Joriy yilning 12 noyabr kuni Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashining sakkizinchi sammiti boʼlib oʼtdi. Unda Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish hozirgi kunning eng dolzarb masalalaridan biri ekanligini taʼkidlab, Kengashga aʼzo mamlakatlarda mavjud boʼlgan ixtisoslashgan tashkilotlar negizida «Injiniring va texnologiyalar markazlari»ni tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Shu bilan birga, mazkur tashabbus doirasida 2022 yil Oʼzbekistonda «Turkiy davlatlar sanoat haftaligi»ni oʼtkazish taklif etildi.
Taʼkidlash kerakki, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar bilan sanoat kooperatsiyasini kengaytirish Oʼzbekiston iqtisodiyoti uchun bir qator yangi imkoniyatlar yaratadi.
Birinchidan, tashkilotga aʼzo mamlakatlarda mavjud texnologiyalardan hamkorlikda foydalanish va oʼzaro bilim hamda tajriba almashish imkoniyatlari kengayadi. Bu oʼrinda kooperatsion aloqalarni chuqurlashtirish ilmiy texnika va tajriba konstruktorlik ishlanmalaridan yanada samarali tarzda foydalanish uchun sharoit yaratadi.
Ikkinchidan, milliy iqtisodiyotda raqobatbardoshlik darajasi ortadi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish borasida davlatlararo hamkorlik aloqalarini kengaytirish, miqyos samarasidan toʼlaqonli foydalanish va iqtisodiyotga zamonaviy texnologiyalarni keng jalb qilish hisobiga milliy mahsulotlarning jahon bozoridagi raqobatbardoshligini oshiradi.
Uchinchidan, yangi ish oʼrinlari yaratiladi. Mazkur jihat har bir mamlakat iqtisodiyoti uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi. Chunki ishsizlik darajasining oʼsishi yalpi ichki mahsulot hajmining qisqarishiga va iqtisodiy taraqqiyotning sekinlashuviga sabab boʼladi.
Toʼrtinchidan, Kengashga aʼzo mamlakatlar iqtisodiyotida mavjud va foydalanilmayotgan imkoniyatlarni ishga solishga zamin yaratiladi. Taʼkidlash zarurki, Oʼzbekiston yengil sanoat, turizm, qishloq xoʼjaligi mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda ulkan imkoniyatlarga ega. Bu yoʼnalishlarda Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga aʼzo mamlakatlar bilan kooperatsion aloqalarni kengaytirish esa iqtisodiy taraqqiyotimizga ijobiy taʼsir koʼrsatadi.
Beshinchidan, eksport hajmi ortadi. Xususan, kooperatsion aloqalarning rivojlanishi davlatlar oʼrtasidagi savdo aloqalarining jadallashuviga sabab boʼladi.
Bu oʼrinda, hamkorlikda injiniring va texnologiyalar markazlarini tashkil etish texnologik taraqqiyotni jadallashtirish, innovatsion va hozirgi zamon talablariga javob beradigan ishlanmalarni yaratish mazkur yoʼnalishlardagi imkoniyatlarni birlashtirish nuqtai nazaridan dolzarb ahamiyat kasb etadi. Mamlakatimizda Turkiy davlatlar sanoat haftaligini oʼtkazish esa ushbu tashabbuslarni amalga oshirish uchun muhim qadam hisoblanadi.
Аzimbek Najimov
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar Instituti yetakchi ilmiy xodimi
Oldingisi
Shavkat Mirziyoyev Turkiy Kengash sammitida yoshlarga oid muhim tashabbusni ilgari surdi
Joriy yilning 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bir qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.
13.11.2021Keyingisi
O‘zbekiston Respublikasi Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratmoqda
Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammiti doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ishtirokchi davlatlar doirasida savdo hamkorligi bo‘yicha tadqiqot markazini tashkil etishni taklif qildi.
14.11.2021