O‘zbekistonning xalqaro maydonda tutgan keng o‘rni Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligidagi mamlakat tashqi siyosatining o‘ziga xos xususiyati bo‘lib qolmoqda. Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyevning aytishicha, bunday yo‘nalish tashabbuskor tashqi siyosatni talab qiladi. Ekspert Kun.uz saytiga bergan intervyusida O‘zbekiston rahbariyatining yangi tashabbuslari yaqin qo‘shnilar bilan munosabatlarni qanday tarzda shakllantirishi haqida so‘z yuritdi.
- Moskva va Toshkent o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning Shavkat Mirziyoyev davrida rivojlanishini qanday ta'riflagan bo‘lardingiz?
- Rossiya bilan munosabatlar biz uchun doimo strategik ahamiyatga ega bo‘lib kelgan. 2005 yilgi kelishuvga muvofiq, mamlakatlarimiz o‘rtasida ittifoqchilik munosabatlari o‘rnatildi, hamkorlikning keng qamrovli dasturlari doimo qo‘llab-quvvatlandi. Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelishi bilan ikki tomonlama hamkorlikning barcha sohalarida aloqalar jadal rivojlana boshladi. Buni qurollanmagan ko‘z bilan ham ko‘rish mumkin.
Hamkorlikning bunday jadallashuvi davlatimiz rahbarining dinamik boshqaruv uslubini va O‘zbekistondagi islohotlarning yuqori sur'atini aks ettiradi. Mamlakatimizda iqtisodiy o‘sishning jadallashishi tashqi hamkorlar bilan maksimal darajada hamkorlik qilishni talab qiladi. Va Rossiya ular orasida yetakchi o‘rinni egallaydi.
So‘nggi ikki yil ichida, ayniqsa, prezident Mirziyoyevning Rossiya rahbariyati bilan muzokaralari davomida erishilgan natijalarni hisobga olgan holda, men ushbu hamkorlik davrini ilgari ishlab chiqilgan va hozirda faol rivojlanib borayotgan ikki tomonlama normativ-huquqiy asosning amaliy ijrosiga o‘tish deb ta'riflagan bo‘lardim.
- Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedev O‘zbekistonga qilgan oxirgi tashrifi chog‘ida Rossiya telekanaliga bergan intervyusida mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarda sovuqchilik davri ham bo‘lganligini aytdi.
- Albatta, turli davrlar bo‘lgan, ba'zida bizni qoniqtirmagan holatlar ham kuzatilgan. Shuni anglash lozimki, bu xalqaro munosabatlardagi oddiy jarayon hisoblanadi, chunki mamlakatlar tashqi siyosati asosida milliy manfaatlar yotadi. Ular qayerdadir kesishadi, qayerdadir mos keladi, yana qayerdadir ajraladi. Shunga qaramay, ikki tomonlama kun tartibimizda munosabatlardagi o‘zaro hurmat har doim hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan. Biz doimo Rossiya manfaatlarini e'tirof etdik va hisobga oldik, uning o‘zimiz a'zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar doirasidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatladik va Rossiya tomonidan ham xuddi shunday yordam oldik.
Hozirda xorijiy ekspertlar yangi ochiq O‘zbekiston haqida ko‘p gapirishmoqda va yozishmoqda. Bu ochiqlik chegaralar va iqtisodiy jihatlargagina taalluqli emas. Agarda tashqi siyosat haqida gapiradigan bo‘lsak, demak, gap hamma bilan ochiq muloqot qilish haqida bormoqda. Bu munosabatlarni barcha hamkorlar bilan bir xil intensiv ravishda rivojlantiramiz. Shu bilan birga, ba'zilar bilan hamkorligimizda boshqalarga zarar yetkazmasligimiz kerak. Bu juda muhim hisoblanadi.
- Darvoqe, O‘zbekiston MDHdagi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi.
– Bu juda yaxshi misol. O‘zbekiston qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarning a'zosi. Ular umumiy maqsad va muammolarga ega bo‘lgan mamlakatlar uchun manfaatlarni ko‘p tomonlama shaklda muvofiqlashtirish, umumiy yondashuv va qoidalarni ishlab chiqish uchun maydon taqdim etadi.
O‘tgan yillarda O‘zbekiston o‘z manfaatlarini ilgari surish uchun tashkilotlar salohiyatidan yetarlicha foydalanmaganini tan olish kerak. Masalan, siz aytgan MDH, ushbu tashkilot possovet makonidagi mamlakatlarning deyarli barcha sohalarda, xavfsizlik bo‘ladimi yoki metrologiya masalalari bo‘ladimi, munosabatlar o‘rnatish uchun keng miqyosli normativ-huquqiy bazaga ega. MDHga tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasidagi barcha mamlakatlar kiradi, Rossiya - bizning eng yirik investor va savdo hamkorimiz.
Shu bois MDHning eng yirik davlatlaridan biri bo‘lgan O‘zbekistonning tashkilot ishidagi faollashuvi juda talab qilinadigan qadamdir. Faqatgina joriy yilda O‘zbekiston tashkilot doirasida yettita tarmoq uchrashuvlari o‘tkazish uchun o‘z maydonini taqdim etdi. Menimcha, turli-tuman harakatlar dasturini taklif qilgan O‘zbekiston MDHga yangi energetika olib kirdi. Ushbu turtkidan foydalanib, Hamdo‘stlikni ancha samarali va jozibali platformaga aylantirish mumkin.
- O‘zbekistonning Rossiya bilan munosabatlari MDH doirasidagi hamkorlik intensivligi bilan mos keladi deyish mumkinmi?
- Ham "ha", ham "yo‘q" deyish mumkin. Bu ikki jarayonning bir-biriga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta'sir darajasini aniqlash juda qiyin. Menimcha, MDH O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi munosabatlar va umuman Hamdo‘stlikning barcha a'zolari o‘rtasida umumiy falsafani yaratadi. MDH bu O‘zbekistonning Rossiya va boshqa sobiq respublikalar bilan ikki tomonlama munosabatlari o‘rnatila boshlangan nuqtadir. U davlat, hukumat, vazirlik va idoralar, jumladan, ixtisoslashtirilgan bo‘limlar rahbarlari uchrashadigan joy. Aytgancha, MDH doirasidagi ushbu uchrashuvlardan tez-tez foydalanib, ikki tomonlama muzokaralar olib borilmoqda va hamkorlik bo‘yicha qo‘shma hujjatlar imzolanmoqda.
Bundan tashqari, barcha ikki tomonlama munosabatlar yanada kengroq hamkorlikni talab qiladi, MDH maydoni esa possovet hududida birinchilardan bo‘lib tuzilgan. U ikki tomonlama sa'y-harakatlarni samarali ravishda to‘ldirish imkonini beradi. Nima bo‘lganda ham O‘zbekistonning MDHda faollashuvi Rossiya va tashkilotning boshqa a'zo davlatlari bilan hamkorlikka ijobiy hissa qo‘shmoqda.
- Ilgarilari O‘zbekiston go‘yoki ikki tomonlama munosabatlarni ma'qul ko‘rishi haqida tez-tez aytilardi. Hozirda mamlakat bunday siyosatdan uzoqlashmoqdami?
- Bunga boshidan - 1990-yillardan boshlab qarash kerak. Mustaqillikning dastlabki yillarida barcha mamlakatlar nafaqat ikki tomonlama munosabatlarga e'tibor qaratgandi, balki ko‘p tomonlama hamkorlik uchun turli formatlar va mintaqaviy tashkilotlar yaratishga urinishgandi. Bu iqtisodiy ehtiyojlar, bunga qadar mavjud bo‘lgan aloqalarni saqlab qolish bilan bog‘liq edi. Shuningdek, o‘sha paytda MDHda mavjud bo‘lgan xavfsizlik muammolari bilan ham bog‘liq edi. Shu bois, ikki tomonlama munosabatlarning rivojlanishi har doim ustuvor ahamiyatga ega bo‘lgan deb bo‘lmaydi. Xorijiy davlatlar bilan bevosita aloqalar qator muayyan masalalarni hal qilish uchun oldinga chiqa boshladi.
Masalan, biz Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar hamda Afg‘oniston bilan chegaradosh yagona davlatmiz. Shuning uchun ko‘p tomonlama formatlarga qo‘shimcha ravishda, Markaziy Osiyoning har bir davlati bilan chegaralarni delimitatsiya va demarkatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish va elektr oqimi, tovarlar va odamlar harakatini tartibga solish bilan bog‘liq masalalar majmuini hal qilishga to‘g‘ri keldi. Ko‘p tomonlama formatda batafsil muhokama qilib bo‘lmaydigan va samarali yechilishi mumkin bo‘lmagan keng miqyosli kun tartibi bor edi va bor.
Hozirgi vaqtda muzokaralar yanada samarali davom etayotgan bo‘lsa-da, bu masalalar oxirigacha hal bo‘lmagan.
Ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga ilgarigidek katta e'tibor berilmoqda. Hozirgi tashqi siyosatimizning o‘ziga xos xususiyati O‘zbekistonning butun mintaqada va butun dunyodagi roli va o‘rnini kengroq ko‘rib chiqishdan iborat bo‘lmoqda. Ikki tomonlama va ko‘p tomonlama formatlarda ham xalqaro hamkorlikdan amaliy natijalarga erishishga qaratilgan e'tibor kuchaydi.
O‘zbekiston o‘z rivojlanishining tashabbuskor tashqi siyosatni talab qiluvchi yangi bosqichiga qadam qo‘ydi deb aytish mumkin. Nafaqat O‘zbekiston. Qo‘shnilarimiz va MDHning boshqa davlatlari ham xuddi shu davrga kirib kelishdi. Agar dastlab ular asosan suveren, mustaqil davlat qurishga e'tibor qaratishgan bo‘lsa, endilikda mamlakatlarimiz samarali rivojlanishga yordam beradigan yetuk, uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli munosabatlar qurish bosqichi boshlandi.
- Markaziy Osiyoga, Shavkat Mirziyoyevning yuqori darajadagi norasmiy uchrashuvlar o‘tkazish tashabbusiga qaytsak, siz bu g‘oyani qanday baholaysiz? U mintaqani yangi darajaga olib chiqa oladi. Integratsiya haqida gapirish mumkinmi yoki uchrashuvlar shunchaki maslahatlashuvlar bo‘lib qolaveradimi?
– Avvalo, nomidan ham ma'lumki, bu maslahatlashuv maydoni. Bu yerda hech qanday ittifoq yoki institutsional integratsiya haqida gap yo‘q. Nima uchun ushbu format tanlangan? Bu yerda juda chuqur o‘ylashni talab qiladigan masalalar bor. Markaziy Osiyodagi barcha mamlakatlar mintaqa rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganligidan, yaxlit xarakterga ega bo‘lganligidan kelib chiqmoqda. Mamlakatlarimiz jahon miqyosida birgalikda e'tirof etilmoqda. Buni hamkorlik formatlari mavjudligi bilan ham baholash mumkin. Masalan, AQSh tashabbusi bilan tashkil etilgan C5 + 1. Shunga o‘xshash format Yaponiya, Koreya bilan ham mavjud. Ko‘plab hamkorlar mintaqa bilan xuddi yaxlit makon kabi hamkorlik qilishga qiziqmoqda. Ammo bu bunday hamkorlik uchun biz qandaydir ittifoq yaratishimiz va shu asosda aloqalar o‘rnatishimiz kerakligini anglatmaydi. Shuning uchun uchrashuvlarning maslahat mexanizmidan foydalanish g‘oyasi nafaqat oqilona, balki hozirgi vaqt uchun eng muvaffaqiyatlisi bo‘ladi.
Markaziy Osiyoda juda ulkan salohiyat mavjud va u so‘nggi ikki yil davomida amalga oshirilgan umumiy sa'y-harakatlar tufayli ochilmoqda. O‘zbekiston va qo‘shni davlatlar o‘rtasida tovar ayirboshlashning o‘sish sur'atlari, fuqarolarning o‘zaro tashriflari o‘sishi qanday bo‘lganini barchamiz kuzatdik. Ba'zi baholashlarga ko‘ra, har kuni 100 mingdan ziyod kishi qo‘shni davlatlardan O‘zbekiston chegarasini kesib o‘tadi.
Ko‘pincha, biz bir-birimizni to‘liq takrorlaydigan o‘xshash iqtisodlarga ega ekanligimiz to‘g‘risidagi gaplarni eshitib qolamiz. Aslida, bizning savdomiz ko‘p jihatdan bir-birini to‘ldiradi va o‘zaro ehtiyojlarni tezda to‘ldirishga imkon beradi. Bu salohiyat allaqachon harakatga kelgan, lekin bu chegara emas. Ichki mintaqaviy savdo darajasi rivojlangan integratsiyalashgan birlashmalar darajasiga yetib bormadi. Yevropa Ittifoqida bu ko‘rsatkich 60 foizdan oshadi. Bizda esa turli baholarga ko‘ra bu 10% dan kamroq. Asosiy savdo sheriklarimiz hozircha mintaqa tashqarisida.
- Bizni Yevroittifoq bozori bilan taqqoslash to‘g‘rimi?
- Ha, vaziyat boshqacha. Ammo bu qo‘shni davlatlar o‘zaro qanday munosabatda bo‘lishi va qanday darajadagi tovar almashuvi me'yoriy ekanligini ko‘rsatadi. Ayni paytda, boshqa mintaqalarda ichki mintaqaviy savdo ko‘rsatkichlari Markaziy Osiyodagidagi nisbatan ancha yuqori. ASEANda bu ko‘rsatkich umumiy savdo hajmining taxminan 50% ini tashkil etadi.
Umuman olganda, har qanday tajriba avvalo yaqin bozorlarga e'tibor qaratish, so‘ngra yana davom etish kerakligini ko‘rsatadi. Biz buni hozirda parallel ravishda qilmoqdamiz - uzoq va yaqin bozorlarga qaramoqdamiz. Mintaqa hozirda dunyodagi eng qudratli va tez rivojlanayotgan ikki bozor - Xitoy va Janubiy Osiyo yaqinida joylashgan. Shu bois, Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va davlat rahbarlarining maslahatlashuv formatida muvaffaqiyatli ko‘rib chiqilayotgan muammoli masalalarni tezda hal qilish birgalikda rivojlanish uchun juda kuchli iqtisodiy turtki berishi mumkin.
Davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari shakli haqidagi savolingizga qaytar ekanman, ularning asosiy maqsadi mintaqaning ikki asosiy talabi - barqarorlik va barqaror rivojlanishga tayangan holda uzoq muddatli mintaqaviy hamkorlikka konseptual ravishda chiqish deb javob beraman. Shu bilan birga, uchrashuvlarning maslahatlashuv shakli deklarativ maydon deb o‘ylash noto‘g‘ri. Davlat rahbarlarining muloqotlari natijalari bo‘yicha ularning tashkiliy-texnik kelishuvlari ishlab chiqilmoqda.
- Rossiya Federatsiyasi bilan munosabatlarga qaytsak, yaqinda bosh vazirlar darajasidagi komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Rossiya bilan bosh vazirlar darajasidagi komissiya mavjud bo‘lgan uchinchi davlat bo‘ldi (Fransiya va Xitoydan keyin). Bu komissiya o‘zi nima va tomonlar nima uchun bunday formatga o‘tishga qaror qildi?
- Avvalo, bu mamlakatlarimizning uzoq muddatli, izchil munosabatlar o‘rnatish va hamkorlikni tez va samarali rivojlantirish niyatlari jiddiyligidan dalolat beradi. Aytib o‘tganingizdek, Rossiya har qanday davlat bilan ham bitimlarning amalga oshish jarayonini bosh vazirning shaxsan o‘zi nazorat qiladigan darajada munosabat o‘rnatmagan. Albatta, bu turli muammoli masalalarni, hamkorlikka nisbatan to‘siqlarni tez va oson bartaraf etish imkonini beradi.
Nima uchun O‘zbekiston va Rossiyada bunday istak bor? Rossiyalik mutaxassislar bu savolga O‘zbekiston MDHning ikkinchi iqtisodiyotiga aylanishi mumkinligini taxmin qilib javob berishgan. Albatta, bunday baholashni turlicha sharhlash mumkin, ammo agar biz sof sanoat ko‘rsatkichini olsak, mahsulot ishlab chiqarish hajmiga e'tibor qaratsak, haqiqatan ham O‘zbekiston yaqin orada bu joyni egallashi mumkin. Bizning dinamik iqtisodiy o‘sishimiz turli ishtirokchilarni jalb qiladi. Ko‘pgina xorijiy investorlar bu yerda ochilayotgan imkoniyatlarga e'tibor qaratishadi.
Rossiya bu vaziyatni istiqbolli deb juda to‘g‘ri baholayapti va iqtisodiyotimizga investitsiyalar kiritishga katta e'tibor qaratyapti deb hisoblayman. Ma'lum vaqtdan so‘ng, u biz ko‘zlagan natijalarni beradi. Xususan, tovar almashishni 10 milliard dollarga yetkazish aytilgan. Menimcha, bunga erishsa bo‘ladi.
- Raqamlardan so‘z ochdingiz. Nima uchun tovar almashish bo‘yicha statistika doim farq qiladi? Nega o‘zbek tomonida u Rossiya tomoniga qaraganda tezroq o‘sadi?
– Aslida, bu savol ko‘p beriladi. Bu holat keng tarqalgan. Buning asosiy sababi hisoblash uslublari o‘rtasidagi farqdir. Hisob-kitob bojxona organlari tomonidan o‘z chegaralarida amalga oshiriladi va ular ko‘rsatkichlarni sinxron hisoblay olmasliklarini e'tiborga olish kerak. Hammaning o‘z statistikasi bor. Bundan tashqari, bizda to‘g‘ridan-to‘g‘ri chegara yo‘q. Mahsulotlarimiz Rossiya bozoriga uchinchi mamlakatlar hududi orqali kiradi. Ma'lum darajada bu ham tafovutga ta'sir qiladi. Eng asosiysi, farq juda katta emas. Ba'zi davlatlarda raqamlarda ancha katta farq bo‘ladi va u holda aniq e'tibor qaratish qiyin bo‘ladi. navigatsiya qilish juda qiyin. Bizning holatimizda tovar almashishda sezilarli o‘sish kuzatilmoqda. Agar hisob-kitobni yanada kengroq ko‘rib chiqsak, ikki tomonlama savdo miqdori rasmiy manbalar tomonidan aytilganiga nisbatan ancha baland deb taxmin qilish mumkin.
- Rossiya Afg‘onistondan xorijiy qo‘shinlar butunlay olib chiqib ketilishi tarafdori. Bu haqda yaqinda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma'lum qildi. Bu pozitsiyani qanday baholaysiz? Qo‘shni mamlakatdagi vaziyat nuqtai nazaridan bu oqilona qadammi?
- Rossiyaning Afg‘onistondagi birinchi o‘rindagi manfaati mening nazarimda, xavfsizlikni ta'minlash. Barchamiz birinchi navbatda bu mamlakatda tinchlik o‘rnatilishidan manfaatdormiz. Bugungi kunda faol olib borilayotgan muzokaralar jarayoni diqqat markazimizda turibdi. AQShning Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zalmay Xalilzod hozirda barcha manfaatdor tomonlar bilan maslahatlashuvlarning navbatdagi bosqichini o‘tkazmoqda. Bungacha u aprel oyida shunga o‘xshash marafon o‘tkazgandi. Rossiyaning ham bu yo‘nalishdagi sa'y-harakatlarini qayd etish joiz. So‘nggi oylarda Afg‘oniston muammosi bo‘yicha Rossiya, AQSh va Xitoy vakillari o‘rtasida bir nechta samarali maslahatlashuvlar o‘tkazildi. Bunday qadamlar yondashuvlarni tartibga solish va tinchlik muzokaralarini rivojlantirishga yordam beradi.
O‘z navbatida, O‘zbekiston afg‘onaro muloqot o‘tkazish uchun maydon taklif qildi. Biz bu muzokaralar amalga oshishi va muvaffaqiyatli bo‘lishi uchun barcha sa'y-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz. Ularning natijalari Afg‘onistonda kimlar qolishini, qanday siyosiy konfiguratsiya bo‘lishini aniqlab berishi kerak.
Biz qo‘shnilar va afg‘on xalqining boshqa do‘stlari bir asosiy narsani yodda tutishimiz kerak: har qanday holatda ham bu mamlakat hozircha tashqi yordam va qo‘llab-quvvatlovga muhtoj. Xalqaro hamjamiyatning ishtiroki, ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish ko‘p yillar davom etishi kerak bo‘lgan ulkan, kompleks choradir.
O‘zbekiston bu yo‘nalishda Afg‘onistonni mintaqamiz iqtisodiy tizimiga jalb qilish orqali, Termizdagi salohiyatimizdan foydalanib turli ijtimoiy va iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatini bergan holda sezilarli sa'y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Bundan tashqari, biz Afg‘onistonda savdoni rivojlantirishga hissa qo‘shadigan turli yo‘llarni qurishda ishtirok etishga tayyormiz.
- Bu mamlakatda tinchlikka erishish ehtimolini qanday baholaysiz?
- Muzokaralar doimo murosaga erishish yo‘lidagi harakatlardir, ammo afg‘on muammosi shunchaki ko‘p qirrali emas. U tinchlik o‘rnatilishiga to‘sqinlik qilayotgan qarama-qarshiliklar va turli jihatlar yig‘indisidir. Bu vaziyatda Afg‘onistonni, xususan, siyosiy sohada tartibga solish bo‘yicha har qanday muzokaralarda zarur bo‘ladigan ko‘plab turli xil omillar mavjud.
Shunga qaramasdan, Afg‘onistonda tinchlikka erishsa bo‘ladi. Buning uchun mamlakat ichida ham, atrofida ham barcha ishtirokchi tomonlarning manfaatlariga javob beradigan muvozanatli tizimni yaratish kerak. Shunday muvozanatga erishilganida ziddiyat darajasi pasaya boshlaydi va barqaror siyosiy tizimga o‘tish bilan nisbatan barqarorlashuvga erishish mumkin bo‘ladi.
- Bu bo‘lishi mumkinmi?
- Mumkin, lekin bu bir necha tadbirlarni amalga oshirib, qisqa vaqt ichida natijaga erishadigan holat emas. Murakkab, tinimsiz mehnat va eng asosiysi, Afg‘oniston muammosiga aloqador barcha kuchlarning samimiy ishtiroki talab qilinadi.
Oldingisi
O’zbekiston ovozi eshitilishi va uning pozitsiyasi hisobga olinishi kerak – Eldor Aripov
SMTI direktori Eldor Aripovning fikricha, O’zbekistonning ovozi Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo’yicha kengash sammitida inobatga olinishi juda muhimdir.
24.06.2019