O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev
Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Aziz qardoshim!
Mening nomimga yo‘llangan, Turkmaniston va O‘zbekiston o‘rtasidagi an’anaviy qardoshlik aloqalari chuqur tahlil qilinib, mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlash uchun keng imkoniyatlar mavjudligi qayd etilgan maktubingiz uchun Sizga chuqur minnatdorlik bildirish sharafiga muyassarman.
Sizning ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va uni rivojlantirish istiqbollari haqidagi fikrlaringizni to‘liq qo‘llab-quvvatlar ekanman, men Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik xarakteriga ega ekanligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Xalqlarimiz o‘rtasida yaxshi qo‘shnichilik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash tamoyillariga muvofiq ko‘p yillardan buyon jadal rivojlanib kelayotgan do‘stlik va qardoshlik aloqalari bugungi kunda yangi mazmun kasb etganini katta mamnuniyat bilan qayd etmoqchiman.
Oliy va yuqori darajadagi doimiy muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikning yuksak darajasini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Siz bilan Ashxobod va Toshkentda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarimizni, ularda Turkmaniston-O‘zbekiston munosabatlarining turli jihatlarini muhokama qilganimiz, ko‘plab muhim madaniyat maskanlarining ochilishida qatnashganimizni alohida yorqin taassurotlar bilan eslayman.
Toshkent shahrida turkman shoiri va faylasufi, mumtoz va adabiyotimiz namoyandasi Maxtumquli sharafiga nomlangan ko‘cha hamda uning siymosi tasvirlangan yodgorlik, "Ashxobod" madaniyat va istirohat bog‘i, shuningdek, Xorazm viloyatida O‘zbekiston-Turkmaniston do‘stlik uyi va "Ulli hovli" madaniy majmuasining ochilishi xalqlarimizning abadiy do‘stligi va birodarligining yorqin ramzi bo‘lib xizmat qilmoqda.
O‘z navbatida, Turkmaniston poytaxtidagi "Ilhom" markaziy xiyobonida Sharqning buyuk shoiri va mutafakkiri Alisher Navoiyning ulkan yodgorligi o‘rnatildi va Ashxobodning bevosita Prezident saroyiga yaqin markaziy ko‘chalaridan biriga ulug‘ shoirning nomi berildi.
Bundan tashqari, 2017-yilda Sizning Turkmanistonga davlat tashrifingiz doirasida Turkmanobod shahrida o‘zbek xalqining buyuk o‘g‘loni, atoqli davlat va siyosat arbobi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov haykali ochildi, uning nomi Lebap viloyatining ma’muriy markazi ko‘chalaridan biriga berildi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Ayni vaqtda Sizga shuni ham ma’lum qilmoqchimanki, kuni kecha Ashxobod markazida O‘zbekiston poytaxti sharafiga zamonaviy "Toshkent" madaniyat va istirohat bog‘ini loyihalashtirish va qurish uchun tender e’lon qilindi.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston kompaniyalarini ushbu tenderda ishtirok etishga taklif qilaman.
Shu bilan birga yana bir muhim yangilikni sizga yetkazmoqchiman. Yaqinda biz 2020-yilgi eng namunali ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy ko‘rsatkichlar bo‘yicha Turkmaniston tumanlari o‘rtasida o‘tkazilgan tanlov g‘olibini e’lon qildik. Ushbu tanlovda Toshhovuz viloyatining S.A.Niyozov tumani g‘olib bo‘lib, 1 million AQSh dollari miqdorida mukofotga sazovor bo‘ldi. Ushbu tuman aholisining 99 foizini o‘zbeklar tashkil etishini ta’kidlash menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Madaniy-gumanitar aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarni ravnaq toptirishda muhim rol o‘ynaydi. Ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirar ekanmiz, biz turkman va o‘zbek xalqlarining azaliy birodarlik va o‘zaro mehr-oqibat an’analariga, ularning tub ma’naviy va tarixiy qadriyatlari mushtarakligiga tayanamiz.
Shu nuqtai nazardan, 2021-yil 17-fevral kuni Ashxabodda buyuk shoir va davlat arbobi Zaxiriddin Muhammad Bobur tavalludining 538 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tganini ta’kidlash ham menga mamnuniyat bag‘ishlaydi.
Bunday tadbirlarni o‘zaro o‘tkazib borish umumiy madaniyatlarimiz, tarixiy siymolarimizni ommalashtirishga katta hissa qo‘shadi, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlaydi.
Aziz birodarim!
Turkmaniston ijobiy betaraflik tamoyillariga asoslanib, mintaqaviy va mintaqalararo hamkorlikda doimo faol ishtirok etmoqda.
Bugungi kunda Turkmaniston tashabbusi bilan mintaqaning barqaror taraqqiyotiga amaliy turtki berishga qaratilgan energetika, transport va kommunikatsiya sohalarida keng miqyosli mintaqalararo loyihalar amalga oshirilmoqda.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib, biz O‘zbekistonning 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Tahdid va imkoniyatlar" mavzusida yuqori darajali xalqaro konferensiya o‘tkazishga doir tashabbusini olqishlaymiz va to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz.
Ushbu forumga katta ahamiyat bergan holda, Turkmaniston uning ishida ishtirok etish uchun rasmiy delegatsiyani yuboradi. Konferensiya ishi samarali bo‘ladi, uning natijalari esa Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shadi, deb ishonaman.
Fursatdan foydalanib, hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sog‘liq, ko‘p qirrali davlatchilik faoliyatingizga katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
Oldingisi
Yo‘l-transport tizimiga oid loyihalar taqdimoti o‘tkazildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrida yo‘l-transport tizimini yaxshilash va yangi yo‘llar qurishga oid loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
24.02.2021Keyingisi
Prezident: Ekinlardan olinadigan daromadni keskin ko‘paytirish va suvdan oqilona foydalanish sohadagi eng ustuvor vazifa bo‘lishi kerak
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-fevral kuni qishloq va suv xo‘jaligi sohasida joriy yilda amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
24.02.2021