkil etish va ularning oʻquv-tarbiyaviy jarayonini takomillashtirish boʻyicha tegishli ishlar amalga oshirilmoqda. 2020/2021 oʻquv yilidan mazkur taʼlim muassasalariga oʻquvchilar qabul qilindi.
Poytaxtimizdagi “Temurbeklar maktabi”ga ham tanlov asosida 100 nafar, shuningdek, imtiyoz asosida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, vafot etgan harbiy xizmatchilar va koʻmakka muhtoj oilalarning 10 nafar farzandi, jami 110 nafar oʻquvchi qabul qilindi.
Oʻquv dargohining shaxsiy tarkibi ham tanlov orqali shakllantirildi. Yaʼni, 660 nafar oʻquvchilar orasidan 21 nafar yuqori bilimli va malakali pedagog kadrlar tanlab olindi.
Qarordagi ustuvor vazifalarni amalga oshirish uchun ilgarigi harbiy-akademik litseylar va “Temurbeklar maktablari” faoliyati oʻrganildi. Natijada “Temurbeklar maktabi”ga xos oʻquv muassasasining aniq dasturi ishlab chiqildi. Bunda fanlararo integratsiya va intensiv taʼlim inobatga olingan boʻlib, bir-biriga uzviy bogʻliq fanlar integratsiya asosida oʻqitiladi. Natijada ikki yillik taʼlim standartini bir yilda oʻzlashtirish koʻzda tutilgan.
Maktab ikki yillik boʻlib, ona tili va xorijiy tillar chuqur oʻrgatiladi. Oʻquvchilar ikkinchi yili mustaqil fanlarga yoʻnaltiriladi.
Davlatimiz rahbariga “Temurbeklar maktabi” faoliyati, oʻquv jarayoni, qurilayotgan yangi bino va inshootlar haqida maʼlumot berildi.
Maktab uchun oʻquv korpusi, yotoqxona, oshxona barpo etilmoqda, akademiyaning mavjud binolari rekonstruksiya qilinmoqda. Majmuada, shuningdek, jismoniy-harbiy mashgʻulotlar maydoni, stadion, avtodrom, plas va boshqa obyektlar boʻladi.
Prezidentimiz maktabda ona tili va tarix fanlaridan tashqari, xorijiy tillarni mukammal oʻqitish zarurligini taʼkidladi.
– Bu dargohda haqiqiy vatanparvar, xalqini, Vatanini sevadigan avlod tarbiyalanishi zarur. Maktabda shunday sharoit yaratish kerakki, bu yerda taʼlim olgan yoshlar harbiy sohalar kadrlar zaxirasini toʻldirishi lozim, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Davlatimiz rahbari yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, oʻquvchilarga yurtimiz tarixi va milliy qadriyatlarimizni chuqur oʻrgatish, darslarga har bir fan boʻyicha yetakchi pedagoglarni jalb etish muhimligini taʼkidladi.
Davlat xavfsizlik xizmati akademiyasida bugungi zamonaviy tahdidlarga qarshi tura oladigan mutaxassis kadrlar tayyorlash yuzasidan tavsiyalar berildi.
Keyingisi
Oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini saqlash masalalari muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va ichki bozorda narx-navo barqarorligini saqlash chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
16.10.2020