Joriy yilning 21-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari S.Umurzakov videokonferentsiya shaklida Xitoy Xalq Respublikasining (XXR) O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Szyan Yan bilan muzokaralar o‘tkazdi. Suhbat chog‘ida pandemiyaga qarshi kurashda ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikka oid masalalar, shuningdek, investitsiyalar, savdo va transport sohasidagi joriy va kelgusidagi hamkorlikning bir qator jihatlari muhokama qilindi.
XXR hukumatiga ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami hamda O‘zbekiston shifokorlariga epidemiyaning tarqalishiga qarshi kurashishda va «COVID-19» koronavirus infektsiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda ko‘maklashish maqsadida bir guruh xitoylik shifokorlarni O‘zbekistonga yuborish to‘g‘risidagi qarori uchun minnatdorchilik bildirildi.
Shuningdek, epidemiologik vaziyatga qaramay, investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga kelgan xitoylik mutaxassislarning bebaho hissasi ta’kidlandi.
Suhbat chog‘ida tomonlar umumiy maqsadlarga erishish uchun O‘zbekiston va XXR o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha birgalikdagi ishlarni davom ettirish istagini bildirdilar.
Xitoylik investor va tadbirkorlarning O‘zbekistonda neft-gaz, kimyo, qurilish, farmatsevtika va yengil sanoat sohalarida loyihalarni amalga oshirishga katta qiziqishi, shuningdek, Davlat taraqqiyot banki, XXR Eksimbanki va Ipak yo‘li jamg‘armasi bilan hamkorlik rivojlanishining yuqori sur’atlari ta’kidlandi.
Ushbu yo‘nalishda, yaqin kelajakda O‘zbekiston va Xitoy viloyatlarining birinchi forumini o‘tkazishga tayyorlik bildirildi. Forumning maqsadi - O‘zbekiston Respublikasi viloyatlari va XXR provintsiyalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni o‘rnatish, shuningdek, O‘zbekiston va Xitoy tabdirkorlari o‘rtasidagi ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashdan iboratdir.
Savdo aylanmasining hozirgi ijobiy dinamikasini saqlashda, jumladan, pandemiyaning savdo bitimlarini amalga oshirishga ko‘rsatayotgan salbiy ta’sirini kamaytirishdan har ikki tomon manfaatdor ekanligi ta’kidlandi. Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va XXR Hukumati o‘rtasida tovarlarning bojxona qiymatini aniqlash va nazorat qilish uchun zarur bo‘lgan axborot bilan almashish to‘g‘risidagi bitim loyihasini va unga taaluqli bo‘lgan Axborot hamkorligining Texnik shartlarini ko‘rib chiqish dolzarb masala hisoblanadi. Tomonlar har ikki mamlakatning tegishli idoralarini jalb qilgan holda ushbu yo‘nalishdagi hamkorlikni faollashtirishga kelishib oldilar.
Transport sohasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilindi - shu nuqtai nazardan, joriy yilning iyun oyida “Xitoy - Qirg‘iziston - O‘zbekiston - Turkmaniston” blok-poyezdi muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilganligi qayd etildi. Ushbu yo‘lak bo‘ylab multimodal yuk tashish hajmini oshirish uchun qo‘shimcha qulay shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. Shuningdek, tashqi savdo yuklarini, jumladan, yangi uzilgan meva-sabzavot va boshqa mahsulotlarni konsolidatsiya qilish, saqlash, qayta ishlash va tarqatish bo‘yicha qo‘shma korxonalarni tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi va ko‘rib chiqish uchun qabul qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida hamkorlikda amalga oshiriladigan vazifalarni aniqlab oldilar.
Oldingisi
Yaponiyaning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili bilan muzokaralar
2020-yil 21-iyul kuni O‘zbekiston Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiyaning Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Katsuhito Takahashi bilan muzokaralar o‘tkazdi.
22.07.2020Keyingisi
T.Narbayeva odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro anjumanda ishtirok etdi
YEXHT Odam savdosiga qarshi kurash bo‘yicha maxsus vakil va muvofiqlashtiruvchi idorasi tomonidan “Jazosizlikning oldini olish: Odam savdosiga qarshi samarali sud jarayoni orqali adolatni tiklash” mavzusida videokonferentsaloqa tarzida 20-xalqaro anjuman bo'lib o'tdi.
22.07.2020