Joriy yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiy davlatlar tashkilotining 8-sammitidagi nutqida transport va tranzit sohasidagi hamkorlikni tizimli asosda yo‘lga qo‘yish zarurligiga e’tibor qaratdi, deb ta’kidladi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) bo‘lim boshlig‘i Alisher Qodirov.
- Jumladan, hamkorlikning ushbu yo‘nalishlaridagi mavjud salohiyatdan to‘laqonli foydalanish maqsadida davlatimiz rahbari «Turkiy davlatlar tashkilotining transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi»ni ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi, - dedi ekspert. Bunday dasturga ehtiyoj so‘nggi paytlarda O‘zbekiston va boshqa turkiy mamlakatlarda transport infratuzilmasini rivojlantirish, transport yo‘nalishlarini diversifikatsiya qilish, tranzit bilan bog‘liq jarayonlarni soddalashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirilgani bilan bog‘liq. Biroq turkiy davlatlar transport tizimining integratsiyalashuv jarayoni to‘liq yakunlangani yo‘q.
Shu munosabat bilan O‘zbekiston rahbari tomonidan taklif etilgan transport sohasidagi o‘zaro bog‘liqlik dasturi tegishli infratuzilmani yaratishda tashkilotga a’zo mamlakatlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirishga qaratilgan.
Avvalo, bu turkiy davlatlar hududidan o‘tuvchi transport yo‘laklarini tizimlashtirish, ularning hududida transport harakatini ko‘paytirishga ko‘maklashish, transport yo‘laklarining jozibadorligini oshirish, mamlakatlar transport infratuzilmasining ilg‘or rivojlanishini rag‘batlantirish ishlarini amalga oshirishdir.
Turkiy davlatlar transport kommunikatsiyalaridagi ayrim «bo‘shliq»larni bartaraf etish ham muhim ahamiyatga ega.
Ba’zi to‘siqlar va «uziq» yo‘nalishlar saqlanib qolayotgan avtomobil va temir yo‘llar, dengiz va havo yo‘llaridan tashkil topgan eng muhim transkontinental xalqaro transport yo‘laklari «turkiy makon» hududidan o‘tadi.
Shuni inobatga olish kerakki, Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa transkontinental yo‘nalishlar turkiy davlatlar orqali o‘tadi, shuning uchun ularning birlashuvi va integratsiyalashuvi nafaqat tranzit yuk tashish hajmining oshishiga olib keladi, balki Yevroosiyo qit’asining barcha mamlakatlarining rivojlanishiga faol hissa qo‘shadi.
Shu nuqtai nazardan, ko‘plab davlatlar va mintaqaviy iqtisodiy bloklar «Sharq-G‘arb» va «Shimol-Janub» yo‘nalishlardagi xalqaro transchegaraviy transport yo‘laklari, shuningdek Xitoyning «Makon va yo‘l» tashabbusi doirasida o‘zaro hamkorlik qilish uchun Turkiy davlatlar tashkiloti bilan hamkorlikka qiziqish bildirmoqda.
Shu bilan bir qatorda, ushbu hamkorlikning istiqbollari va mazmuni ko‘p jihatdan milliy chegaralarni transport vositalari orqali kesib o‘tish jarayonini murakkablashtiruvchi turli xil to‘siqlarning mavjudligi bilan belgilanadi. Turkiy tashkilotlar o‘rtasidagi chegaralarda bojxona va chegara tartiblarini soddalashtirish biznes xarajatlarini kamaytiradi, xalqaro savdo va tranzit tashish hajmini oshiradi. Transport infratuzilmasining takomillashuvi xorijdan investitsiyalarning sezilarli kirib kelishiga sabab bo‘ladi.
Bu do‘stona aloqalarning yanada kengayishida muhim ahamiyat kasb etadi, shuningdek turkiy davlatlar o‘rtasidagi muvaffaqiyatli hamkorlikning samarali mexanizmi uchun qo‘shimcha turtki bo‘lib xizmat qiladi. Ularning geostrategik ahamiyati oshadi, transport yo‘nalishlari diversifikatsiya qilinadi. Buning natijasida turkiy mamlakatlar global ta’minot zanjirlarida yanada chuqurroq integratsiyalashish va tovarlar xalqaro tranzitida faol ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi.
Eng muhimi – transport o‘zaro bog‘liqligi tovar ayirboshlashni yengillashtiradi. Transport aloqalari rivojlanishining tabiiy natijasi sifatida turkiy davlatlar o‘rtasidagi kooperatsion hamkorligini mustahkamlanishiga olib keladi.
Oldingisi
Turkiy tilli davlatlarning tarixiy, ilmiy va madaniy merosini o‘rganish tadqiqot markazi – qardosh xalqlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy kengash sammiti davomida turkiy tilli xalqlarning dunyo sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasi va nihoyatda boy yozma merosini birgalikda chuqur o‘rganish maqsadida “Turkiy tilli davlatlarning tarixiy...
13.11.2021Keyingisi
Oʼzbekiston Prezidenti turizm va madaniy merosni asrab-avaylash sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashni taklif etdi
Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlari kengashining Istanbuldagi sammitida soʼzga chiqib, hamkorlikni yanada rivojlantirish boʼyicha qator tashabbuslarni taqdim etdi. Bunda davlatimiz rahbari turizm sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash va madaniy merosni asrab-avaylashga alohida eʼtibor qaratdi.
13.11.2021