SMTIda Germaniya xalqaro munosabatlar institutining Sharqiy Yevropa va Yevroosiyo bo'yicha yetakchi mutaxassisi (SWAG) Sebastian Shik va Rim geosiyosiy tadqiqotlar instituti (IsAG) Yevroosiyo dasturi tadqiqotchisi Fabrissi Vielmini ishtirokida, O'zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligining istiqbollari bo`yicha davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbir davomida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar natijalari tahlil qilinib, Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi. Shuningdek, O'zbekistonning Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Sebastyan Shik fikricha, so'nggi yillardagi O'zbekistonning asosiy yutuqlaridan biri iqtisodiy va moliyaviy liberallashtirish jarayonlarining olib borilganligidir. Uning ta`kidlashicha, ushbu islohotlar mamlakat ishbilarmonlik muhitini va investitsion jozibadorligini oshiradi, iqtisodiyotni rag'batlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishga yordam beradi. Ekspert O’zbekiston amalga oshirayotgan yangi siyosat natijasida Markaziy Osiyoda ro`y berayotgan ijobiy o`zgarishlar mintaqani barqarorlogini kuchaytirmoqda va Germaniyaning Markaziy Osiyodagi siyosatini faollashtirishga hissa qo'shmoqda deb baholaydi.
O'z navbatida Fabrissi Vielmini, uzoq vaqt mintaqaviy jarayonlardan chetlangan O'zbekiston bugungi kunda yangi uslubda ish olib borayotganini ta'kidladi. Mintaqaning yuragi bo'lgan Toshkent Markaziy Osiyoda o`zining barqarorlashtiruvchi tabiiy rolini qayta tiklayapti. O'zbekistonning joriy siyosati Toshkentning Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarini faol rivojlanishiga imkon beradi. Buning uchun mamlakatda amalga oshirilayotgan ichki islohotlar natijalari, davlat boshqaruvi tizimini mustahkamlash, qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatining roli yanada kuchaytirish o`ta muhim. Islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi Yevropa Ittifoqi va O'zbekiston Respublikasi o'rtasidagi hamkorlikning yangi yo'nalishlarini ochadi.
Ekspertning so'zlariga ko'ra, O'zbekistondagi o`zgarishlar davri Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo bo'yicha strategiyasini yangilash jarayoniga to'g'ri keldi.
Yangi hujjatni ishlab chiqishda O'zbekistonda so`nggi voqeliklar e'tiborga olinib, Bryussel Toshkentga nisbatan bo`lgan o’z yondashuvlariga o'zgartirishlar kiritmoqda.
O'zbekistonning rivojlanish strategiyasi keng ko'lamli iqtisodiy islohotlarni nazarda tutadi va bu yangi texnologiyalar, xalqaro standartlar, davlat boshqaruv tizimi va boshqa sohalar bo'yicha tajriba almashish uchun yagona platformani yaratishni talab qiladi. "Yevropa Ittifoqi global nou-xau manbaidir va tabiiyki, yangi strategiya Bryusselga O'zbekistonni modernizatsiya qilishda asosiy sherik bo'lishga imkon berishi kerak", deydi u.
F. Vielmini Toshkentning Afg'onistonga nisbatan siyosatining muhimligini yuqori baholadi. Bu esa, Yevropa Ittifoqining O'zbekiston va umuman mintaqa bilan hamkorlikni kengaytirish uchun qo'shimcha imkoniyatlarni ochib beradi.