SMTIda Rossiyaning Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi direktori bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Joriy yil 29 oktyabrda SMTIda parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiyaning Yevropa-Osiyo tadqiqotlari markazi direktori Andrey Gennadiyevich Rusakov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bo’lib o’tgan ochiq muloqot davomida xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan atroflicha fikr almashildi, shuningdek, O‘zbekiston-Rossiya ikki tomonlama hamkorligining kelgusi istiqbollari muhokama qilindi.

Ekspert O‘zbekistondagi saylov jarayonlariga tayyorgarlik darajasini yuqori baholadi. Uning shaffofligi, xalqaro standartlarga mosligi alohida qayd etildi.

Andrey Rusakov mintaqaviy hamkorlik masalalarini muhokama qilar ekan, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda mutlaqo yangi muhit yaratishga, savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga, transchegaraviy masalalarni hamda ekologik muammolarni hal etishga qaratilgan siyosatini alohida e'tirof etdi.

Unga ko‘ra, "O‘zbekiston Prezidenti "qo‘shnilar bilan hech qanday muammo bo’lishi mumkin emas" degan maqsadni o’z oldiga qo’ygan yagona shaxs. Ekspert fikricha, Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan siyosati natijasida mintaqada yangi siyosiy voqelik vujudga keldi, bu esa o'z navbatida Markaziy Osiyo davlatlarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga hamda muhim muammolarni hal qilishga imkon berdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ikki mamlakat tahliliy tuzilmalari o‘rtasidagi ilmiy-tadqiqot aloqalarni yanada kengaytirishga tayyorligi bildirildi.