O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu tashabbusi turkiy davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining kamayib ketayotganligi fonida muhim va dolzarbdir. Shuni ta’kidlash kerakki, 815 milliarddan dan ortiq umumiy savdo aylanmasiga hamda 160 million kishilik salohiyat bozorga ega tashkilot ishtirokchilarining o‘zaro savdo munosabatlari 2020 yilda atigi 33.2 milliardni tashkil etdi (bu raqamlar tashkilotga a’zo davlatlar umumiy tashqi savdosining 4% dan ortig‘ini tashkil etadi.). Bu ko‘rsatkichning 21 milliardi ichki importga to‘g‘ri keladi.
Masalan, Turkiy tilli davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning O‘zbekiston Respublikasi bilan umumiy savdo aylanmasidagi ulushi 17% ni, Qozog‘iston bilan 8,1% ni va Ozarbayjon bilan 14,5% ni tashkil yetadi. Shuni ta’kidlash kerakki, nominal qiymatiga ko‘ra Turkiyaning tashkilot davlatlari bilan savdodagi ulushi eng katta – qariyb 10 milliardni tashkil etadi. Bu esa turkiy davlatlarning tashqi savdosi asosan ularning an’anaviy bozorlariga qaratilganligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlar tovar aylanmasi tarkibida xomashyoning ulushi yuqoriligicha qolmoqda. Jumladan, xomashyo mahsulotlari – 50%, o‘rta darajali texnologik mahsulotlar – 26%, past darajali texnologik mahsulotlar – 19% va yuqori texnologik tovarlar – faqat 5% ni tashkil etadi. Shu bilan birga, texnologik mahsulotlar faqat Vengriya va Turkiya tomonidan eksport qilinadi.
Bundan tashqari, turkiy davlatlarning import oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan qaramligi yuqori. Masalan, Ozarbayjon 2019 yilda oziq-ovqat importini 19.9% ga (1,6 milliardgachagacha) oshirdi. Xuddi shunday holat Qirg‘izistonda ham kuzatilmoqda. Mamlakat importi tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jaligi xomashyosining ulushi 2019 yildagi 7,6% dan 2020 yilda 10,3% ga oshgan. Shu o‘rinda Qozog‘iston ham bir qator oziq-ovqat mahsulotlari uchun importga qaram bo‘lib qolmoqda, ularning bir qismi (shakar, tovuq go‘shti va boshqalar.) xorijiy davlatlarning mahsulotlari hisobidan (80% dan ortiq) bilan qoplanadi.
Shu bilan birga, tashkilotga a’zo davlatlar iqtisodiyotining barcha sohalariga ta’sir ko‘rsatgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini ham hisobga olish zarur. Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi ko‘rilayotgan misli ko‘rilmagan chora-tadbirlar, ishlab chiqarish va iste’molning qisqarishiga, savdo aloqalarining uzilishiga, tovar narxining pasayishiga va turkiy davlatlarda moliyaviy ahvolning yomonlashuviga bevosita o‘z ta’sirini ko‘rsatdi.
Yuqoridagilarga asoslangan holda hamda bugungi kunda Turkiy davlatlar Tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash ko‘rsatkichlari o‘zaro savdo hajmining o‘z salohiyati darajasidan bir necha barobar orqada ekanligi fonida tashkilot ichidagi savdo aloqalarini kengaytirish uchun qulay va jozibador shart-sharoitlar yaratish masalasi o‘rta muddatli istiqbolning asosiy vazifalaridan biri bo‘lib qoladi.
Shu nuqtai nazardan ishonch bilan aytish mumkinki, O‘zbekiston respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan Turkiy tilli davlatlar o‘rtasidagi savdo hamkorligi bo‘yicha ilmiy tadqiqot markazi savdo-sotiqning qaysi jabhalarida o‘sish imkoniyatlari yuqori ekanligini aniqlashda samarali vosita bo‘la oladi.
Bunday tadqiqot markazining faoliyat yuritishi tashkilotning ishtirokchi davlatlariga o‘zaro savdoni kengaytirishga to‘sqinlik qiluvchi va yuzaga kelayotgan muammolarni birgalikda aniqlash imkonini ham beradi. Bu esa, o‘z navbatida, turkiy davlatlar o‘rtasidagi ko‘p tomonlama savdoni chuqurlashtirishning innovatsion yechimlarini ishlab chiqishga xizmat qiladi.
Aziz Salixov
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI
yetakchi ilmiy xodimi
Oldingisi
Turkiy davlatlar sammitida sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish borasida muhim tashabbuslar ilgari surildi
Joriy yilning 12 noyabr kuni Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini taʼkidlab...
13.11.2021Keyingisi
SMTI direktori o‘rinbosari: O‘zbekiston rahbari turkiy davlatlarda atrof-muhitni muhofaza qilishga ixtisoslashtirilgan tuzilma yaratishni taklif qildi
O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) direktori o‘rinbosari Sanjar Valiyev “Dunyo” AA muxbiriga Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti yakunlari haqidagi fikr-mulohazalarini bildirdi.
14.11.2021