O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammiti davomida turkiy tilli xalqlarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi va nihoyatda boy yozma merosini birgalikda chuqur o‘rganish maqsadida “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazi”ni tashkil etish taklifini ilgari surdi.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekistonda ham mushtarak tariximiz va madaniyatimizga oid 200 mingga yaqin noyob qo‘lyozmalar mavjud.
Ushbu tadqiqot markazi mavjud nodir asarlarni birgalikda o‘rganish, ularni tarjima qilish, yagona elektron bazasini yaratish, bu sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish orqali kelgusi avlodlarga yetkazish hamda jahon miqyosida targ‘ib etishga muhim hissa qo‘shadi.
Prezidentimizning nutqida Turkiy kengashga a’zo davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish masalasiga alohida e’tibor berilganligiga quyidagi muhim omillar sabab bo‘ldi deb hisoblaymiz.
Birinchidan, O‘zbekiston bugungi kunda uchinchi Renessans –Uyg‘onish davri ostonasida turibdi. Yuqorida keltrilgan taklif Prezidentimizning so‘nggi besh yilda hayotimizning birgina yo‘nalishi, ya’ni ma’rifat va ilm-fanni rivojlantirish yo‘lida olib borayotgan siyosatining uzviy davomi sifatida ko‘rish mumkin. Uchinchi Renessans mustahkam poydevorini yaratish uchun, avvalo, ajdodlarimiz koldirgan bebaho tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish nihoyatda zarur;
Ikkinchidan, ushbu Markaz dunyodagi barcha qardosh turkiy xalqlarining jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan bebaho hissasi haqida har tomonlama fikr almashish uchun maydon bo‘lib xizmat qiladi. Shuning bilan bir qatorda ilmiy izlanishlar olib borish va bugungi davrdagi dolzarb masalalar borasida samarali yechimlarini xamkorlikda ishlab chiqish, tajriba almashishga imkon beradi;
Uchinchidan, qardosh xalqlarning ko‘p asrlik milliy va diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va yoshlarmizni komil inson etib tarbiyalash jamiyatda barqaror ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Kelajakda turkiy dunyo birligini ta’minlashga hamda xalqlarimizning umumiy farovonligi va ravnaqiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, turkiy xalqlarda buyuk ajdodlarga nisbatan hurmat-ehtirom, ularning boy ilmiy merosini o‘rganishga qiziqish hamisha yuqori bo‘lgan. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning ushbu dolzarb tashabbusi tashkilot faoliyatida tarixiy, madaniy va ilmiy yo‘nalishlarda o‘zaro munosabatlarni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqib, mavjud juda katta imkoniyat va salohiyatdan to‘liq va unumli foydalanish uchun mustahkam zamin yaratishiga ishonchimiz komil.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti yetakchi ilmiy xodimi
Allaberganov Qahramon
Keyingisi
SMTI eksperti: O‘zbekiston Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlarning muvofiqlashtirilgan transport siyosati va o‘zaro bog‘liq logistika infratuzilmasini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydi
Joriy yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitidagi nutqida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratdi...
13.11.2021