Oʻzbekiston va Afgʻoniston hukumati vakillarining navbatdagi uchrashuvi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi hukumat delegatsiyalari oʻrtasida videokonferensiya shaklida muzokaralar oʻtkazildi. Muloqot davomida har ikki tomon hamkorlikni kengaytirish va mintaqada barqaror iqtisodiy va infratuzilmaviy rivojlanishni taʼminlashdan manfaatdorligini tasdiqladi.

Kun tartibiga muvofiq, muloqot davomida savdo, energetika, transport kommunikatsiyalari va logistika sohalarida hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari, shuningdek, mintaqaviy ahamiyatga molik qator muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama etildi.

Delegatsiyalarga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – investitsiya va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Afgʻoniston Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Muhammad Xanif Atmar va Afgʻoniston prezidenti maʼmuriyati rahbari Muhammad Shokir boshchilik qildilar. Muzokaralarda ikki mamlakat tashqi ishlar, transport, energetika vazirliklari, shuningdek, boshqa tegishli idora va kompaniyalari rahbarlari ham ishtirok etdi.

Muzokaralar chogʻida ikki mamlakat rahbarlari saʼy-harakati tufayli oʻtgan 3 yil davomida oʻzaro munosabatlarda yuqori darajaga erishilgani taʼkidlandi, shuningdek, tomonlar keng koʻlamli hamkorlik doirasida erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirishga sodiqligi bildirildi.

Energetika sohasidagi hamkorlikni yana-da faollashtirish zarurligi eʼtirof etildi. Oʻzbekistondan Afgʻonistonga elektr energiyasi yetkazib berishni tashkil etish va shu maqsadda tegishli infratuzilmani rivojlantirish boʻyicha hamkorlikni davom ettirish, jumladan, “Surxon – Puli – Xumri” uzatish liniyasi qurilishi loyihasini tezkor ravishda amalga oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, tomonlar “Markaziy Osiyo – Janubiy Osiyo” yoʻnalishida ham, “Afgʻoniston – Xitoy, MDH mamlakatlari va Yevropa” yoʻnalishida ham transport yoʻlaklarini kengaytirish va ikki mamlakat tranzit salohiyatidan unumli foydalanish orqali mintaqadagi transport kommunikatsiyalari infratuzilmasini takomillashtirish hamda Oʻzbekiston va Afgʻonistonning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash muhimligini taʼkidladilar.

Uchrashuvda savdo aloqalarini yana-da mustahkamlash yoʻllari yuzasidan fikr almashildi. Xususan, oʻzaro savdo hajmining oʻsish surʼatiga ijobiy baho berildi – 2020-yilning birinchi yarmida pandemiya oqibatlarining xalqaro savdo muhitiga salbiy taʼsiriga qaramay, ikki tomonlama savdo hajmi oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 24 foiz oshgan.

Savdo aloqalarini yana-da kuchaytirish maqsadida tegishli institutsional va huquqiy asoslar ishlab chiqish, oʻzaro savdoni ragʻbatlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrish, jumladan, chegara oldi savdo salohiyatidan toʻliq foydalanish va imtiyozli savdo Bitimini tuzish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Muzokaralar yakunida yaqin kelajakda savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amalga oshiriladigan qoʻshma chora-tadbirlar kelishib olindi. Savdo, energetika va transport sohasini rivojlantirish boʻyicha oʻzaro hamkorlikni yana-da kuchaytirish va aniq loyihalarni amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilandi.

Tomonlar fikricha, ikki tomonlama munosabatlarda erishilgan yutuqlar va hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha ishlab chiqilgan takliflar Markaziy Osiyo mintaqasida barqarorlik, taraqqiyot va iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirish hamda Afgʻonistonni ushbu jarayonga faol jalb etishga xizmat qiladi.

Manba