Shavkat Mirziyoyev Turkiy Kengash sammitida yoshlarga oid muhim tashabbusni ilgari surdi

Joriy yilning 12 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi sammitida ishtirok etdi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida bir qator dolzarb tashabbuslarni ilgari surdi.

Xususan, sammitda Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning kreativ g‘oya va loyihalarini rag‘batlantirish, milliy qadriyatlarimizga yot bo‘lgan ta’sirlardan asrab-avaylash kun tartibidagi asosiy vazifalardan ekani alohida ta’kidlandi.

Bu borada mazkur tashkilotga a’zo davlatlarning sa’y-harakatlarini birlashtirish va o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Prezidenti 2022 yilni Turkiy dunyoda “Yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilish hamda ushbu masalani Kengashning navbatdagi sammiti kun tartibining asosiy mavzusi etib belgilash taklifini bildirdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tashabbus o‘z ichiga aniq chora-tadbirlardan iborat qo‘shma Dasturni ishlab chiqish va amalga oshirish, qardosh mamlakatlar yoshlarining turli sohalardagi hamkorligini kuchaytirish vazifalarini qamrab oladi. Shubhasiz, bugun yoshlarning xalqlar hayoti va taraqqiyotidagi, davlatlarning o‘zaro munosabatlari rivojidagi o‘rni tobora ortib bormoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda dunyo aholisining (7,9 mlrd.) deyarli 23 foizi ya’ni 1,8 milliarddan ortig‘ini yosh avlod vakillari tashkil etadi.

Turkiy kengashga a’zo mamlakatlar jami aholisining deyarli 25 foizi 14-25 yoshdagi fuqarolardan iborat. Ayrim mutaxassislarning fikricha, globallashuv jarayonlari natijasida yoshlar tobora ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlarning faol qatlamiga aylanmoqda. Bu esa yoshlarga oid siyosat dunyoning deyarli barcha mamlakatlarida davlat siyosatining ajralmas qismi va ustuvor yo‘nalishi bo‘lishi kerakligidan dalolat bermoqda.

O‘zbekistonda yoshlar masalasi davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratish borasida mustahkam huquqiy asos mavjud.

Parlament tomonidan yoshlarga oid 40 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan, 30 dan ortiq xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan.

Mamlakatimizda yosh avlodda davr rivojlanishi bilan uyg‘unlashgan zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni hamda kreativ fikrlovchi va raqobatbardosh yoshlar qatlamini shakllantirish yo‘nalishida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, so‘nggi yillarda yoshlarning ta’lim olish sohasida qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 20 fevraldagi «Prezident maktablarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PQ-4199-qarori asosida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash uchun iqtidorli bolalarni aniqlash va o‘qitishni ta’minlashga qaratilgan Prezident maktablari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yo‘nalishiga oid fanlarni chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi hamda Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ibrohim Yusupov, Hamid Olimjon va Zulfiya ijod maktablari faoliyat ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, xorijdagi vatandoshlar, ayniqsa, katta ilmiy salohiyatga ega bo‘lgan olimlar, mutaxassislar va iste’dodli yoshlar bilan o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, jahon mehnat bozorida raqobatbardosh va yuqori malakali kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirishni qo‘llab-quvvatlovchi “El-yurt umidi” jamg‘armasi tashkil etildi.

Bundan tashqari, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirish, ularni tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, yosh tadbirkorlarning istiqbolli g‘oyalari va loyihalarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, shu asosda yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bu boradagi ishlar samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim hujjat bo‘ldi. Mazkur farmon asosida yoshlarning biznes tashabbuslari, startaplari, g‘oyalari va loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan «Yoshlar – kelajagimiz» jamg‘armasi tashkil etildi.

Prezident tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbusning hayotga tatbiq etilishini ham ta’kidlash joiz. Unda asosan, yoshlarga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirish, ularni madaniyat, san’at, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, yurtimiz yoshlari o‘rtasida kitobxonlikni targ‘ib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga alohida urg‘u berilgan.

Yoshlarning qonun ijodkorligi va parlament nazoratini amalga oshirish jarayonidagi ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi huzurida Yoshlar parlamenti faoliyat yuritayotganligi ham ahamiyatlidir.

Ijtimoiy-siyosiy va akademik hamjamiyat tomonidan “Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi”, “Yoshlar 2020: global miqyosdagi birdamlik, barqaror taraqqiyot va inson huquqlari” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro tadbirlar ham O‘zbekistonning yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida qarayotganidan dalolatdir.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida amalga oshirilayotgan muhim islohotlarni Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida keng targ‘ib qilish, o‘zaro tajriba almashish orqali mazkur tashkilotga a’zo davlatlar yoshlari o‘rtasida hamkorlik yanada rivojlantirishga katta hissa qo‘shishi shubhasiz.

Zero, kelajak poydevori bo‘lgan yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash zamonaviy jamiyatlar oldidagi dolzarb vazifadir.

 

Abror Yusupov,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi SMTI eksperti